Armaniston prezidenti iste’foga chiqdi
Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan iste’foga chiqdi.
«Men uzoq o‘yladim va to‘rt yillik faol mehnatdan so‘ng Armaniston prezidenti lavozimidan iste’foga chiqish qaroriga keldim. Bu hech qanday hissiyotlar ta’siridagi emas, balki mantiqqa asoslangan qaror», — deyiladi prezident saytida joylangan murojaatda.
Sarkisyanning aytishicha, prezident «mamlakat va millat uchun hozirgi murakkab davrda ichki va tashqi siyosatdagi tub jarayonlarga ta’sir o‘tkaza oladigan zarur dastaklarga ega emas».
«Davlatimiz uchun milliy birdamlik zarur bo‘lgan bunday og‘ir davrda prezident instituti g‘iybat va fitna nazariyasiga aylanmasligi kerak. Aks holda biz — butun dunyo armanlari o‘z maqsadimizga erisha olmaymiz, o‘zimizning xatolar tufayli tarix chekkasida qolib ketamiz», — dedi u.
Armaniston prezidenti o‘z bayonotida jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlar ro‘y bergan o‘tgan asrning 90-yillari boshida arman xalqi o‘z mustaqil davlatini yaratish uchun eng keng imkoniyatlarga ega bo‘lganini ta’kidladi.
«Tarixiy imkoniyatdan ilhomlanib, men ham ko‘plab vatandoshlarim kabi o‘zimni ushbu missiyaga bag‘ishladim. Ba’zi sabablarga ko‘ra, turli bosqichlardagi ishtirokim o‘zgardi, lekin men milliy muvaffaqiyatimizga ishonishdan to‘xtamadim», — qo‘shimcha qildi Sarkisyan.
Armen Sarkisyan 2018-yil 9-aprelidan buyon Armaniston prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Ma’lumot uchun: Armanistonda prezident — nominal davlat rahbari hisoblanadi va parlament tomonidan 7 yil muddatga saylanadi. Bir shaxs bir muddatdan ziyod bu lavozimda faoliyat olib borishi mumkin emas.
Biroq Armanistonda hukumat dastagi (ijroiya hokimiyat) barcha parlament respublikalarida bo‘lgani kabi bosh vazir qo‘lida. Ichki va tashqi siyosatda bosh vazir (Armanistonda — Nikol Pashinyan)ning vakolatlari boshqa davlatlarning prezidentlarinikidan deyarli tafovut qilmaydi.
Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 2022-yil fevral oyining o‘rtalarida o‘tkazilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter