Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zargarlik sanoati milliy iqtisodiyotimizning «oltin» drayveriga aylanib bormoqda

Zargarlik sanoati milliy iqtisodiyotimizning «oltin» drayveriga aylanib bormoqda

Yaqingacha O‘zbekiston dunyoning eng yirik oltin zaxiralariga ega sanoqli davlatlaridan biri sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, bugun jahon bozorining qimmatbaho stendlarida milliy zargarlik brendlarimiz munosib joy egallab bormoqda. Soha rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor natijasini iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ham tasdiqlaydi.

Xususan 2020 yilda ayni yo‘nalishdagi ishlab chiqaruvchilar 124 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning soni qariyb 448 taga yetgan. Zargarlik mahsulotlarining eksportdagi ulushi 2020 yilda 2.7 mln. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida bu ko‘rsatkich 36 mln.$ ni qayd etdi.

Albatta erishilgan natijalar zamirida sohani huquqiy, moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. 2021 yilning 22 fevralida qabul qilingan qaror zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga zamin yaratgan bo‘lsa, 2022 yilning dekabrida mazkur sohadagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yana bir huquqiy asosi qabul qilindi. Mazkur qaror zargarlik korxonalariga bir qator qulayliklar yaratish bilan birga, qimmatbaho metallarni tovar xom-ashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti bilan sotib olish imkonini ham yaratdi.

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan «Gold Moon Tashkent» MChJ «O‘zmilliybank» AJ tomonidan taqdim etilayotgan bank kafolatidan foydalanib kelmoqda. Qiymati qariyb 21 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

– Bugungi kunda mahsulotlarimizning turi 5000 ga yetdi. Aytishim kerak, ishlab chiqarish jarayonida Italiya, Turkiya va Dubay mahsulotlarining eng so‘nggi modellarini xalqimizga taqdim etib kelyapmiz. Natijada respublika bo‘yicha tashkil etilgan savdo tarmoqlari sonini oshirishga imkoniyat paydo bo‘ldi. Endilikda hududlardagi 21 ta do‘konimiz orqali zargarlik mahsulotlarini mijozlarga yetkazib beryapmiz. Bundan tashqari, AQSh, Dubay, qolaversa, qo‘shni respublikalarga ham eksport qilish imkoniga egamiz. Ta’kidlash kerak, sohada qabul qilinayotgan yangidan-yangi qarorlar faoliyatimizni yanada kengaytirish va rivojlanishga sabab bo‘lmoqda. Masalan, O‘zmilliybankning kafillik xati asosida zargarlik buyumlari uchun Olmaliq kon metallurgiya kombinatidan xarid qilingan xom-ashyo uchun to‘lovni 6 oy muddatga bo‘lib to‘lash sharti joriy etildi. Albatta bu biz uchun katta imkoniyatdir, – deydi sotuv bo‘limi rahbari Behzod Solihov.

Ushbu imtiyoz nafaqat yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar balki yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham birdek amal qiladi. «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi tarkibida faoliyat yuritib kelayotgan 60 ga yaqin xususiy ishlab chiqaruvchilar ham bugun ushbu qulaylikdan foydalanib kelishmoqda.

– Bugun mazkur soha chindan rivojlanmoqda. Nafaqat katta korxona va zavodlar uchun, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham keng qulaylik yaratilmoqda. Xususan, zargarlik mahsulotlari ta’minoti masalasida bizni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash eng muhimidir. Endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma yoki birja savdosi orqali olingan xom ashyo uchun to‘lovni 18 oyga kechiktirib to‘lashlari ham mumkin. Bu shubhasiz, tadbirkorlarning yangi rejalari uchun muhim bo‘ladi, – deydi «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasining investitsiya va innovatsion loyihalar bo‘limi boshlig‘i Siroj Sharipov.

Joriy yilda zargarlik sohasida 60 ta yangi zamonaviy korxonalarni ishga tushirish, qiymati 1.9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va tayyor mahsulot hajmini 6800 kgga yetkazish vazifasi belgilangan. Taqdim etilayotgan bank kafolati va qator imtiyozlar ushbu maqsadlar ijrosini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring