Zaxarova: Rossiya O‘zbekiston notasidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqyapti

Rossiya tomoni O‘zbekiston notasidagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqda va o‘zbekistonlik hamkorlarning tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yetkazilmoqda.
«Olingan ob’yektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi», – deb yozadi TASS Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovadan iqtibos keltirib.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burxanov mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada o‘zbek fuqarolariga nisbatan tintuvlar o‘tkazilayotgani va g‘ayriqonuniy munosabatda bo‘layotganidan xavotirda ekani, shu munosabat bilan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tushuntirish berishni so‘rab nota yuborganini ma’lum qilgandi.
«O‘zbekiston elchixonasidan nota olingani munosabati bilan biz undagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqdamiz. Shuni ta’kidlashni istardimki, bizda huquq-tartibot va boshqa xizmatlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallari mavjud. Hamkor davlatlar o‘rtasida odat bo‘lganidek, suhbat samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi va har qanday signal sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan murojaatida kelib tushgan ma’lumotlar tegishli tartibda vakolatli organlarga yetkaziladi», – deydi Zaxarova.
Rossiya TIV rasmiysi, shuningdek, mamlakati O‘zbekiston bilan mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygani, hamda ikki tomonlama munosabatlarning barcha masalalariga shu nuqtai nazardan yondashilayotganini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter