Xayyom haqidagi romanning ikkinchisi yozib tugatildi
Yozuvchi Nabi Jaloliddin Umar Xayyom haqidagi «Oraliq» romanining davomini yozib tugatdi. Bu haqda yozuvchining Telegramdagi kanalida xabar berildi.
«Umar Xayyom hayoti va ijodi, uning o‘smirlik va yigitlik davrlari haqida so‘zlovchi «Oraliq» romani kitobxonlar tomonidan juda iliq kutib olingan edi.
Ushbu tarixiy romanni yakunlash, Umar Xayyomning haqiqiy hayotini oxiriga yetkazish maqsadida, shuningdek, kitobxonlarning talablariga binoan, yozuvchi Nabi Jaloliddin Xayyom haqidagi ikkinchi kitobni yozib tugatdi.
Ushbu yangi roman «G‘ayb ostonasida» deb nomlanadi. Unda Xayyomning Xayyom bo‘lishidagi davrlar, mashhurligi, o‘sha paytdagi tarix va tarixiy shaxslar, G‘azzoliy bilan uchrashuv, umuman, hamma-hammasi qalamga olingan. «G‘ayb ostonasida» romani tez oylarda kitob holida nashr etiladi», deyiladi xabarda.
2011-yilda Nabi Jaloliddinning Umar Xayyom haqida hikoya qiluvchi «Oraliq» romani kitob holida nashrdan chiqqandi va Yozuvchilar uyushmasining nasr kengashi tomonidan yuqori baholangan, kitobxonlar esa iliq kutib olgan edi. «G‘ayb ostonasida» ushbu romanning davomidir.
Eslatib o‘tamiz, 29-avgust kuni Nabi Jaloliddinning yana bir tarixiy asari — Cho‘lpon haqidagi «Tegirmon» romani kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tgandi. Telegram-kanalning xabariga ko‘ra, ushbu kitobning narxi 40 000 so‘m.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter