Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Munosabatlarimizni umumiy ildizlar asosida rivojlantiramiz…» – Eronning O‘zbekistondagi elchisi

«Munosabatlarimizni umumiy ildizlar asosida rivojlantiramiz…» – Eronning O‘zbekistondagi elchisi

Eron qadimiy davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan davlat. O‘zbekiston ushbu davlat  bilan 1992-yilda dastlabki munosabatlarni o‘rnatgan. Avval Toshkentda Eronning elchixonasi ochilgan va 1995-yili esa Tehronda O‘zbekiston elchixonasi o‘z faoliyatini boshlagan. Ikki davlat o‘rtasida munosabatlar asosan savdo-iqtisodiy yo‘nalishda davom etmoqda. Navro‘z bayrami arafasida muxbirimiz Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan suhbatlashdi. 

Dastlab O‘zbekiston-Eron aloqalarining bugungi vaziyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz…

– Bizni quvontiradigani shuki, O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada yaxshi dasturlar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Sakkiz yil davomida O‘zbekistonda yuqori sur’atlardagi iqtisodiy rivojlanishni kuzatyapmiz. Albatta, Eron ham O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishdan mamnun bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston faol ravishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda, bir tomondan sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, ikkinchi tomondan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayonlari ham jadal davom etmoqda. Agar O‘zbekiston nuqtai nazaridan Eron Islom Respublikasi ham ushbu jarayonlarga o‘z hissasini qo‘shishi kerak bo‘lsa, biz bunday hamkorlikka tayyormiz. Biz O‘zbekiston bilan do‘stona, birodarlarcha va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga egamiz.

Shuning bilan birgalikda, biz ayrim sohalarda yanada kengroq hamkorlik qilishimiz mumkin. Masalan, biz O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalardan ko‘prog‘ini olishimiz, ularni yuqori sifatlarda va arzon narxlarda amalga oshirishimiz mumkin. Bu sohada Eronda katta tajriba bor. Albatta, biz O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan hamkorligini ham hurmat qilamiz.

Bugungi kunda Eronda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari va tibbiyot jihozlari nafaqat mintaqa mamlakatlariga, balki Yevropa davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Yoki qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ham bizda katta imkoniyatlar mavjud bo‘lib, O‘zbekistonning bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash ishiga ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Biz O‘zbekiston bilan nafaqat birgalikda mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, balki o‘sha mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yetkazib berish sohasida ham hamkorlik qilishga tayyormiz.

Umuman olganda, biz sanoat va ishlab chiqarishning turli sohalarida ilg‘or texnologiyalarga egamiz hamda ushbu texnologiyalarni O‘zbekiston bilan bo‘lishishga tayyormiz.

O‘zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida qancha qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatadi?

– Bugungi kunda O‘zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida ta’sis etilgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan 250 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yillik tovar ayriboshlash hajmi 500 million AQSh dollari atrofida. Ammo har ikkala tomon bu raqamning mavjud potensiallarga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlashadi. Xuddi shu sababli ham davlatlarimiz prezidentlarining Tehronda va Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi paytda ikki davlat o‘rtasida turli, jumladan, vazirlar darajasidagi delegatsiyalarning o‘zaro almashinuvi muntazam tarzda amalga oshmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aloqalarimizning yanada kengayishiga xizmat qiladi.

Joriy yilda madaniy-gumanitar mazmundagi qanday tadbirlar rejalashtirilgan? Bilamizki, bunday tadbirlar ikki davlat xalqlarining o‘zaro tushunishi uchun juda muhim.

– Sizga ma’lum bo‘lganidek, bizning madaniy jihatdan umumiy jihatlarimiz ko‘p. Eron va O‘zbekiston boshqa bir necha davlat bilan (jami 12 davlat) Navro‘zni birgalikda nishonlaydilar va ular BMTda ushbu bayramni xalqaro miqyosda nishonlanadigan umumxalq bayrami sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdilar. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz iftorlikni hamda sharqona xattotlik san’ati turi bo‘lgan tazhibni ham birgalikda ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Eron elchixonasi Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston, Eron va diplomatik korpus vakillari ishtirokida tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, madaniyat vazirliklarimiz o‘rtasida doimiy aloqalar mavjud. Yaqin vaqtlarda ikki davlat madaniyat vazirlarining uchrashuvi rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda ko‘plab tadbirlar, jumladan, kino kunlari o‘tkazish hamda birgalikda film ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Yana bir muhim yo‘nalish – bu boradagi katta tajribamiz asosida tarixiy obektlarni birgalikda restavratsiya qilishdir. Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish borasida ham hamkorlik qilish rejalarimiz bor. Umuman olganda, bu yilgi rejalarimiz shulardan iborat. Biz munosabatlarimizni umumiy ildizlarimiz asosida rivojlantirishga harakat qilamiz. Madaniy hamkorlikni ikki mamlakat hududlari darajasida amalga oshirish ham rejalashtirilgan.

Qolaversa, mintaqada madaniy aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz. O‘zbekiston mintaqada madaniy hamkorlik borasida juda yaxshi tashabbuslarga ega. Biz bu tashabbuslarni doimo qo‘llab-quvvatlaganmiz va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Navro‘z to‘g‘risidagi fikrlaringiz…

– Navro‘z bilan tabriklashdan oldin Navro‘zning o‘zi, uning asosiy xususiyatlari to‘g‘risida ikki og‘iz gapirib o‘tsam. Navro‘z o‘n ikki davlat tomonidan YuNESKOning jahon mushtarak merosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ya’ni, bu bayram faqatgina bizning mintaqamizniki emas, balki butun jahonniki. Hozirgi kunda Albaniyadan tortib Xitoygacha, Suriyadan tortib Hindiston va Pokistongacha Navro‘z bayram qilinadi va dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Bizning mushtarak merosimiz bo‘lmish Navro‘zdan bir necha maqsad ko‘zda tutilgan.

Birinchisi – oilalar, qarindoshlar va yaqinlarning birga bo‘lishlari. Misol uchun Eronda Navro‘z bayrami kunlarida qarindoshlar va yaqinlar o‘rtasida 57 millionta o‘zaro bordi-keldi amalga oshadi, 40 million tashrif amalga oshadi. Maqsad – oilalar, qarindoshlar va yaqinlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari.

Ikkinchisi – o‘zaro arazlarning o‘rtadan ko‘tarilishi. Bunda o‘zaro arazlashib qolgan kishilar yarashishadi.

Uchinchisi – tozalanish va yangilanish. Navro‘z bilan bog‘liq xususiyatlardan yana biri kiyimlar, jihozlar va makonlarni tozalash hamda yangilash. Bunda eski kiyimlar, eski buyumlar, eski jihozlar yangisi bilan almashtiriladi. Buning falsafasi shundan iboratki, biz xuddi eski yil bilan xayrlashib, yangi yilni kutib olganimizdek, narsalarning ham eskirib, yaroqsiz bo‘lib qolganlaridan voz kechamiz va yangilarini olamiz. Shuningdek, xuddi tabiat yangilangani kabi odamlar ham tafakkurlarini yangilashadi. Bu o‘rinda tafakkurning yangilanishi deganda pessimizmdan uzoqlashish va optimizmga yaqinlashish, xusumat va adovatdan voz kechib, ahillik va do‘stlikni tanlash ko‘zda tutiladi. Navro‘z yangi boshlanishdir.

Ana shu yangi boshlanish hisoblanmish Navro‘z bayrami bilan O‘zbekiston hukumati va xalqini chin yurakdan tabriklaymiz. Navro‘z Eron va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.

Sharofiddin  To‘laganov  suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring