Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Surbetlik sindromi yoki sharmandaga shahar keng

Surbetlik sindromi yoki sharmandaga shahar keng

Foto: «og.ru»

Bundan roppa-rosa 10 yil oldin Toshkentdagi «Oloy» bozorida «tuxumlar jangi»ning guvohi bo‘lganman. Tushlik payti edi. Baqir-chaqir ovozidan sergaklanib o‘sha tomonga yurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki ikki sotuvchi ayol dahanaki jang qilyapti. Ularning og‘zidan chiqayotgan qo‘pol va uyat so‘zlarga ilon ham po‘st tashlaydi.

Bu ikki ayolga soch yulishlar, tepishishlar, yulishishlar ham kamlik qildi. Ularni odamlar ajratib qo‘ygach, oldilarida turgan tuxumlarni bir-biriga ota boshladi. Yer shilimshiq tuxumning oqu sarig‘iga bulg‘andi. Ayollarning yuziga, ust-boshiga qarab bo‘lmaydi. 

Shaharning markazidagi bozorda chet ellik sayyohlar ham og‘zini ochganicha ushbu voqeaning guvohi bo‘lishdi. Ochig‘i o‘sha kuni mana shu ikki ayolning o‘zini tutishi orqali xalqimizning o‘zga yurt vakillari oldida tahqirlanganday his qilgandim. Va maqola yozildi — «Jazava». Hayotim davomida bunday jazavalarning keyinchalik ham ko‘p marta guvohi bo‘ldim...

U paytlari internet bu qadar rivojlanmagan edi. Endi esa kunda-kunora bunday jazavalarning ko‘piga shohid bo‘layapmiz va bularni ilk bor ko‘rganim «tuxum jangi»dek esdan og‘ar darajada hayratlanmay kuzataman.

Nazarimda surbetlik sindromi avj olib ketayotgandek. Yaqin bir yil ichida internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali qanchadan-qancha voqealarni muhokama qilmadik. Hatto bu muhokamalar OAV vositalari orqali katta-katta maqolalarning yozilishiga ham sabab bo‘ldi. Ba’zi muammolarga bir qadar yechim ham topilgandek. Ammo...

Yaqinda bir tashkilotning rahbariga «falonchining aybini ko‘rsataman deb o‘zingizning ham sirlaringiz ochilib qoldi, xalqqa oshkor bo‘ldi», degan gap aytilganida rahbar shunday javob bergan ekan: «Siz aytayotgan inson bir necha bor qovun tushirdi, haftalab kun mavzusiga aylandi, mana qorlar yog‘ib izlar bosildi, unutildi, mening ham xatoimni, oshkor bo‘lgan uyatli sirimni unutib yuborishadi».

Ha keyingi paytda mas’ul rahbarlarning qovun tushirishiyu hatto haftalab kun mavzusiga aylanishi hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Nega? Chunki qovun tushirgan odam, muhokamalar markazida bo‘lgan mas’ul shaxs shuncha gapdan keyin ham sirtiga suv yugurtirayotgani yo‘q. Nari borsa, bir og‘iz kechirim bilan kifoyalanmoqda. Va, eng achinarlisi, bu qilgan ishidan zarra vijdoni qiynalmayotgani. Qanchadan-qancha mas’uliyu bemas’uli xato ish qilib, spektakllar uyushtirib, so‘kinib, odamlarni haqoratlab muhokamalar markazida bo‘ldi. Xalqning e’tirozini keltirib chiqardi, o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni shakllantirdi, nazardan chetda qoldi, ammo birortasining o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shaganini, iste’foga chiqqanini eshitmadik.

«Betimning qalini jonimning huzuri» kabi maqollar faqatgina bizning metalitetga xosu mosdek tuyuladi ba’zan. Yana surbetlik, bezbetlik ikkinchi baxt ham deb qo‘yamiz. Asl fojia ham shunda. Shundaki bunday subutsizliklar, surbetliklar davom etaverar ekan, odamlar xato qilishdan qo‘rqmaydmilar va eng yomoni, xatoni tuzatish haqida o‘ylamay qo‘yadilar.

Falonchi o‘lib qolmadiyu, men ham o‘lmayman, falonchi ishlab yuribdiyu, menam ishlab yuraveraman, falonchining qilgan ishini odamlar unutdiyu, menikini ham unutishadi, degan qarashlar shakllanib bo‘ldi. Bu esa ming yillik «uyat — o‘limdan qattiq» degan maqolning zarra qiymati qolmaganini, endi bu so‘zni bemalol lug‘atimizdan chiqarib tashlasak ham bo‘laverishiga ishora. Fojianing yana bir ildizi unib kelayotgan yosh avlodning eti o‘lib borayotgani. Men xato qilsam kechirasan, kechirishadi, unutishadi degan qarashning, kayfiyatning shakllanishi.

O‘shanda men ikki tuxum sotuvchisining qilgan ishini o‘zbek xalqiga isnod deb tushungandim. Toshkent shahar hokimi va Kun.uzchilar o‘rtasidagi voqea ham menga, umuman, butun jurnalistikaga isnoddek bo‘lib tuyuldi. Osongina tahqirlab, yana hech narsa bo‘lmagandek osongina «murosa» qilinishi boshqalar ustidan kulishga o‘xshab ko‘rinadi menga. Aniq bilaman, hozir shuncha shov-shuvlar, shuncha sharmandagarchiliklar unutiladi, bizni ham unutishadi, degan yupanch bilan o‘z ishlarini g‘ayrat bilan davom ettirishayotganiga zarra shubha yo‘q.

Bundan o‘n yil oldingi tuxum sotgichlar voqeasi yana xotiramda qayta jonlandi. Ertasiga yana tushlik payti bozor oraladik. Men bular endi sharmandachilikdan bozorga kelmasayam, savdo qilmasayam kerak deb o‘ylagandim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘sha rastalar qatorida yuzlari timdalangan qahramonlardan biri qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilardi. Men hamkasbimga yuzlandim: «Ana kechagi qahramonlardan biri». Ko‘zim nogohan uning yonida turgan yana bir tuxum sotuvchiga tushdi.

—Voy, bular yarashib qoptiyu, dedim angrayganimcha.

Hamkasbim kuldi va dedi:

—Ha, bu bozor....sharmandaga shahar kengda...

Anglaganim shu bo‘ldiki, surbetlik va subutsizlik boshlangan joyda odamiylik va vijdon tugar ekan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring