«Yadroviy tun» boshlanishiga 100 soniya qoldi
«Yadroviy tun» soati millari 20 soniya oldinga surildi — 23:58:20. Bu shuni anglatadiki, «yadroviy tun» boshlanishiga 100 soniya qoldi va global halokat xavfi o‘sishi jadallashgan, deyiladi TASS xabarida.
Soat millari oldinga surilgani haqida 23-yanvar, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Amerikaning «Bulletin of the Atomic Scientists» jurnali prezidenti Reychel Bronson ma’lum qildi. Ushbu soat aynan ushbu jurnal muqovasida birinchi bo‘lib 1947-yili paydo bo‘lgan.
Reychel Bronson ta’kidlashicha, matbuot anjumaniga to‘planishdan maqsad soat millari o‘zgartirilishini ma’lum qilish asnosida biz qanday xavf-xatar yoqasiga kelib qolganimiz haqida ogohlantirishdir.
BMT sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun mavjud xatarlarga qarshi ko‘p tomonlama tizimlarning noqobilligidan xavotir bildirdi.
«AQSh Parij bitimidan va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha birgalikda harakatlar rejasidan chiqib ketdi, BMT xavfsizlik kengashi esa falaj holatda — bizga eng kerak paytda hamkorlik mexanizmlariga putur yetmoqda», — dedi Pan Gi Mun.
Soat millarining oldinga surilishini olimlar umumiy yadroviy tahdidning oshgani, AQShning Eron bilan yadroviy bitimdan chiqib ketgani, iqlim o‘zgarishlariga chora ko‘rish bo‘yicha harakatlarning sustligi, kibermakonda yolg‘on axborot tarqatish kampaniyasi avj olgani kabi omillar bilan izohlashmoqda.
«Ha, vaziyat ancha jiddiy. Ayniqsa, Eron masalasi. Shunga qaramasdan, bu nizo keskinlashuvi hozircha to‘xtaganining o‘ziyam katta omad va muvaffaqiyat», — deydi Mintaqaviy muammolar instituti (Rossiya) bosh direktori Dmitriy Juravlyov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter