Zo‘ravonlikdan xoli hayot yoki o‘lim oxirgi chora emas... (video)
Yosh olimaning gender tenglik, feminizm, zo‘ravonlikka qarshi kurash masalalari bo‘yicha tadqiqoti bugungi kunda qay darajada muhimligi haqida.
Bugungi suhbatdoshimiz «110 metr balandlikda» loyihasi mehmoni, gender tengligi masalalari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Kamola Aliyeva.
— Xo‘sh kelibsiz. Sizning gender tengligi masalari bo‘yicha chiqishlaringizni ko‘p kuzatganmiz. Bugun aholi orasida gender tengligi tushunchasi haqida qanday tafovutlar va qarashlar mavjud?
— Gender tengligi tushunchasi haqida ilm odamlari orasida boshqacha, aholi orasida boshqacha tushunchalar bor. Ya’ni ko‘pchilik gender tenglik tushunchasini salbiy tushunadi. Aslida gender tenglik bu ikki jins, ya’ni ayol va erkakning huquq, imkoniyatlari teng deganidir. Gender tengligi tushunchasi bu ayollarning huquqlari erkaklarnikidan baland bo‘lishi kerak yoki erkaklarning huquqlari ayollarnikidan baland bo‘lishi kerak degani emas.
— Bugungi kunda ishxonalarda ayollarni ishga olish masalasida diskriminatsiyaga duch kelamiz. Mana shunday ayollarning ishga olinishidagi stereotiplarga nima sabab — ayollarning o‘z huquqini bilmasligimi yoki harakatsizligimi?
— Bu bo‘yicha tadqiqotim doirasida 300 dan ziyod respondentlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgandim. O‘shanda ko‘proq ayollar qatnashgandi. Chunki ishga qabul qilishda va mehnat faoliyati davomida gender stereotiplari va kamsitish holatlariga aksariyat ayollar duch keladi. Ammo bu haqda ochiq gapirish jamiyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, degan yozilmagan «qonun» mavjud.
Ko‘pincha, ayollar bunday hollarda indamay chidashni afzal ko‘rishadi. Sababi, ayol kishi yoshligidan qiyinchiliklarga «bardoshli» bo‘lishga va e’tiroz bildirmaslik ruhida tarbiyalanadi, buning oqibatida esa shu kabi holatlar takrorlanaveradi. Ma’lum bo‘lishicha, ish beruvchi ayollarni ishga olayotganda tumush qurishi, farzand ko‘rishi, yosh kelin ekanligi va tug‘ruq ta’tiliga chiqib ketishi bilan bog‘liq savollarni bergan va agar ish beruvchiga ayolning javoblari to‘g‘ri kelmasa ishga qabul qilmagan.
Bundan tashqari ayollarga lavozim berishda bular oilasi sabab karera qila olmaydi, degan vaj bilan ularning rivojlanishiga ko‘rinmas to‘siqlar qo‘yilgan. Va mana shu to‘siqlarga qarshi ayollar harakat qilmagan. Ya’ni, ular kurashgani bilan foydasi bo‘lmasligi yoki ishdan ketish xavfi kuchayishini sabab qilib ko‘rsatishgan.
Men boshqa soha vakillari bilan suhbatlashganimda ular ham ish beruvchi tomonidan «siz farzand ko‘rar ekansiz, biz sizni ishga ololmaymiz» degan diskrinimatsiyaga duch kelgan. Afsuski, hatto huquqshunos bo‘lishiga qaramay, o‘ziga bo‘lgan bunday munosabatni tabiiy deb qabul qilgan ayollar ham bor. Ya’ni ko‘pchilik buni jinsiy kamsitilish deb tushunmas ekan.
— Balki ayollarning professional mutaxassis bo‘lishi uchun imkoniyatlar, sharoitlar yaratilmayotgandir, ya’ni qizlarning kasb tanlashida ham stereotiplar mavjud...
— O‘rta Osiyoda, umuman butun dunyoda qizlar va o‘g‘il bolalarni har xil tarbiyalaymiz. Ya’ni ularni shaxs sifatida andozalashga harakat qilamiz.
O‘g‘il bolalar aksariyat holatlarda mard va qo‘rqmas, o‘z haqqini talab qiladigan, hissiyotlarini yashirmaydigan, boshqaruvni o‘z qo‘liga oladigan shaxs sifatida tarbiyalansa, qizlar andishali, itoatkor, kechirimli, sabrli, o‘z fikrini bildirishdan va haq-huquqini talab qilishdan tiyiladigan qilib tarbiyalanadi. Ushbu stereotip yondashuv oqibatida rahbar lavozimlarni ko‘pincha erkaklar egallaydi, ayollarni esa ijrochi xarakterdagi ishlarda uchratamiz.
Masalan bizda ayollar uchun o‘qituvchilik, shifokorlik, hamshiralik yoki uy xizmatkorligi kabi kasblar mos keladi, deb hisoblaymiz .Va qizlarni past maoshli ishlarga jalb qilamiz. Qizlar kasb tanlayotganda biror sohaga alohida qiziqib emas, balki oiladagi vazifalarga chambarchas bog‘liq bo‘lgan kasblarni tanlashini istaymiz. Aytaylik, qizlarni axborot texnologiyalari bo‘yicha qobiliyati tan olinmaydi, ya’ni yo‘naltirilmaydi.
— Qizlar va o‘g‘il bolalar orasida tengsizlik esa zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. Ayollarning zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa-da, o‘z haq-huquqlarini bilmasliklari, jabr ko‘rsa-da oilasini saqlab qolishga harakat qilishi ham uning biror kasb-hunarga ega bo‘lmaganligi, o‘zini moddiy ta’minlay olmasligi, ya’ni qaramligiga bog‘liq emasmi?
— Oxirgi paytlarda sabr-kosasi to‘lib o‘z joniga qasd qilayotgan yoki farzandlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashlayotgan ayollar haqida tez-tez eshitamiz. Bu masala bo‘yicha ham so‘rovnoma o‘tkazganimda, 20-30 foiz respondentlar oilani saqlab qolish uchun ayol kishi sabrli bo‘lishi kerak, degan javobni berishgan. Undan tashqari bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘tarilganida ko‘pchilik ayol o‘z oilasini saqlash uchun sabr qilish kerak, chidashi lozim, deya fikr bildirishadi. Vaholanki, bu yerda ayolning huquqlari, yashash huquqi, erkinligi poymol qilinmoqda. Zo‘ravonlik hech qachon urf-odat yoki qadriyat bilan oqlanishi kerak emas. Urf-odatlarni odamlar o‘zlari o‘ylab topadilar. Agar qadriyatlar yoki urf-odatlar insonning huquqlari va erkinligiga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, ulardan kechish kerak.
— Demak mentalitetimizda ayol birinchi o‘rinda oilani saqlab qolishga mas’ul, degan tushuncha mavjud. Ya’ni ayol zulmga chidash kerak, er xiyonat qilsa kechirishi kerak, u qaytib kelsa kutib olishi kerak.... Sizningcha qachonlardir mana shu qarashlar o‘zgaradimi?
— Respublikamizda ham ayollar huquqlari va zo‘rovonlikka qarshi kurashadigan qonuniy hujjatlar qabul qilingan. Masalan, Konstitutsiyamizning 46-moddasida erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar, deb belgilangan, 65-moddasida esa onalik va bolalik davlat muhofazasida deyilgan. Demak, bu yerda faqat ona va bolaga urg‘u berilayapti, o‘z-o‘zidan erkak diskriminatsiyaga uchrayapti. Qo‘shni davlatlarning konstitutsiyalarini o‘rganganimda u yerda otalik, onalik va bolalik davlat muhofazasida deyilgan. Demak, otalar ham oilaga mas’ul.
Erkak ko‘chanikidegani, oilani faqat moliyaviy tomondan ta’minlash degani emas, u ham oilani saqlab qolishga, sog‘lom muhitni yaratishga, bola tarbiyasiga mas’ul. Qachon oiladagi zo‘ravonlikka barham beriladi, qachonki to‘xtamasdan bu haqda gapirilsa, bu haqda ilmiy tadqiqotlar ko‘plab olib borilsa, OAVlar bu haqda to‘xtamasdan chiqishlar qilsa, ijtimoiy roliklar ko‘paysa. Zo‘rovonlikning ko‘payishiga yoki kamayishiga tedeko‘rsatuvlarning ham hissasi katta.
Mana shu kuzatishlarim natijasida menda ba’zi e’tirozlar paydo bo‘ldi. Masalan, «Sevimli» telekanali orqali efirga uzatiladigan «Mening qaynonam general» nomli ko‘rsatuvida jamiyatimizda eng ko‘p muhokama qilinadigan qaynona va kelin munosabatlari aks etadi. Bunda kelinlarning ovqat pishirishi bilan birga ularning chaqqon bo‘lishi, barcha uy yumushlarini o‘z vaqtida bajarishlari orqali «ideal kelin» obrazi shakllantiriladi. Kelinning oila a’zosi sifatida haq-huquqlari, dam olishi, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi, inson sifatida rivojlanishi, kasbiy jihatdan o‘z ustida ishlashi borasidagi masalalar ko‘rsatuvda umuman ko‘tarilmaydi. Faqatgina ayolning oiladagi o‘rni haqida gapirilib, ko‘proq kelinning boshqa oila a’zolariga tobe bo‘lishi kerakligi uqtiriladi. Bu esa jamiyatimizda gender stereotiplarini targ‘ib qilib, jamiyatda gender tengsizlikni normal holat sifatida qabul qilishni mustahkamlaydi.
Yuqoridagi misollar orqali, ayollarni nafaqat turmush o‘rtoq, kelin, ona, uy bekasi, balki shaxs sifatida o‘zini namoyon qilishiga, professional rivojlanishga huquqi borligini keng targ‘ib qilish kerakligini ta’kidlamoqchiman. Erkaklarning aksariyat qismi ochiqchasiga tenglikka intiladigan ayollarni yoqtirmasligi sir emas. Shuningdek, jamiyatimizda ko‘pchilik ayollarining tenglikka intilmasligi ham bor gap. Fikrimcha, shu sabab, ishga kirish jarayonida yoki mehnat faoliyatida ayollarning gender diskriminatsiyasiga uchrashi «oddiy» hol sifatida qaralib, ushbu stereotiplarni jamiyat ongiga singib ketganidan dalolat beradi. Ammo, bunday vaziyatlar huquqiy oqibat keltirib chiqarishi mumkinligini anglab yetish lozim, deb o‘ylayman.
Seriallarimizda ayollarni yomon obrazlarda ko‘rsatishadi, ya’ni ayollar moddiyotga o‘ch, shantajchi qilib gavdalantirishadi. Qachon qarasang, qaynona kelin g‘ijillashgani g‘ijillashgan. Bu ham o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga xohlaymizmi yo‘qmi, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
— Ayollarga qilinayotgan zo‘ravonliklarga qarshi ko‘pincha ayollarning o‘zlari kurashadi. Birorta erkakni ayollar huquqlari bo‘yicha kurashayotganini ko‘rmayapmiz. Ayollar huquqlari bilan kurashadiganlarni g‘arbda feministka deyishadi. Umuman bizning jamiyatga feministlar kerakmi?
֫—Respondentlarning aksariyati bizda feminizmni noto‘g‘ri talqin qilinishi, uning asl mohiyatini tushunmaslik oqibatida jamiyat buni umuman qabul qilmasligi haqida fikrlar bildirishgan. Ba’zi javoblarda esa qisman qabul qilinishi mumkinligi, ammo bir qator to‘siqlar baribir mentalitetimizga borib taqalishi haqida fikrlar bildirilgan.
Fikrimcha, jamiyatimiz feminizmni qabul qilishi uchun, avvalo ushbu tushunchani to‘g‘ri talqin qilish darkor. Bu esa o‘z navbatida, ushbu yo‘nalishda to‘g‘ri targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish orqali amalga oshirilishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tilganidek, har bir jamiyat o‘zining milliy qarashlaridan kelib chiqib feminizmni qabul qiladi. Jamiyatimizda feminizm orqali avvalo, ayol huquqlari ham inson huquqlari ekanligini, ayollarning huquqlari himoya qilinib, ularga teng imkoniyatlar yaratilishi kerakligi g‘oyasini targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.
Shu o‘rinda, sharqona feminizmga ta’rif berish lozim, deb hisoblayman. Sharqona feminizm – bu ayollarning ta’lim olishga, erkin kasb tanlash va ishlashga bo‘lgan huquqlari, oila qurish masalasida tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishga, jamiyat tomonidan xotin-qizlarga nisbatan bosimni kamaytirishga, asrlar davomida shakllanib jamiyat ongiga singib ketgan gender rollardan xoli bo‘lishga va ularni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda o‘zgartirishga, o‘z shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishni talab qilishga, zo‘ravonlik va tazyiqlardan xoli bo‘lishga chorlovchi dunyoqarashdir.
Sharqona feminizm g‘arbda targ‘ib qilinadigan feminizm g‘oyalaridan farq qiladi, ayol va erkakning butunlay tenglik g‘oyasini utopiya ekanini qabul qilgan holda, ayollarning o‘zbek jamiyatidagi o‘rnini yuksaltirishga qaratilgan harakat sifatida baholanishi maqsadga muvofiq, degan fikrdaman.
Hech qaysi shahar bir kunda qurilmagan. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, har bir yangilik yoki o‘zgarishlar ko‘pincha muayyan qarshiliklarga duch kelgan. Ammo, vaqt o‘tishi bilan odamlar bunday o‘zgarishlarni ijobiy taraflarini ko‘rib, uning to‘g‘ri yoki muqobil shaklda qabul qilishga erishishgan. Garchi feminizm g‘oyasi bizning jamiyatimizda katta qarshiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, bu tushunchani sharqona shaklda va ko‘rinishda mavjud bo‘lishi mumkinligi, bu esa o‘z navbatida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi haqida o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.
— Keyingi paytlarda eshitayapmiz, oilalarda uchinchi shaxsning aralashuvi bilan oilalar buzilib ketmoqda. Yoki bo‘lmasa saqlab qolishning iloji bo‘lmagan vaziyatda yana uchinchi tomonning aralashishi bilan oila saqlanb qolinishiga harakat qilmoqda. Bu esa na ota-onasidan, na mahalladan qo‘llab-quvvatlov ololmayotgan, aytaylik, kelinning «sabr kosa»si to‘lishiga, hatto o‘z joniga qasd qilishigacha olib kelmoqda. Yarashtirishni iloji bo‘lmagan oilalarni statistika uchun tiklashga urinish holatlarining ayanchli oqibatlariga mahalla ham sababchi bo‘lib qolmayaptimi?
— Bizning qonunlarimizda maishiy zo‘ravonlik tushunchasi yo‘q. Avvalo, mana shu tushunchani shakllantirishimiz kerak. Bilasiz, Respublika xotin-qizlar kengashi tashkil qilingan. Oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga amaliy ko‘mak berish uchun ishchi guruhi tashkil qilingan. Bu ishchi guruhga turli davlat tashkilotlari va NNTlar biriktirilgan. Bu ishchi guruhlar bilan kompleks chora-tadbirlar belgilangan. Yo‘l xaritasi tuzilgan.
Oilaviy maishiy zo‘ravonlik qurbonlariga amaliy ko‘mak berilmayotganiga yechimlar izlanmoqda. Tadqiqotchi sifatida oilaviy maishiy zo‘ravonlik tushunchasini qonunchilikka kiritishni taklif qilaman. Kelgusida zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunda aynan oilaviy maishiy zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi. Masalan, g‘arbda bu og‘ir jinoyat hisoblanadi. Bizda esa er-xotin janjallashib qolsa, qo‘shnilar shikoyat qilsa, xotin eridan shikoyat qilmadi, deb ish ochilmaydi. Ya’ni mahalla noziri aralashmoqchi bo‘lsa, zo‘ravonlikka ucharagan ayolning o‘zi, «bolalarimning otasi uyat bo‘ladi, isnod bo‘ladi», deb da’vosini qaytarib oladi. Bu noto‘g‘ri, ya’ni ayol da’vo qilmagan taqdirda zo‘ravonlik jazosiz qolmasligi kerak.
Yana bir gap — bizda psixolog, suitsidologlarga talab va ehtiyoj katta. Lekin shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, ko‘pincha televideniya orqali o‘z muammolariga yechim topmoqchi bo‘lgan jabrlanuvchiga psixologlar juda noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishadi. O‘zi ruhan siqilib najot izlab kelgan ayolga ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan psixologlar baland ovozda nasihat bergan yoki uning o‘zini barcha ko‘rguliklariga aybdor qilib tashlashgan. Shuning uchun psixologlarning kvalifikatsiyasini qaytadan ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblayman.
— Gender tenglik, feminizm, zo‘ravonlik kabi masalalar faqat shu borada ilmi, tajribasi bor ayollar o‘rtasida muhokama qilinadi, yechim izlanadi. Endi qishloqlarda hali gender tenglik, feminizm, zo‘ravonlik kabi tushunchalarga ega bo‘lmagan, hayot shu ekan, qismatimiz shu ekan, deb kun ko‘rmay o‘tib ketayotgan ba’zi ayollarni bu holatlardan qanday olib chiqamiz? Axir millatni onalar tarbiyalaydi, erkakniyam ona tarbiyalaydi...
— Erkaklarni biz tarbiyalay olmaymiz. Ammo videoroliklar orqali, psixologik yondoshuv orqali ularning dunyoqarashini o‘zgartirish mumkin. Maktabdan, bog‘chadan yosh avlodga gender tenglikni, ikkinchi jinsning haq-huquqlarini hurmat qilishni o‘rgatib borish lozim. Ayniqsa, ayolni har bir ko‘rgulikka ayblash illatini yo‘qotishimiz kerak. Axir uni ayblashdan oldin oqibatlarini, sabablarini o‘rganishimiz kerak, bilmaymizku hayotida qanday qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu vaziyatga o‘z-o‘zidan yetib kelmagandir.
Qishloqlarda ayollar mehnat bilan ovora bo‘lib televizor ko‘rmasligi mumkin, balki radio eshitar, agar radio eshitishning imkoni bo‘lmasa, manzilli ko‘mak berish lozim.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan reja ishlab chiqilgan. Balki mahallalarda mutaxassislar treninglar o‘tkazish kerak. Zo‘ravonlikka qarshi kurash faqatgina huquqshunosning, psixologning, mahalla mutaxassislarining emas, har birimizning mas’uliyatimiz, atrofimidagi zo‘ravonlikka har bir shaxs loqayd bo‘lmasligi kerak. Agarda bizning mana shu chiqishlarimiz bitta insonning hayotini yaxshilasa, bu yutug‘imiz. Ba’zida ayollarimizdan eshitib qolamiz, «sizlarning harakatlaringiz va chiqishlaringizdan so‘ng biz zo‘ravonlikdan xoli hayot ham borligini, o‘lim so‘nggi chora emasligini bildik», degan iqrorlarini, albatta bu juda katta quvonarli hol. Biz boshqalarga befarq bo‘lmasak, bu yo‘lda birlashib harakat qilsak maqsadga erishamiz, deb o‘ylayman.
— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter