Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Internetda shafqatsizlik va zo‘ravonlik targ‘iboti: muammo va yechim

 Internetda shafqatsizlik va zo‘ravonlik targ‘iboti: muammo va yechim

Bugun yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchaning qo‘lida telefon. U nafaqat muloqot vositasi, balki virtual dunyoga eng yaqin yo‘lga aylandi. Raqamli texnologiyalar rivojlanishi insoniyatning shaxsiy hududi chegaralarini buzib yubordi. Qaysi makonda, qanday muhitda bo‘lishidan qat’iy nazar, uning ruhiyatida kechayotgan evrilishlarni aniqlash imkonsiz bo‘lib bormoqda.

Bugun bolalarning tarbiyasiga, dunyoqarashi va fikrlari shakllanishiga real muhitdan ko‘ra, virtual muhit ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Onlayn platformalar orqali axborot almashinuvi, shu bilan birga, ta’lim, tadbirkorlik va ijtimoiy muloqot samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ammo shunday imkoniyatlar fonida, internet orqali shafqatsizlik, zo‘ravonlik, axloqsizlik kabi salbiy illatlar ham keng tarqalmoqda. Bu holat nafaqat shaxsiy, balki umumjamiyat darajasida jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, YouTube, TikTok, Instagram va Telegram kabi platformalarda ba’zi blogerlar yoki guruhlar tomonidan zo‘ravonlik, shafqatsiz munosabatlar, hatto jinoyatlarning tafsilotlarini targ‘ib qilish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Masalan, oiladagi zo‘ravonlik, ko‘cha janjallari, yo‘l-transport hodisalari yoki «batl»lar nomidagi jasorat ko‘rsatishga qaratilgan videolar ayrim yoshlar tomonidan qiziqish bilan kuzatilmoqda. Bunday kontentlar yoshlarning nafaqat ruhiy, balki axloqiy qarashlariga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar, ayollar, hatto bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni aks ettiruvchi fotosurat va videolar internet tarmog‘ida borgan sari ko‘payib bormoqda. Ushbu tarmoqlarning algoritmidan kelib chiqilsa, bilmasdan bir-ikki marta bosilgan yoki ko‘rilgan lavhalar ortidan keyingilari kelaverishi hali ongi to‘liq shakllanib ulgurmagan bolalar va o‘sminlar ruhiyatiga qanday ta’sir qilayotganini tasavvur qilish unchalik ham qiyin emas.

Ayrim hollarda ommaviy axborot vositalari ham bu kabi materiallar tafsilotlari yoritish orqali ularning ommalashuviga hissa qo‘shmoqda. Masalan, «Toshkentda erkak kishiga 24 marta pichoq urib, o‘ldirgan» degan xabar keng muhokama qilingan holda tarqatildi. Yoki yuragi bo‘shlar ko‘rmasin – Toshkentda 24 yoshli yigit o‘gay akasi va kelinoyisini o‘ldirdi. Akasining tanasini bo‘laklarga bo‘lib kanalga tashlab yubordi kabi tafsilotlarning yoritilishini ham oqlab bo‘lmaydi. Shuningdek, «samosud»lar, o‘zaro turli janjalli voqealarni telefoniga videoga olib, turli guruhlar va tarmoqlarda tarqaratyotganlar ham o‘zlari bilib-bilmay shafqatsizlikni targ‘ib qilayogani achinarli.

Albatta huquq-tartibot organlari o‘zaro janjal va jinoiy harakatlar bo‘yicha holatni o‘rganib, tegishli huquqiy baho bermoqda. Lekin uni tarqatayotganlar-chi? Keyingi vaqtlarda yo‘l-transport hodisalari yoki yong‘inlar chiqqanda odamlarning yordamga emas, ushbu holatni videoga olib tarqatishga zo‘r berishi odatiy holga aylanayotgani jamiyatning org‘iqli nuqtalaridan bo‘lib qolmoqda.

Internetdagi zo‘ravonlik va axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi kontentlar, birinchi navbatda, yoshlarning ruhiy barqarorligiga xavf soladi. Yoshlar, ayniqsa, o‘smirlar, o‘zlariga ideal obrazlarni aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali izlashadi. Agar ularga zo‘ravon blogerlar yoki tartibsiz hayot tarzidagi shaxslar namuna sifatida taqdim etilsa, bu ularning ma’naviy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.

Bunday muammolarga qarshi kurashishda qonun ustuvorligini ta’minlash juda muhim. O‘zbekistonda internetda axloqsizlik, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda bu normalarni tatbiq qilishda muayyan muammolar mavjud. Shuning uchun ham mavjud qonunchilikni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, jumladan, zo‘ravon kontentlarni aniqlash va bloklash mexanizmlarini kuchaytirish zarur.

Farzandlarimizning ma’nan komil, axloqan barkamol shaxs bo‘lib yetishishida davlat organlari, ta’lim muassasalari, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari hamkorlikda ish olib borishlari zarur. Ta’lim tizimida axborot madaniyati, raqamli xavfsizlik va axloqiy tarbiya bo‘yicha darslar joriy etilishi davr talabi bo‘lib bormoqda. Shu bilan birga, internet faoliyatini monitoring qiluvchi maxsus idoralar samarali ishlashi, yoshlar uchun sog‘lom kontentlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratish kerak.

Internet – bu cheksiz imkoniyatlar manbai, lekin undan foydalanish madaniyati va mas’uliyati ham shuncha muhim. Shafqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallarning tarqalishi nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatning ma’naviy holatiga jiddiy xavf solmoqda. Ushbu muammoni hal qilishda qonunchilikni takomillashtirish, davlat va jamiyatning hamjihatligi, oila va ta’lim muassasalarining faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bilan birga, davlatning bu boradagi mas’uliyatini oshirish, mas’ul tuzilmalarning faoliyatini takomillashtirish zarur.

Jasur HUSANOV,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring