Qidiruvdagi shaxs DXX tomonidan O‘zbekistonga olib kelindi
Xalqaro terroristik tashkilotga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan, 1995 yilda tug‘ilgan S.S. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu xaqda O‘zA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs internet tarmog‘i orqali Suriya davlati hududidagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti a’zolarining ta’siriga tushib qoladi.
U o‘zining tanishlari bilan «Telegram» messenjerida virtual guruh tashkil etib, ekstremistik oqimlar va xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining «jihod»ga chorlovchi materiallarini unga joylab, o‘zaro muhokama qilishgan. Shuningdek, Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkilotiga qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketmoqchi bo‘lishgan.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning noqonuniy harakatlari fosh etilgan hamda 2018 yilning iyun oyida S.S. va uning jinoiy aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, S.S.ga nisbatan insonparvarlik prinsipini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Biroq, S.S o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida aylanma yo‘llar orqali davlat chegarasini kesib o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlarining biriga borgan vaqtida hibsga olingan.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter