Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inoyatovga ochiq xat: «Begunoh insonlarning uvoliga qolmang...»

Inoyatovga ochiq xat: «Begunoh insonlarning uvoliga qolmang...»

Foto: «5.ua»

Kattaqo‘rg‘ondagi fojia so‘nggi kunlarda yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko‘p muhokama qilinayotgani hech kimga sir emas. Darhaqiqat, yoshgina o‘qituvchining o‘limi jamoatchilikni larzaga keltirdi, yurakdagi so‘zlar maqolalarga aylandi. Xususan, bugun «Facebook»dagi «Maslahat.uz» guruhida Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovga ochiq xat e’lon qilindi. Muallifning roziligini olgan holda ushbu ochiq xatni juz’iy o‘zgartirishlar bilan e’tiboringizga havola etmoqdamiz.


Tabiatan juda ta’sirchanman. Ko‘nglim nozik. Atrofimda sodir bo‘layotgan har bir holat, jarayondan hamisha olam-olam taassurot, zavq olganman. Shu orqali turmush falsafasini anglab, hayotiy xulosalar chiqarganman. Bundan uch oy oldin ham shunday bo‘ldi. O‘zimga kelolmay, rosa ezilib yurdim. Qalbimning tubida allanechuk g‘alayon sodir bo‘lib, tuyg‘ularim asov otdek jilovini yo‘qotdi. Yuragim hapqirib, dilimga hazinlik oraladi. Hozir buni eslab, beixtiyor jizg‘anak bo‘layapman. Afsuski, bu jizg‘anaklik shu yilning 14 martida ro‘y bergan halokatga uyqashib, lovullagan dilimni qayg‘u o‘tida ikki hissa kuydirayotir.

Assalomu alaykum, hurmatli Ulug‘bek Ilyosovich! Sizga ushbu maktubni yo‘llar ekanman, ana shu fikrlar xayolimda charx urib, dilimdagilarni tilimga chiqardi.

Bilasiz, yosh avlod tarbiyasida o‘qituvchi, murabbiy va tarbiyachilarning o‘rni nihoyatda muhim. Shu bois qadimdan ularga alohida ehtirom ko‘rsatilib, e’zozlab kelingan. Biroq bugunga kelib, o‘z umrini yoshlar tarbiyasiga, kamolotiga baxshida etgan ziyolilarimizga bo‘lgan ehtirom anchayin susaydi. Bunga Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi 1-«Mehribonlik uyi» tarbiyachilarining muntazam ravishda xizmat vazifasidan tashqari, majburiy obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishini misol qilib keltirish mumkin. Ya’ni, bir necha oy oldin mazkur maskanga tekshiruvchilar kelishi munosabati bilan ular ko‘cha tozalash, daraxtlarni oqlash kabi yumushlarga safarbar qilinishi tufayli tarbiyalanuvchilar muassasadan tashqarida joylashgan maktabga o‘zlari borib kelishga majbur bo‘lishgan. Natijada yo‘l-transport hodisasi yuz berib, Alina ismli qizaloq bir umrlik majruhlikka yo‘liqqan. Taassufki, orzulari osmon, maqsadlari ulkan qizning umidlari bugun oyoqlari singari parokanda. Taqdiri chilparchin.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan, yuqoridagi holatning deyarli egizi, ammo «kulminatsion nuqta»si fojia bilan yakun topgan baxtsiz hodisa ham aynan pedagoglarning obodonlashtirish yumushlariga jalb qilinishi oqibatida yuzaga kelgani ko‘pchilikka ayon bo‘ldi. Ne ajabki, xulosaga oqni qora, qorani oq deyish bilan nuqta qo‘yildi.

Xo‘sh, aslida mehrga tashna, ko‘ngli kemtik, norasida Alinaning aybi nimada edi? Yosh boshi bilan yashil-qizilni tanimay, ilojsizlikdan katta yo‘lga o‘zi chiqishidami? Yoki ayb o‘zlarining «omon» qolishlarini o‘ylab, tarbiyachilarni majburiy mehnatga jalb qilgan, umuman olganda, «yuqori»ga yaxshi ko‘rinishga intilgan mas’uliyatsiz mahalliy davlat organlari vakillaridami?

O‘qituvchilik ortidan ro‘zg‘orimni butlayman, dasturxonim badastir bo‘ladi deb tumandagi 42-maktabda mehnat faoliyatini boshlagan Diananing aybi-chi, u sho‘rlikning aybi nimada? Rizq topaman deb shu kasbni ixtiyor etganidami? Fikrimcha, unday emas. Hamma ayb sizda. Nega shu paytga qadar har ikki holatga nisbatan muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yoki mahalliy davlat organlarining mutasaddilariga o‘z xodimlaringizning or-nomusi, qadr-qimmatini himoya qilib chiqmadingiz yoki siyosiy irodangiz bo‘shlik qilayaptimi? Nima uchun to‘g‘ri mehnat taqsimoti masalasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, «Mahalla» xayriya jamoat fondiga murojaat qilib, aholi, ayniqsa, doimiy mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarni yetarlicha haq evaziga ayni ishlarga yo‘naltirish taklifini kiritmadingiz, hanuzgacha bayovlik qilib, qo‘lingizni qo‘ltig‘ingizga urib, ulug‘ zotlarimizning burni-yu bag‘rini qonatib yuribsiz? Axir davlatimiz rahbarining o‘zi bugun inson manfaatlarini ta’minlashni davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlayapti-ku!

Hurmatli vazir janoblari!

Do‘ppingizni boshingizdan olib, insof bilan ayting-chi, bu yo‘lda prezidentga yelka tutib, aytish joiz bo‘lsa, kamarbasta bo‘lishingiz, ayniqsa, hozirgi sharoitda eskicha ish tutumidan voz kechib, rivojlangan davlatlarning dunyo tan olgan tajribasini amaliyotga joriy etishingiz kerak emasmi?

Tarixdan ma’lumki, qaysi amaldorning obro‘si chalpakdek yupqalashgan bo‘lsa, u albatta ziyolilarga panja orasidan, e’tiborsiz qaragan. Ularning ishonchidan mahrum bo‘lgan. Bu — har qanday rahbar uchun halokatdir.

Siz ilm ahlining majburiy mehnatga jalb etilayotganini ko‘rib-bilib turgan esangiz-da, nima uchundir jimsiz. Sizning ayni paytda sukut saqlab turishingiz, jamiyat hayotidagi voqealarga loqayd bo‘layotganingiz ertaga jamiyatning ijtimoiy portlashiga olib kelmaydimi?

Hech o‘ylab ko‘rdingizmi, ikki jabrdiydaning umr yo‘llarini turfa o‘zanga burib yuborgan bunday holatlarning bizga ma’lum bo‘lgani qancha-yu, oshkor bo‘lmagani qancha? O‘ylab qolaman. Aslida xalq ta’limi tizimidagi ustozlarimizning barchasi moddiy noqislik tufayli boriga qanoat qilib, zimmasiga ipsiz bog‘langan vazifani lom-lim demay ado etishmoqda. Binobarin, ma’rifat ahli uchun eng avvalo inson qadri emas, oila, ro‘zg‘or muhim. Shu ma’noda aytganda, joriy yilda tizimda ularni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy holatini yaxshilash bo‘yicha ham biron-bir yangilik amalga oshirildimi? Deyarli yo‘q. Nazarimda, vazirlik zaxirasidagi mablag‘ni bir xil qolipdagi samarasiz tadbirlardan ko‘ra shunday ezgu ishlarga yo‘naltirishning vaqti keldi.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Birinchi prezidentimiz Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» nomli kitobida shunday so‘zlar bor:

«Emishki, Amir Temur yarim jahonni zabt etib, olis o‘rmon qabilalariga borib yetibdi, xullas, ularni ham o‘ziga bo‘ysundiribdi. Qaysar va jangari, ozod va samimiy bu qabila boshlig‘i chorasizlik tufayli Temurga qurollarini topshirar ekan, quyidagi gaplarni aytibdi:

— Ey, amir! Sen bizni qurol kuchi bilan yenga olding. Biroq senga aytadigan shartlarimiz bor. Agar sen qassob bo‘lsang, bizni so‘yib tashla, agar sen savdogar bo‘lsang, sotib yubor, agar podsho bo‘lib kelgan bo‘lsang bizga baxt ato et!».

Bu rivoyatning sinfiy, tarixiy yo‘nalishi ayni chog‘da bizni qiziqtirayotgani yo‘q. Unda ajoyib bir hikmat barq urib turibdi. Ya’ni, elga peshvoman deb o‘rtaga chiqdingmi, uning ishonchini qozondingmi, bu ishonchni endi asl vijdon bilan, pokiza faoliyat bilan oqlamoq kerak bo‘ladi. Bu talabning, eskichasiga aytsa ham, yangichasiga aytsa ham baribir, mohiyati bir xil bo‘lib qolaveradi. Ya’ni, xalq vakili xalqning posboni, xalq rahbari bo‘lib, xalqning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lguvchi sirdoshiga aylanishi shart.

Darhaqiqat, bu fikrlar ancha oldin aytilgan esa-da, bugungi kun uchun ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Siz kabinetda o‘tirib ishlash tizimidan butunlay voz kechib, faoliyatingiz mezonini ana shu tamoyillar asosiga qurishingiz, ziyolilar dardiga quloq tutib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishingiz, noto‘g‘ri mehnat taqsimotiga nisbatan ham gorizontal, ham vertikal shaklda munosabat bildirishingiz kerak. Toki ma’rifatparvarlarimiz boshida tegirmon toshi aylanmasin, ular manfaatparastlarning qurboni bo‘lishmasin, o‘quvchilar sifatli bilim olsin, xalq adolatsizlikdan aziyat chekmasin, hayotidan mamnun bo‘lib yashasin!

Begunoh insonlarning uvoliga qolmang...

Muhammadjon Ahmadjonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring