Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronning hujumini qaytarish Isroilga qanchaga tushdi?

Eronning hujumini qaytarish Isroilga qanchaga tushdi?

Foto: EADaily

Eronning raketa va dronlar hujumini qaytarish Isroilga 1 milliard dollardan ko‘proqqa tushdi. Bu haqda Financial Times isroillik sobiq harbiyga asoslanib xabar berdi.

«Isroilning o‘sha kungi mudofaa xarajatlari qo‘llanilgan vositalar qiymatidan kelib chiqarildi», — deyiladi xabarda.

Shuning barobarida, bu xarajatlarga AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya samolyotlar jo‘natishga sarflagan mablag‘lar qo‘shilmagan.

Avvalroq Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi (SAXAL)ning moliya maslahatchisi, zaxiradagi brigada generali Ram Aminax Eronning yuzlab raketalari va dronlarini qaytarish Isroilga bir kechada 1,3 mlrd dollarga tushishi mumkinligini aytgandi. U qo‘shimcha qilishicha, bu Eron hujumga sarflagandan ancha ko‘p.

Ma’lumot uchun: 1-aprel kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning Damashqdagi konsulxonasiga raketa zarbasi bergandi. Qurbonlar orasida Eron islom inqilobi posbonlari korpusining ikki generali — Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Xodi Hojilar bo‘lgan.

Bunga javoban 13-apreldan 14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga 200 dan ziyod raketalar va uchuvchisiz qurilmalardan iborat katta hujum uyushtirdi.

Eron davlat telekanali Press TV 15-aprelda bergan xabarda Isroilga yo‘naltirilgan barcha gipertovushli raketalar isroilliklarning havo hujumiga qarshi himoyasini yorib o‘tib, belgilangan nishonlarga yetib borgani aytiladi. Shundan sal avval telekanal Eron Isroiga qarata kamida yettita shunday raketani uchirgani haqida xabar bergandi.

O‘z navbatida, AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) matbuot xizmati bayonot berib, amerikalik harbiylar AQSh QK Yevropadagi bo‘linmalarining kemalari qo‘llab-quvvatlovi ostida Eron va Yaman tomonidan Isroilga uyushtirilgan keng ko‘lamli havo hujumini qaytarib, 80 dan ortiq dronlar va kamida 6 ta ballistik raketa urib tushirilganini ma’lum qilgan. Qolaversa, Yamanning husiylar nazoratidagi qismida uchirish qurilmasi va 7 ta uchuvchisiz qurilma yo‘q qilingani aytiladi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu 15-aprel kungi bayonotida Isroil zarbaga javob berishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, yahudiy davlati hissiyotlarni jilovlagan holda «donolik» bilan ish tutadi.

O‘sha kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon ham bayonot berib, agarda Isroil o‘z hududiga berilgan zarbalarga javob qaytarsa, buning javobi yanada qattiq bo‘lishidan AQShni ogohlantirdi.

Uning o‘rinbosari Ali Bagiriy 16-aprel kuni chiqish qilib, Tehron Isroilning javob zarbasiga javoban endi 12 kun kutmasdan, soniyalarda yanada kuchliroq zarbalar berishini aytdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring