Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi texnopark tashkil etiladi

Yangi texnopark tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 19.05.2021 yildagi«Qashqadaryo viloyatida dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’lim muassasalarida startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 309-son qaror qabul qilindi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.

Hujjatga asosan, «Qarshi Technopark» dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda - Texnopark) tashkil etilgan.

Texnopark «Navo-House» MChJning Qarshi shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi 50-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilgan. Texnopark faoliyati direksiya tomonidan boshqariladi. Direksiya MChJ shaklida tashkil etiladi.

Quyidagilar Texnoparkning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • viloyatda axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, mahalliy dasturiy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda ilgari surish va eksport qilishga ko‘maklashish;
  • innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish va natijalarini tijoratlashtirishda axborot texnologiyalari sohasidagi startaplar va kichik korxonalarga ko‘maklashish, shu jumladan, venchur moliyalashtirish orqali startap-loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
  • yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatish zanjirining uzluksizligini ta’minlash maqsadida ixtisoslik bo‘yicha ilmiy, ta’lim, ishlab chiqarish tashkilotlarining integratsiyalashuvini ta’minlash;
  • axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar jamoasini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasida yetakchi kompaniya va mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslari, treninglar va ilg‘or o‘quv kurslari, seminarlar tashkil etish va boshqalar.

Texnopark faoliyati Texnopark tomonidan shartnomalar asosida amalga oshirilgan xizmatlardan tushgan mablag‘lar,  Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetining 2021-2022 yillardagi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari (Texnopark faoliyatidan tushgan mablag‘lardan yetishmagan qismi), shuningdek qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Qashqadaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya markazlarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring