Pashinyan Ozarbayjonga munosabatlarni «toza sahifadan boshlash»ni taklif qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjonga munosabatlarni «yangi, toza sahifadan boshlashni» taklif qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
«Biz nizoli masalalar bo‘yicha muhokamalarni bas qilish va ikki tomonlama munosabatlarni yangi va toza qog‘ozdan boshlashni taklif qilamiz», — dedi Pashinyan AQShga tashrifi davomida Atlantika kengashida so‘zlagan nutqida.
Yerevan va Boku tinchlik shartnomasi loyihasi bo‘yicha barcha tashvishli masalalarda kelishib oldi. Ikki davlat bir-birining hududiy yaxlitligini Sovet Armanistoni va Sovet Ozarbayjoni chegaralari asosida tan oldi va bu masalada o‘zaro e’tirozlar yo‘q, dedi Pashinyan.
Uning ta’kidlashicha, ayni chog‘da tinchlikka erishish har qachongidan muqarrar bo‘lib turibdi, tinchlik shartnomasini imzolash uchun siyosiy iroda bo‘lsa bas.
2025-yil yanvar oyi oxirida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham Bokuning Armanistonga hududiy da’volari yo‘qligini ta’kidlagandi. Shuning barobarida, Aliyev Yerevan Ozarbayjondan Armaniston hududi orqali Naxichevan Muxtor Respublikasiga to‘siqsiz o‘tishni ta’minlashi shartligini qo‘shimcha qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter