Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Uzoqdagi yaqin qardoshlar: O‘zbekiston va Ozarbayjon manfaatlari (video)

Joriy yilning 22-23 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonga bordi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining «Zug‘ulba» qarorgohida Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

«Xabar.uz» shu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.

– Avvalo, vaqt ajratib suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat. Keling, suhbatimiz boshida o‘zbek va ozar xalqlarining tarixiy aloqalariga to‘xtalib o‘tsak.

– Azal-azaldan o‘zbek va ozar xalqlarini tarixiy madaniyat, til va urf-odatlar birlashtirib kelgan. Bu xalqlar qaysidir davrlarda bitta davlat tarkibida birgalikda hayot kechirgan. Masalan, Saljuqiylar davri (XI asrdan XIV asrgacha mavjud bo‘lgan davlat)da Ozarbayjonning katta qismi va O‘zbekistonning katta qismi shu davlat tarkibiga kirgan.

Bundan keyin Temuriylar davrida bu ikki xalq bir-biriga yanada yaqinlashgan. Amir Temur davrida ozar xalqi bilan quda-andachilik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, temuriy shahzodalarga ozarbayjonlik mudarrislar ustozlik qilishgan. Hattoki, Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurashda ham o‘zbek va ozar xalqlari o‘zaro muloqotda bo‘lgan. Ya’ni, bu xalqlar qadimiy tarixdan yaqin tarixgacha ham madaniy, ham siyosiy yaqin bo‘lib kelgan.

O‘zbek va ozar xalqlari sovet davrida ham bir-biri bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Sovet ittifoqi tarkibida Ozarbayjon doim Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlarga intilgan. Ko‘plab ziyolilarimiz Ozarbayjonda ta’lim olgan. Masalan, general Sobir Rahimov Bokuda o‘qigan. Maqsud Shayxzoda O‘zbekistonga olib kelinganda «o‘zbek farzandi» deb nom olgan. O‘zbek va ozar xalqlari qaysi davlat tarkibida bo‘lmasin, doim o‘zaro aloqada bo‘lgan. Bugun esa mana shu yaqin hamkorlikni zamonaviy bosqichiga chiqdik.

– Birinchi ma’muriyat davrida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari qanday bo‘lgan?

– O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) davlatlari orasida nisbatan sal kechroq boshlangan. Nega? Sababi, 1990-yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston birinchi galda xavfsizlik masalalariga e’tibor qaratdi. Chunki o‘sha vaqtda Tog‘li Qorabog‘ muammosi ko‘tarilgan edi.

1996 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘sha yili O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Ozarbayjonga rasmiy tashrif bilan boradi. 1997 yilda har ikki davlatda elchixonalar ochilgan. 1997 yilda Ozarbayjon birinchi prezidenti Geydar Aliyev O‘zbekistonga kelgan. Shundan keyin ikki davlat rahbarlari o‘rtasida rasmiy va norasmiy uchrashuvlar ko‘p bo‘lgan. Lekin Ozarbayjon bilan iqtisodiy jihatdan aloqalarimiz unchalik katta bo‘lmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 25 million dollarga ham yetmagan.

– Nima uchun bunchalik kam?

– Chunki o‘sha vaqtda bizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab turadigan infratuzilma bo‘lmagan. Mana shuning hisobiga biz Ozarbayjonning iqtisodiy qobiliyatidan foydalana olmaganmiz. O‘rtada kuchli davlatlar bo‘lgan. Ikki davlatning yaqinlashishi kimlargadir yoqmagan. Shu nuqtai nazardan iqtisodiy aloqalar rivojlana olmagan. Bugun bir boshqa davr va har ikki mamlakat aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilmoqda.

– Ozarbayjon va O‘zbekiston yaqinlashishi qaysi kuch markazlariga yoqmasligi mumkin?

– Geosiyosatda kuchli o‘yinchilar ikkita davlat o‘rtasiga tushishni xohlaydi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Kaspiy dengizi bor. Kaspiy dengizini asosan Rossiya nazorat qiladi. Boshqa tomondan Eronning ta’siri ham mavjud. Ushbu davlatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlardan o‘z manfaatlarini olib qolishga harakat qiladi. Bunday kuchlar bugungi kunda ham bor, bundan keyin ham bo‘ladi. Endi, shunday kuchlar bor deb o‘tirish hozirgi zamonga to‘g‘ri kelmaydi. Har qanday muqobil yo‘llarni o‘ylash kerak. Hamma bilan kelishsa bo‘ladi. Bugungi O‘zbekiston tashqi siyosati ham shu tamoyilga asoslangan. Hozir qandaydir ambitsiyalar deb milliy manfaatlarni ushlab turadigan davr emas.

– Bu tashriflardan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? O‘zbekistonning Ozarbayjonda qanday manfaatlari bor?

– Ozarbayjonda manfaatlarimiz ko‘p. Hozir O‘zbekiston jahon bozoriga chiqish uchun barcha yo‘llarni qidirmoqda. Shunday yo‘llardan biri – Ozarbayjon orqali o‘tgan yo‘l. Bu yo‘l O‘zbekiston uchun juda qulay. Hozirgi geosiyosiy o‘zgarishlar davrida bunday imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Misol uchun, Rossiya don kelishuvidan chiqib ketgach, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida donga bo‘lgan ehtiyoj oshib ketdi. Markaziy Osiyoda shu mahsulotlarni yetkazib bera oladigan davlatlar bor. Bugun shu masalada Turkiya vositachilikni taklif qilmoqda. Bu vaziyatda biz mahsulotlarimizni Turkiyagacha yetkazib olishimiz kerak. Turkiyaga eng yaqin yo‘l esa Ozarbayjon orqali o‘tadi.

– O‘zbekiston rahbarining Ozarbayjonga tashrifining Ashxobodda bo‘lib o‘tgan sammitga bog‘liq jihati bormi?

– Ashxoboddagi sammit kun tartibida asosan Turkmaniston orqali Eronga chiqish masalasi muhokama qilindi. Va albatta, muhokama qilingan yana bir yo‘nalish – Turkmaniston orqali Ozarbayjonga o‘tish. O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini Ozarbayjonga ikkita yo‘nalish orqali yetkazib berishi mumkin. Birinchisi – Qozog‘istonning Aktobe porti orqali. Ikkinchisi – Turkmanboshi porti orqali. Menimcha, O‘zbekiston muqobil yo‘l sifatida Qozog‘iston bilan ham aloqalarni teng olib borishga harakat qiladi.

– Bugun O‘zbekistonning Tog‘li Qorabog‘ masalasida pozitsiyasi qanday?

– O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da doim tinchlik hukm surishi tarafdori bo‘lgan. Bugun Ozarbayjon va Armaniston o‘zaro kelishib oldi. Hududiy mojaroga 90 foiz yechim topildi. O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tan oladi. Ya’ni, biz har ikki tomon o‘zaro kelishib olgan bo‘lsa, bu kelishuvni hurmat qilamiz. Va bu yerning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida o‘zbek maktabining ochilishi ramziy belgi. Ya’ni, maktab ochish orqali biz bu yerda doimiy tinchlik bo‘lishini istashimizni bildirdik.

Sardor Ali suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring