«Dasturlarim suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni yechishga qaratilgan...» — Prezident stipendiyasi sovrindori Arman Nurniyazov bilan suhbat
Kuni kecha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali talabasi Arman Nurniyazov Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.
«Among youth» loyihasi doirasida u bilan matematika faniga qiziqishi, axborot texnologiyalari sohasini nega tanlagani, ilmiy ishlari va shu kabi boshqa mavzularda suhbatlashdik.
«Ota-onam bolalikdan oddiy arifmetik amallar yordamida misollar ishlashni o‘rgatgatishgan...»
Aniq fanlarga, ayniqsa matematika faniga bo‘lgan qiziqishim maktabga bormasimdan oldin paydo bo‘lgan. Chunki uyda ota-onam bolalikdan oddiy arifmetik amallar yordamida misollar ishlashni o‘rgatgatishgan. Natijada menda bu fanga bo‘lgan ishtiyoq o‘sha vaqtdan kuchayib bordi. Keyinchalik maktabda va akademik litseydagi ustozlarimning chuqur bilimlari meni matematika va fizika fanlariga bo‘lgan mehrimni yanada oshirgan. Ushbu qiziqishlar ortidan ko‘plab fan olimpiadalari va tanlovlarda ishtirok etdim va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman.
Xususan, 2018-yil oliy matematika va fizika fanlari olimpiadasi, 1005 nafar talaba ishtirok etgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi «Masofaviy matematika — 2020» respublika onlayn olimpiadalarida 1 o‘ringa sazovor bo‘ldim. Qolaversa, 2019 yil «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlanganman.
Aynan axborot texnologiyalari sohasini tanlashimga esa bir qancha sabablarni aytishim mumkin. Birinchidan hozirgi vaqtda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda ham mazkur soha mutaxassislariga bo‘lgan talab yuqori. Shu bilan birga o‘zimda bu sohaga oid masalalar uchun yechim topishga bo‘lgan qiziqishim aynan shu sohani tanlashimga asosiy sabablardan biri. Yuqorida ta’kidlab o‘tgan aniq fanlardan o‘zlashtirgan bilimlarim hozir axborot texnologiyalari sohasida ham juda foydali bo‘lmoqda.
«Suv resurslarini monitoring qilish va ularni to‘g‘ri boshqarishda yordam beradi...»
Siz yaratayotgan ixtiro albatta qandaydir muammo yechimiga qaratilgan bo‘lishi yoki kamida insonlarga qulaylik yaratishi lozim. Shu nuqtai nazardan men ham yaratayotgan har bir ixtirolarimga jiddiy ahamiyat qarataman. Masalan hozirgacha «Guruch yetishtirish fermer xo‘jaliklarini boshqarish tizimi» dasturiy majmuasi va «Yer osti suvlari monitoringi» dasturi uchun mualliflik guvohnomalarini qo‘lga kiritdim. Bu dasturlar yurtimizda suv resurslari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni yechishga qaratilgan. Ya’ni ular qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslarini monitoring qilish va ularni to‘g‘ri boshqarishda yordam beradi.
Biroq, asosan ustozlarim bilan birgalikda texnika yo‘nalishining «EHM, kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy ta’minoti» bo‘yicha ilmiy ishlar olib boramiz.
Hozirgi kunda geoaxborot texnologiyalari yordamida taxmin qilingan, dunyoning eng asosiy global muammosiga aylangan Orol dengizi muammolarini o‘rganish va ularning oldini olish bo‘yicha ilimy izlanishlar qilyapmiz. Kelgusida ushbu sohadagi muammolarni yechishga mo‘ljallangan bir nechta dasturiy mahsulotlar yaratish niyatidaman.
«Sohada uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etadi...»
Axborot texnologiyalari sohasi vakili bo‘lsam-da, bo‘sh vaqtlarimda badiiy kitoblar o‘qib turishga harakat qilaman. Masalan, oxirgi marta O‘zbekiston Qahramoni, shoir Ibroyim Yusupovning she’rlar to‘plamini katta qiziqish bilan o‘qidim. Ochig‘i kitobda berilgan she’rlarni mutolaa qilish dunyoqarashimni oshirdi va hayotiy tajriba berdi.
O‘ylashimcha bugun mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivoji uchun ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda va bir so‘z bilan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Albatta bunday sharoitlarning yaratilishi sohada uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etadi. Biz yoshlar esa, faqatgina shunday ajoyib imkoniyatlardan oqilona foydalanib yurtimiz axborot texnologiyalarini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.
Kelajakda o‘zim ham ota-onam va ustozlarim bergan bilimlarni mustahkamlab, tanlagan yo‘nalish bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish va mamlakatimiz ravnaqi uchun hizmat qilishni maqsad qilib olganman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter