Armaniston prezidentiga nisbatan jinoiy ish ochildi
Armaniston Bosh prokuraturasi prezident Armen Sarkisyanga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Unga prezident ikki davlat fuqaroligiga ega ekani haqidagi gaplar sabab bo‘lgan. Bu haqda Armaniston yuristlari ittifoqi raisi Ara Zograbyan o‘zining Facebookdagi sahifasida ma’lum qilgan.
«Eslatib o‘taman, 53 nafar advokat Armaniston prezidenti Armen Sarkisyanning ikki davlat fuqaroligi faktini yashirish bilan bog‘liq jinoyat yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Maxsus tergov xizmati taqdim etilgan bayonot asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan bosh tortgan. Bosh prokuratura Maxsus tergov xizmati qarorini rad etgan holda jinoyat kodeksining 1-qismi 325-moddasi («Hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki undan foydalanish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan», deb yozadi Ara Zograbyan.
Avvalroq, advokatlar Sarkisyan 2003-2012-yillarda Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lganligi to‘g‘risida Armaniston Maxsus tergov xizmati sudiga murojaat qilishgan edi. U 2018-yil 2-martda prezident etib saylangandi. Hujjatga ko‘ra, davlat rahbari nomzodi lavozimiga qo‘yilgan talab qondirilmagan.
Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, so‘nggi olti yil ichida faqat Armaniston fuqaroligiga ega bo‘lgan kishigina prezidentlikka nomzodini qo‘yishi kerak.
«Sarkisyan Buyuk Britaniya fuqaroligining amal qilishi 2012-yil 1-martgacha tugatilgan taqdirdagina prezident etib saylanishi mumkin edi», - deya ta’kidlagan advokatlar.
Eslatib o‘tamiz Sarkisyan 2018-yilgacha respublikaning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lib ishlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter