Jahondagi turli «kuch markazlari»ning geosiyosiy qarama-qarshiligi axborot makoniga ko‘chdi
Avtoruchka, yozuv mashinkasi, qog‘ozlar, oddiy telefon va xalq tilida magnitofon, radiojurnalistlar tilida reportyor deb ataluvchi texnikalar o‘rnini mobil telefonlar, kompyuter, noutbuk, raqamli diktofonlar egalladi. Jurnalistlar mehnati ancha yengillashdi. Jurnalistlarning bir avlodi ko‘z o‘ngida axborot uzatish texnologiyasi butunlay o‘zgarib ketdi. Zamonaviy texnologiyalar jurnalistikani «tosh asri»dan olib chiqdi va bu sohani butunlay o‘zgartirib yubordi. Biroq OAVning xolis, to‘g‘ri axborot tarqatish borasidagi mas’uliyati o‘sha-o‘shaligicha qolishi kerak edi. Ammo, ming afsuski, bunday bo‘lmayapti.
Davrimiz xaqli ravishda axborot asri deb nomlanadi. Jahon yagona axborot maydoniga aylanib bo‘ldi. XX asr oxiri — XXI asrga kelib esa dunyo butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya sohalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa o‘sha jamiyatni boshqarishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat va tuzumning oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. «Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta’siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi», — deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli «kuch markazlari»ning geosiyosiy qarama-qarshiligi axborot makoniga ko‘chdi degan gaplarda jon bor. Ya’ni, oddiy so‘z bilan aytganda, axborot kimning qo‘lida bo‘lsa o‘sha xaq bo‘lib chiqmoqda.
Rus yozuvchisi Anton Chexovning «Oltinchi palata» qissasi yodingizdami? Bosh shifokor mansabini egallash maqsadida bosh shifokor o‘rinbosarining xatti-harakatlari axborot xurujini eslatmaydimi? Soppa-sog‘ odamni jinniga chiqarib, o‘zining qabih maqsadlariga erishgan bosh shifokor o‘rinbosarining ishini hozir g‘arb OAV xodimlari bajarayotgandek.
Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda — ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar ko‘pki, tarqatilayotgan ma’lumotning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘riligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan bo‘ladi. Radio va televideniye paydo bo‘lganidan keyin dunyo o‘zgarib ketdi. Internet paydo bo‘lishi bilan esa butunlay o‘zgardi. Informatsiya ozchilikning emas, barchaning mulkiga aylandi.
Hozirgi paytda yer yuzining qaysi chekkasida qanday voqea yuz bermasin, odamzot bu haqda dunyoning boshqa chekkasida turgan bo‘lishiga qaramay zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q deya beparvo qarab bo‘lmaydi. Hayotmizning biror-bir sohasini axborotsiz tasavvur qilolmaymiz.
Bugun axborot eng muhim qadriyat sanalmoqda. Axborot esa ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatiladi. Ayrim hollarda matbuot odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning noto‘g‘ri talqin qilingan holda yoritilayotganidan ko‘rib, bilib turibmiz. Jurnalistlar va media xodimlari nafaqat ish beruvchilar va bozor oldida, balki jamiyat oldida ham mas’uliyatni his qilishlari, demokratiyani haddan oshish deb tushunmasliklari kerak. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa, ammo chegarani bilish shart. Media jamiyat oldida ma’lum bir majburiyatlarni zimmasiga olishi lozim. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi.
Jamoatchilik fikrini chalg‘itish aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilmoqda. U yoki bu mamlakatni yomonotliq qilish, o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan qaytarishga urinish zamirida tor manfaatlar yotibdi.
Buyuk bobokalonimiz Ibn Sinoning quyidagi to‘rtligini eslab ko‘raylik:
O‘zni dono bilan uch-to‘rtta nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Ular qatorida sen ham eshak bo‘l,
Bo‘lmasa kofir deb qilurlar e’lon.
Shu o‘rinda yana bir hikoyatni yodingizga solamiz.
Ota-bola safarga chiqibdi. Ota eshakka minib olgan. Bola piyoda. Bir ko‘chadan o‘tishayotganda odamlar kulishibdi: «Tentaklarni qaranglar, ota eshakda, bola piyoda». O‘rin almashibdilar. Boshqa ko‘chada «Qaranglar, ota piyoda, bola eshakda» deya yana kulishibdi. Endi ota-bolaning har ikkisi eshakka mingashibdi. Boshqa bir ko‘chada «Qaranglar, bitta eshakka ikki kishi minib olibdi» deb yana kulishibdi. Mashhur shoirimiz bu hikoyatni yangicha talqin qilib, «oraga eshak tushib ota-bola ajrashib ketdi» deya she’r yozgan. Shoirimiz go‘yo eshakka urg‘u bergan. Ammo chuqur falsafa yotibdi. Aslida she’rda mish-mish tarqatuvchilar, voqeani noto‘g‘ri talqin qiluvchilar eshak sifatida ko‘riladi.
Yaqinda internetda g‘arb matbuotiga bag‘ishlangan bir latifa o‘qigan edim. Unga siz ham e’tibor qaratishingizni so‘rayman.
Parijga kelgan Rim papasini aeroportda kutib olgan jurnalistlar undan «Parijdagi fohishaxonalarga munosabatingiz qanday?» deb so‘rashadi. Shunda u «Nima, Parijda fohishaxonalar bormi?» deya savolga savol bilan javob beradi. Ertasi kuni gazetalarda «Rim papasi aeroportda “Parijda fohishaxonalar bormi?” deya so‘radi» sarlavhali maqola bosiladi. Mana shu latifaning o‘ziyoq g‘arb matbuotida voqealar noto‘g‘ri talqin qilinishini, so‘zlar matndan sug‘urib olinishini anglatadi.
Shu o‘rinda yana bir latifa. AQSh ko‘chalarida sayr qilib yurgan bir qizga it hujum qilibdi. Voqeaga guvoh bo‘lgan bir yigit qizni himoya qilish maqsadida itni o‘ldiribdi. Ertasi kuni gazetalar «Amerikalik qahramon yigit qizni qutqarib qoldi» degan maqola e’lon qiladi. Yigit «Men bu mamlakat fuqarosi emasman» deydi. Gazetalar «Xorijlik mard yigit vatandosh qizimizni qutqardi» deyishadi. Shunda yigit «Kechirasizlar, men arabistonlik musulmonman» deb aytadi. Endi gazetalar «Islomiy terrorchi begunoh kuchukni urib o‘ldirdi...» deya urg‘uni qizning qutqarilishiga emas, itning o‘ldirilishiga berishadi.
Mana shu ikki latifaning o‘ziyoq jamoatchilik fikrini chalg‘itishga urinish ommaviy axborot vositalari qo‘li bilan amalga oshirilayotganini ko‘rsatmoqda. Latifalar o‘z yo‘liga. Endi voqelikka qaytaylik. O‘tgan yilning yozida Pokistonda kunlar isib ketdi, odamlar issiqdan vafot etgan holatlar uchradi. G‘arb matbuoti buni keng yoritar ekan, ramazon oyiga ham shama qilib o‘tishdi. Odamlarning issiqdan o‘layotganiga ramazon oyi ham aybdordek go‘yo. Xuddi shu kabi hodisalar Yevropada ham bo‘ldi, ammo u yerda bu holat global iqlim o‘zgarishining ta’siri sifatida talqin qilindi. Bu kabi g‘arazli axborotlarni tarqatish ortida tor manfaatlar yotgani aniq.
Bugungi kunda xalqaro maydonda turli siyosiy kuchlar o‘zlarining milliy va strategik rejalariga erishish uchun, eramizdan avvalgi 6-asrda yashab o‘tgan faylasuf va harbiy arbob Sun Szi yozganidek, xoin va sotqinlardan foydalanmoqda. U o‘z sarkardalariga «Eng qabih va razil odamlar bilan hamkorlikdan foydalaning» deb maslahat bergan edi. Siyosiy kuchlarning uzoqni ko‘zlagan asl maqsadlarini o‘z vaqtida sezish va anglash katta ahamiyatga ega. E’lon qilinmagan axborot urushlarining zamirida yolg‘on axborot tarqatish, ijtimoiy ongini egallash, milliy va madaniy qadriyatlarni yo‘q qilish, turmush tarzimizga begona qadriyatlarni singdirish maqsadi yotgani aniq. Bundan ogoh bo‘lishimiz kerak.
Axborot xuruji yoshligimizdan boshlangan desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan, ertaklarda, darsliklarda ayiqni asalxo‘r hayvon sifatida ta’riflashardi. Endi bilsak, bu yirtqich hayvon bo‘lib, hatto go‘shtxo‘r ekan. Xorij televideniyesi ko‘rsatuvlarini ko‘rayotganda, internetni titkilayotganda shu kabi ilk tasavvurlarga aldanib qolmasligimiz, farzandlarimizga ham shu narsalarni tushuntirishimiz kerak.
Ayrim hollarda OAV odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda o‘tgan yili Fransiyada «Charlie Hebdo» hajviy jurnali tahririyatiga qilingan qurolli hujumni misol sifatida keltirib o‘tamiz. Bu hujum va insonlarning halok bo‘lganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Aksariyat g‘arb nashrlarining bu jurnalda chop etilgan Muhammad sallollohu alayhi vasallamning hajviy suratini qayta-qayta bosib chiqarishlarini so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash sifatida talqin qilishlari aqlga sig‘maydi. Bu bilan ular dinlar va qadriyatlar o‘rtasidagi nifoqni yanada kuchaytirishga rag‘bat berdi. Karikaturalar «Guardian» va «The Times», «Tagesspiegel», «Berliner Zeitung», «Blesk», «Berlingske», «El Pais», «Business Insider» va «Huffington Post», shuningdek boshqa o‘nlab gazetalarda chop etilgan. Shunga qaramay, bir qator axborot agentliklari, jumladan «Associated Press», «CBC News» va «CNN» bundan o‘zini tiygan. Nima bo‘lganda ham qadriyatlar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan foyda ko‘ruvchi tomonlar yutmoqda. Ular dinni terrordan, madaniyatni madaniyatsizlikdan ajrata olmaydigan, axloqsizlikni erkinlik deb biluvchi insonlarning uquvsizligidan foydalanmoqda.
Media jinoyatchilikni, zo‘ravonlikni targ‘ib qilmasligi, fuqarolarning huquqlarini kamsitmasligi zarur. Bu matbuot erkinligini cheklashni anglatmaydi. Shu o‘rinda demokratiya ekan deb jurnalistika etikasini buzganlar ham jamiyatga juda katta ziyon keltirishini anglab yetish kerak. Ayrim mamlakatlarda «birinchi hokimiyat»ga intiluvchi «to‘rtinchi hokimiyat» vakillari borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular oligarxlar, moliyaviy guruh, mahalliy «baron»larning qo‘lidagi bir qo‘g‘irchoqdir. «To‘rtinchi hokimiyat» deb yuritilayotganiga qaramay OAVni hukumat yoki tijorat strukturasi deb emas, balki tom ma’nodagi fuqarolik jamiyati instituti sifatida ko‘rish kerak.
Aytishlaricha, finlarda «deraza oynasini jurnalistlar sindiradi, uni hukumat qayta o‘rnatadi» degan gap bor ekan. Istardikki, hamkasblarimiz mana shu oynani – to‘g‘rirog‘i, insonlarning ko‘ngil oynasini sindirmasinlar. Ko‘ngil oynasini qayta tuzatish hech kimning qo‘lidan kelmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, ko‘zni kattaroq ochib, atrofimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarni teranroq anglasak ayni muddao bo‘lar edi. Bugun qanday shiddat bilan o‘zgarayotgan va rivoj topayotgan, ilgari uchramagan, yechimi o‘ta og‘ir turli-tuman muammolarni tug‘dirayotgan XXI asrda yashayotganimizni esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter