Burkina-Fasoda hukumatning 41 jangchisi pistirmaga duch kelib halok bo‘ldi
Burkina-Faso hukumati tomonidan moliyalashtiriluvchi «Vatan himoyasi» (VDP) jangchilar otryadi mamlakat shimolidagi Lorum viloyatida pistirmaga duch keldi. Bu haqda «Anadolu» agentligi xabar berdi.
Hukumat matbuot kotibi Alkassum Maiganing ma’lum qilishicha, savdogarlarni qo‘riqlab ketayotgan jangchilarga noma’lum shaxslar pistirmadan hujum uyushtirishgan.
Hujum oqibatida otryadning 41 nafar jangchisi halok bo‘ldi.
Burkina-Faso prezidenti Rok Mark Kristian Kabore mamlakatda ikki kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning noyabr oyida Burkina-Fasoda sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida 58 nafar harbiyning halok bo‘lishi jamoatchilikning hukumatga qarshi qattiq g‘azabini uyg‘otgandi. O‘shanda namoyishga chiqqan xalq davlat rahbaridan iste’foga chiqishni talab qilgan, hukumatni terrorchilarga qarshi munosib kurasha olmayotganlikda ayblagandi.
Shu voqealar avjida 8 dekabr kuni prezident Kabore bosh vazir Kristof Jozef Mari Dabireni iste’foga chiqargandi.
Malida faoliyat yurituvchi, «Al-Qoida va «IShID» bilan aloqadorligi bor terrorchi guruhlar 2015-yildan beri qo‘shni Burkina-Fasoning shimoliy va sharqiy hududlariga bot-bot hujum uyushtirib turadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter