Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«2250 metr balandlikdagi qishloqda internet bor» – «Xabar.uz» Samarqand va Qashqadaryoda bo‘ldi

Xalq ta’limi vazirligi tizimiga aloqa sohasi mutaxassislari tomonidan umumta’lim maktablariga keng polosali internet yetkazish va telekommunikatsiya inftaruzilmasini yaratish bo‘yicha joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Holat bilan tanishish maqsadida «Xabar.uz» jurnalistlari respublikamizdagi ko‘plab tuman va shaharlarda bo‘ldi. Xususan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdik.

Samarqand — mamlakatimizdagi eng ko‘p aholiga ega viloyat hisoblanadi. Viloyatda 1267 ta maktab bo‘lib, 745 mingga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. Muxbirlarimiz viloyatning eng chekka tumanlaridan biri Qo‘shrabot tumanida bo‘ldi.

2021 yildan boshlab umumta’lim maktablaridagi mavjud kompyuter va boshqa orgtexnikalariga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bugunga qadar Samarqand viloyatida 252 ta maktabdagi kompyuter va boshqa orgtexnikalarini texnik qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borildi. 

Qo‘shrabot tumani XTB mudiri Xolmirza Xoliqulovning ta’kidlashicha, tumandagi 90 ta maktabda keng polosali internet o‘rnatib berilgan.

«XXI asr texnologiyalar zamoni. Bugun Qo‘shrabot tumanimizdagi 90 ta maktab internet liniyalari bilan ta’minlangan. «O‘zbeko‘quvavtomatika» MChJ yordamida tumanimizdagi maktablarning Wi-Fi bilan ta’minlanishi o‘qituvchilarga keng imkoniyatlar yaratmoqda», deydi Xolmirza Xoliqulov.

82-IDUM direktori o‘rinbosari Sherzod Mahmudov ham olib borilayotgan ishlar natijasida o‘qituvchilarga yaratib berilgan imkoniyatlar to‘g‘risida gapirdi. U shunday deydi: «Bugungi ta’limni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Wi-Fi tarmog‘ining ulanishi avvalo nimaga yordam berdi desangiz, hujjatbozlikni kamaytirdi degan bo‘lardim. Elektron hujjat yuritish tizimining kengayishi hujjatlar bilan ishlashni osonlashtirdi».

Umumta’lim maktablarida yuqoridagi imkoniyatlar yaratilishi hamda maktablarga keng polosali internet tarmog‘ining tortilishi, ichki lokal tarmoq hamda Wi-Fi qurilmalarini o‘rnatilishi hamda Yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘i infratuzilmasini yaratilishi Qashqadaryo viloyatining eng chekka hududlarida ham amalga oshmoqda.

«Xabar.uz» Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan olis G‘ilon qishlog‘ida bo‘ldi.

G‘ilon qishlog‘i tuman markazidan 85 km uzoqlikda, yer sadhidan 2250 metr balandlikda, tog‘lar qurshovida joylashgan. Bu qishloqqa maxsus mashinalardagina yetib olish mumkin. Olis qishloqda internet borligi tahsinga sazovor.

G‘ilon qishlog‘ida joylashgan 1-maktab direktori Ro‘ziqul Qurbonov shunday deydi: «Internet tushishi ishimizni osonlashtirdi. Tuman markazidan ancha uzoqda turamiz. Ammo bu ular bilan tengma-teng raqobat qila olmaydi, degani emas. Internet tushishi bizning hamma bilan barobar rivojlanishimizni ta’minlayapti».

«12 yildan beri dars beraman. Avvallar internetni qo‘yavering, oddiy aloqa uchun ham signal yo‘q edi. Darslarni ham qo‘yaverasiz. Bugun bolalar har xil dasturlash tillarini onlayn o‘rganmoqda», — deydi maktabning informatika fani o‘qituvchisi Javlon Qurbonov.

Hukumatimiz xoh chekka tuman, xoh shahar markazi bo‘lsin, teng sharoitlar yaratib berishga intilmoqda. Bugungi kunda umumta’lim maktablarida 9 026 tasi zamonaviy kompyuter texnikalari mavjud. Jumladan, oxirgi uch yilda xorijiy moliya institutlarining grant va investitsiya mablag‘lari hisobiga 4 698 ta kompyuter sinfi (70 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter) bilan jihozlandi.

Xalq ta’limi tizimining yanada raqamlashishi mamlakatimiz kelajagiga bevosita ta’sir qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring