Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Vijdon apparati

Vijdon apparati

Foto: «Tomografa.net»

Majlis bo‘ladi, deb boshliq huzuriga kirib kelgan xodimlar xona o‘rtasida turgan g‘alati uskuna va oppoq xalat kiyib olgan yigitga ajablanib qarashardi. Kimdir bu uskunani «robot», desa, yana kimdir «kir yuvadigan moshina», – dedi pichirlab. Yana birov «so‘nggi pokoleniyadagi dividi», dedi.

Uskuna rostdan ham antiqa: har burchagidan prujinalar chiqqan, son-sanoqsiz tugmalar egallagan, chiroqlari esa yonib-o‘chardi. Orqa tomonidagi uzun simi televizorga ulangan.

Barcha xodimlar yig‘ilib bo‘lgach, Vali Zokirovich gap boshladi:

– Tashkilotimizning hurmatli a’zolari. Bilasiz, ishxonamizda o‘sish sur’ati tushib ketgan. Qancha chora izlamaylik, natija bo‘lmayapti. Biz, barchamiz tarallabedodmiz. Bunga loqaydligimiz, sovuqqonligimiz sabab bo‘lyapti, deb o‘ylayman. Ayniqsa, ishxonamizdagi talon-tarojlik...

– Kechirasiz, Vali Zokirovich, bu nima? – deb so‘radi Zulfiya sabri yetmay, uskunani ko‘rsatarkan.

– Bumi, bu – vijdon apparati. Xodimlarning ishga qay darajada vijdonan yondashayotganini aniqlab beradi. Anovi gardish boshga kiyiladi, so‘ng monitorda yozuv paydo bo‘ladi.

Xodimlar hang-mang bo‘lib, so‘ng g‘ala-g‘ovurni boshlab yubordilar.

– Jim, o‘rtoqlar, tinchlik saqlansin, – dedi qalam bilan stol ustiga taqillatib Vali Zokirovich. – Bilaman, ishonmayapsizlar. Vaholanki, dunyo miqyosidagi mashhur «Good» firmasi yuzlab kompaniyalarda bu apparatni sinovdan o‘tkazgan. Natijalar rasmiy ravishda e’lon qilingan. Xo‘sh, kimdan boshlaymiz?

Bu savol, xuddi, «birinchi kimni bo‘lib... so‘yamiz?» deganga o‘xshab ketdi. Uskunaga yaqinroq o‘tirganlar zipillab orqa tomonga o‘tib olishdi.

– Zulfiyaxondan boshlaylik, – dedi Sattorov. – Bu qanday apparat, deb qiziqyapti-ku!

– Nega mendan bo‘larkan? – ko‘zlarini ola-kula qildi Zulfiya. – Sizdan boshlaymiz. Ishda mudrab o‘tirasiz-ku, bi-i-r sharmandangiz chiqsin.

Sattorov qizarib ketdi:

– Bu nima deganingiz? Qachon mudradim? Siz o‘zingizni biling. Kun bo‘yi paypoq to‘qiysiz.

Hakimov taklif kiritib qoldi:

– Yaxshisi, alifbo bo‘yicha boshlaylik, nima deysizlar?

Abdurahimov sapchib turdi:

– Nega endi alifbo bo‘yicha ekan? Undan ko‘ra, mana, yoshi ulug‘lardan boshlab berishsin.

– Yaxshi emas, – bosh chayqadi Nuriddin aka. – Yoshi kattalarning ko‘ngli nozik bo‘ladi. Bu apparat noto‘g‘ri ta’sir qilib, shartta o‘lib qolsak, kim javob beradi, xo‘sh, kim?

Kimdir shu imkoniyatdan ham foydalanib qolmoqchi bo‘ldi:

– Vijdon ko‘rsatkichi yuqori bo‘lganlarga pul mukofoti beriladimi?

Xullas, birov u dedi, boshqasi bu dedi. Hamma o‘zidan hadiksirardi. Hatto, boshliqqa: «Vali Zokirovich, o‘zingiz boshlab bersangiz bo‘lardi», deganlar ham bo‘ldi. Ammo shuncha odam vahima qilgani bois Vali Zokirovichning o‘zi ham qo‘rqib qolgandi.

– Yaxshisi, hammani alohida-alohida tekshiruvdan o‘tkazaylik, – dedi oq xalatli yigit toqati toq bo‘lib. – Qo‘shni tashkilotda shunday qildik. Xulosalar umumiy tarzda sir tutildi.

Vali Zokirovich hammani xonadan chiqardi. Birinchi bo‘lib To‘rayev chaqirildi. U terlab-pishib kursiga o‘tirdi. Xalatli yigit uning boshiga gardishni kiydirdi. So‘ng uskunadagi «START» yozuvini bosib, televizor ekraniga qaradi. Xonada jimlik cho‘kkan, To‘rayev nafas olishga ham qo‘rqardi. Ekran jimirlab turdi-da, keyin miya qatlamlarini ko‘rsatdi. Birozdan so‘ng inglizcha yozuv paydo bo‘ldi.

– Bo‘ldi, ketavering, – dedi laborant To‘rayevning boshidan gardishni olib.

To‘rayev natijani so‘rab ham o‘tirmay, o‘zini eshikka urdi.

– Xo‘sh? – laborantga yuzlandi Vali Zokirovich.

Laborant yigit ekrandagi yozuvdan ko‘z uzmay dedi:

– «Vijdoni mutlaqo yo‘q», deb yozdi.

– Iye, ja bunchalik emas-yey, – dedi achchiqlanib Vali Zokirovich.

Qodirova bilan Sarimsoqovning natijasi ham shunday bo‘ldi.

– Endi kimni chaqiramiz? – so‘radi laborant yigit.

– Shoshmang-shoshmang, – dedi Vali Zokirovich. – Haligi... qo‘shni tashkilotni tekshirganingizda, natija qalay bo‘luvdi?

– Faqat keksa qorovuldan tashqari...

– Bunday qilamiz, uka. Siz, yaxshisi... ketavering. Men xodimlarni avval tayyorlay, vijdonlarini uyg‘otay. Keyin sizni qaytadan chaqiraman. Ular ish bilan bo‘lib, vijdonlarini unutib qo‘yishgan-da, axir! Shunaqasi ham bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi? Bora qoling. Hozircha xodimlarga, apparat buzuq ekan, deb qo‘ya qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring