Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida oltin narxi rekord ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda

15-iyun kuni qimmatbaho metall narxi troya unsiyasi uchun 3 450 dollarga chiqib, apreldagi rekordga yaqinlashdi va 1 gramm uchun narx 110 dollar atrofida bo‘lgan. Xususan, 12 iyun holatiga oltin narxi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 30 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, Eron va Isroil o‘rtasidagi mojoralar fonida investorlar tomonidan oltinga xavfsiz aktiv sifatida talab ortmoqda.
«Boshqa hech bir yirik aktivda bunday yuqori o‘sish kuzatilmagan (pastdagi grafikka qarang). Hatto ba’zilar tomonidan «yangi oltin» sifatida e’tirof etiladigan bitkoin ham oltinga nisbatan pastroq narx o‘sishiga erishgan. Dollar esa bu davrda 10 foiz atrofida qadrsizlangan», – deb yozadi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda Markaziy banklar ham ko‘proq oltin sotib olmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda Markaziy banklarning sof oltin xaridi 1000 tonnadan oshgan.
«Bu holat ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi natijasida Rossiya Markaziy banki zaxiralariga qo‘yilgan cheklovlardan keyin jiddiylashgan. Xususan, ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar (ayniqsa Xitoy) Markaziy banklarda ayni Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urushdan keyin oltinga bo‘lgan ishonch oshdi. Markaziy bank oltin xaridlarining asosiy qismi ham aynan rivojlanayotgan davlatlarga to‘g‘ri keladi», – deb yozadi Xolboyev.
Iqtisodchi, shuningdek, Yaqin sharqdagi keskinlik oltinga bo‘lgan talabni yana oshirib yaqin kelajakda uning narxi nisbatan yuqori saqlanib qolishiga olib kelishini taxmin qiladi.
«Mamlakatimiz zaxiralarida esa tarixan oltinning ulushi judayam yuqori bo‘lgan va hozirgi kunda zaxiralarning 76 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Yil boshidan buyon oltin narxining o‘rtacha 26 foizga o‘sishi zaxiralarimizning 8,5 mlrd dollarga o‘sishiga zamin yaratdi. Shuningdek, oltin eng yirik eksport tovarimiz ham hisoblanadi, noaniqliklar natijasida oltin narxi o‘sishi eksportimizning nisbatan yuqori o‘sishiga ham zamin yaratadi. Xususan, joriy yilning 4 oyida oltin eksporti 5,6 mlrd dollarni tashkil etib, 62 foizga o‘sgan, bunday yuqori o‘sish ham aynan yuqori oltin narxi bilan izohlanadi», – deydi Mirkomil Xolboyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter