Shaharda hammasi «besh», qishloqda-chi?!
XXI asrda noan’anaviy bizneslar qatorida AKT salmoqli o‘rin egallayotgani sir emas. Ilg‘or innovatsion ishlanmalarning hayotga joriy etilishi ortidan ko‘plab davlatlar bu sohadan katta daromad orttirmoqda.
Zamonaviy bilim va ko‘nikmaga, ilg‘or innovatsion ishlanmaga ega bo‘lgan kichik bir kompaniya jamoasi o‘nlab gektar hududda joylashgan, minglab ishchi mehnat qiladigan zavod va fabrikadan ko‘ra yuqori daromad olayotgani sir emas. Dunyoning eng boy odamlari qatorida AT va kompyuter texnologiyalari biznesi vakillarining yetakchilik qilishidan ko‘p narsani ilg‘ash mumkin. O‘zbekistonda ham bu soha jadal rivojlanyapti. Davlat va hukumat tomonidan xorijiy investorlarga katta imtiyozlar berilgan. Sohaning huquqiy asoslari takomillashib, tadbirkorlarga madad bo‘ladigan imkoniyatlar yaratilmoqda. Lekin, bu sohada biznes yurituvchi barcha kompaniyalar va tadbirkorlar ham zimmasidagi majburiyatni to‘la bajarib, litsenziya talablariga rioya etyapti, deb ayta olmaymiz.
Boshqa hududlarni bilmadigu ammo Qashqadaryo viloyatida aloqa va axborotlashtirish sohasida bir qancha muammolar yig‘ilib qolgan. Avvalo, aholini sifatli aloqa xizmatlari bilan qamrab olish ishlarini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi.
Bugungi kunda viloyat hududida 5ta mobil aloqa operatori xizmat ko‘rsatmoqda. 2018 yilning 1 mart holatiga ko‘ra, viloyatda jami ishlab turgan baza stansiyalari 1493tani tashkil etadi. Mobil aloqa abonentlari soni esa 1700000ga yaqinlashdi.
Bir qaraganda, raqamlardan viloyatda mobil aloqa xizmatini ko‘rsatishda oldinga siljish bordek ko‘rinadi. Biroq, viloyat hududining kattaligi, aholining notekis joylashuvini hisobga olsak, ko‘z ilg‘amas muammolar yanada oydinlashadi.
Bugungi kunda mobil aloqa kompaniyalari tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi aholi maskanlarini mobil qamrov holati foiz hisobida quyidagicha:
- «Unitel» MChJ XK 2G — 60,1 foiz, 3G — 7,1 foiz, LTE — 0,1 foiz;
- «UMS» MChJ 2G — 65,9 foiz, 3G — 5,2 foiz;
- «Coscom» MChJ XK 2G — 49,3 foiz, 3G — 2,2 foiz;
- «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali 2G — 4,5 foiz, 3G — 2,0 foiz, LTE — 1,2 foiz, CDMA — 76,9 foiz;
- «RWC» MChJ XK CDMA — 50,5 foiz.
Viloyatda 1204ta aholi yashash maskani bo‘lib, shundan 1086tasi mobil aloqa signallari bilan (91,2 foiz) qamrab olingan.
Joriy yil fevral oyida o‘tkazilgan mobil aloqa o‘lchovlari shuni ko‘rsatdiki, hududdagi jami 118ta aholi yashash maskanida mobil aloqa qamrovi umuman yo‘q, viloyatdagi temir yo‘llar va magistral yo‘llar atrofi mobil aloqa signallari bilan to‘liq qamrab olinmagan.
Tabiiyki, bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizning iqtisodiy quvvati va soha rivoji uchun qaratilayotgan e’tiborga mutlaqo mos emas.
Mazkur masalalar, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lib, Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘linmasiga mobil aloqa qamrovini doimiy nazorat qilib borish, qamrov hududini kengaytirish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Inspeksiya boshlig‘ining topshirig‘iga asosan hududiy bo‘linma tomonidan 2017 yilning noyabr, 2018 yilning mart oylarida barcha mobil aloqa kompaniyalari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazilib, mavjud muammolarni bartaraf etish, aloqada uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, litsenziya talablariga rioya etmaganlik bo‘yicha ko‘zda tutilgan choralar yuzasidan ogohlantirildi.
2017 yilda "Unitel” MChJ XK rahbariga ma’muriy chora qo‘llanildi. 2018 yil 15 mart kuni “Coscom” MChJ XKga baza stansiyasining 20 soatdan oshiq o‘chib qolganligi bo‘yicha ko‘rsatma kiritildi.
2018 yil 19 yanvar kuni viloyatda faoliyat olib borayotgan barcha mobil va simli aloqa kompaniyalariga sifat ko‘rsatkichlarini doimiy nazorat qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborildi.
Mobil aloqa kompaniyalari tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2018 yilda mobil aloqa qamrovi umuman yo‘q aholi yashash maskanlarida “Unitel” XK tomonidan 48ta, “O‘zMobayl” filiali tomonidan 4ta baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan ko‘rinadiki, qolgan 66ta aholi yashash maskanlarida 2018 — Faol tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab quvvatlash yilida ham mobil aloqa signallari bo‘lmaydi!
Demak, bu hududlarda yashovchi aholi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalana olmaydi.
Buning sababi mobil aloqa kompaniyalari ko‘proq hududni qamrab, sifatli aloqa xizmatini ko‘rsatishga emas, shahar markazlarida xizmatlarni rivojlantirib, ko‘proq daromad olishga asosiy e’tibor qaratayotganida.
Bizningcha, aloqa operatorlari chekka hududlarga qadar kirib borib qamrov doirasini kengaytirsa, o‘z abonentlari sonini sezilarli darajada oshirish borobarida, qishloqlar infratuzilmasi rivojlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lar edi.
Bugun mavjud mobil aloqa bilan qamrab olinmagan 118ta aholi yashash manzilida ham tadbirkorlik jadal rivojlanyapti. Aholining turmush farovonligi oshmoqda.
Yana shuni unutmaslik kerakki, mobil aloqa kompaniyalari litsenziyalarida xizmat ko‘rsatish hududi sifatida O‘zbekiston Respublikasini ko‘rsatgan. Shunday ekan, mamlakatimizda yuritilayotgan siyosatning uzviy davomi sifatida qishloq va shahar o‘rtasida farq bo‘lmasligi kerak. Shaharda ham, qishloqda ham O‘zbekiston fuqarolari yashaydi va ular eng yaxshi xizmatga va hayotga munosib.
Dilmurod JAVLIYEV,
inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter