Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisod fanlari doktori Rustam Hasanov: «Tejamkor odamning qarzi bo‘lmaydi»

Oila farovonligi nimalarga bog‘liq? Pulni bo‘lar-bo‘lmasga sarflash qanday muammolarni tug‘diradi? «Tiyin so‘mni tejaydi», degan fikr bugun ham aktualmi? Sarf-xarajatlar daftarini tutish nima uchun kerak?

Iqtisod fanlari doktori, professor Rustam Hasanov bilan bugungi suhbatimiz yosh oilalarda tejamkorlik haqida bo‘ldi.

– Ko‘pchilik, ayniqsa yosh oilalar ro‘zg‘or yuritishda tejamkorlikka ahamiyat bermaydi...

– Bugungi suhbatimiz hech bir oilani befarq qoldirmaydigan mavzu oilada tejamkorlik. Oila xarajatlar bir necha turga bo‘linadi. Ya’ni birlamchi xarajatlar, ikkinchi darajali xarajatlar. Birlamchi darajali xarajatlar bizning tirikligimiz uchun juda muhim, oziq-ovqat va turli resurslar. Aslida pul topishga nisbatan uni sarflash murakkab jarayon hisoblanadi. Yoshlar pul topishni ya’ni ko‘proq pul topish sir-asrorlarini yaxshi bilishi mumkin, lekin uni sarflash borasida esa ko‘pchilikning tajribasi yetishmaydi.

– Buning uchun ular ishni nimadan boshlashi kerak?

– Har bir yosh oila alohida daftarda oila budjetini yuritib borishni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi. Oila budjetining daromadlar qismida bir oyda keladigan tushum turlari – ish haqi, tadbirkorlik daromadi, mulkdan keladigan tushum, nafaqa va.h. aks ettiriladi va xarajatlar qismida bir oylik sarflar – oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar sarhisob qilinadi. Natijada oila budjetidagi farqlar yuzaga chiqadi. Agar bir oyda oilaga keladigan daromad yuqori bo‘lsa, ya’ni xarajatlardan yuqori bo‘lsa pul jamg‘arish imkoni paydo bo‘ladi, aksincha bo‘lsa oila budjeti kamomadini to‘ldirish uchun chora izlash kerak. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oilalarda erkaklar oziq-ovqat mahsulotlariga qilinadigan xarajatlarga moyilligi ko‘proq, ayollarda kiyim-kechak va boshqa ro‘zg‘or buyumlariga qilinadigan xarajatga moyilligi yuqori bo‘ladi. Shu tariqa oila iste’moli balanslashadi.

Kam ta’minlangan, o‘rta hol va boy yashaydigan oilalarda sarf-xarajat ham shunga yarasha bo‘ladi. Ammo ko‘pincha oila daromadi kam xonadonlarda sarf-xarajatlar hisob-kitob qilinmasligi oqibatida qiyin vaziyat yuzaga keladi. Aynan pulni bo‘lar-bo‘lmasga sarflash holatlari ko‘p uchraydi. Oilalarda mavjud ko‘plab narsalar yillar mobaynida to‘planib qoladi. «Kambag‘alni ko‘chganda ko‘r», deb bejiz aytilmaydi. O‘rta hol oilalarda esa ko‘pincha xarajatlar daromadga qarab qilinadi. O‘rta hol oilalar hatto o‘z jamg‘armalariga ega bo‘ladi.

O‘rta hol oilalar muddatli to‘lovga uy olishi, mashina olishi mumkin. Boy oilalarda oila budjetini yurgizish ham shartmas. Chunki ular xohlagan narsasini xohlagancha amalga oshira oladi. Lekin ko‘pchilik boy oilalarni xarajatli, isrofgar deb hisoblaydi. Lekin boy oilalarda ham tejamkorlik boshqalarnikidan kam emas, bu ilmiy isbotlangan. Biz xarajatlarni rejalashtirishni kam ta’minlangan va o‘rta hol oilalarga tavsiya qilamiz. Ko‘pgina oilalarda moliyaviy savodxonlik yetishmaydi, ya’ni qo‘liga pul tushdimi ertangi kunini o‘ylamay sarflab yuboradi. Ba’zida kam ta’minlangan oilalar to‘ylarni hashamatli qilib yuboradi, bunday daromadi kam xonadonlar kam xarajat bilan yig‘in o‘tkazsa bu oilada iqtisodiy barqarorlik bo‘ladi.

Turli toifa oilalarning iste’mol tanlovi turli xarajatlarni yuzaga keltiradi. Kambag‘allar tanlovi asosan, arzon mahsulotlar bilan cheklansa, boylar tanlovi qimmatbaho tovarlar doirasida yuz beradi, o‘rta hollar tanlovi esa har ikkala guruh tovarlar oralig‘ida kechadi. Tanlov qanday bo‘lmasin, baribir uning maqsadi pulni oqilona sarflashdan iborat bo‘lishi kerak.

Bizni eshitib turganlar kam ta’minlanganlar haqida «o‘zi kam daromadi bo‘lsa topgani osh-ovqatdan ortmaydiku», deyishlari mumkin. Shuning o‘zi noto‘g‘ri fikr, daromadni qanday qilib bo‘lsada joy-joyida taqsimlash kerak. Masalan, oila boshlig‘i bir million oylik oladi, o‘zi kam ta’minlangan oila. Shu oila boshlig‘i ziyofat qiladi, o‘rtoqlari bilan o‘tiradi, lekin uyida go‘sht yo‘q, ayoli yirtiq shippakda yuribdi. Erkak uyiga kelib: «200-300 ming sarflab mazza qilib o‘tirdik», deydi. Ayoli: «uyda go‘sht yo‘q», deb nolisa, erkak: «nimaga endi men o‘rtoqlarim bilan o‘tirmasligim kerakmi» deydi. Hadisda aytilgan qilingan xarajatning eng savoblisi ro‘zg‘orga qilingan xarajatdir. Birinchi ro‘zg‘orni minimal bo‘lsayam ta’minlash kerak. Inson daromad topishi kerak bo‘lgan manbalar ko‘p. Biz iqtisodchilar aytamizki: shu kasbing bilan ro‘zg‘oringni boqolmasang bu kasbingni o‘ylab ko‘r.

Moliyaviy savodxonligi bor oilaning aytaylik daromadi besh million. Bu oila minimal yashashga harakat qiladi va bu oilaning qarzi bo‘lmaydi.

Ba’zi oilalar daromadiga qaramasdan ortiqcha narsa olib qo‘yadi. Aytaylik, qimmat telefon. Oyma-oy to‘lash osonday ko‘rinadi. Shunda kutilmagan xarajat chiqib qoldi – to‘y, bemorlik. Shunda boyagi telefonning puli to‘lanmay qolishi mumkin. Ana shu qarz tufayli mayda-mayda qarz kattalashadi. Tejamkorlikka e’tibor bermagan oilalar kambag‘al bo‘lib qoladi yoki qarzga botadi. Agar oila xarajatlari rejalashtirilmasa, ko‘r xarajatlar ko‘payib ketaveradi, ya’ni pulni qayerga sarflanganini topib ololmaslikni biz ko‘r xarajatlar deymiz.

Qarz qarzni chaqiradi deyishadi. Bir xil odamlar qarz olishga moyilligi bo‘ladi, yordam olishga moyilligi bor.

Bir oilani reviziya qilishganda juda ko‘p narsa – kerak nokerak narsalarni olib tashlashgan.

Daromad va buromad daftarini tutish va uni boshqarib borish kerak. Shunda oiladagi baraka yuqori bo‘ladi...

P/S: Mutaxassis bilan suhbat orasida juda qiziqarli oila budjeti bilan bog‘liq misollar aytildi, siz ham eshiting va mutaxassis aytganidek, pulni rejalab ishlatishni hozirdanoq boshlang, daftar yurgizish esdan chiqmasin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring