«Yuraklar boshqa, tilaklar boshqa...» yoxud Cho‘lponning o‘ris xotini

«Bu foniy dunyoda o‘z xotiniga xiyonat qilmagan erkak bormi o‘zi?», «Har qalay, bu xotin menga hech narsa bermaganida ham roziman. Ko‘zimni to‘sib yotgan pardalarni olib tashladi-ku!», «Tarbiyasiz, ongsiz va nodon musulmon xotin bilan tarbiyali, madaniy ovro‘palikni solishtirib ko‘rasiz. Farq yer bilan osmon qadar! Darhol bilinadi». «Yarim kechada biz, ikki telba ta’qibdan qochgan o‘g‘riday Maskov ko‘chalarida ot qo‘yib ketdik». «Machitdan er-xotin bo‘lib uyga qaytganimizda soat ikkiga yaqinlashib qolgandi…»
Yuqorida keltirilgan iqtiboslar – ulug‘ millatparvar adib Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidagi asosiy qahramonlardan biri – uddaburon Miyoqubning turli vaziyatlarda aytgan fikrlari. Ma’lumki, romanda XX asr boshlaridagi ishbilarmon odamlar toifasiga mansub Miryoqubning turli holatlardagi hayoti ham yoritilgan. Asar so‘ngida uning bir jadid yigit bilan tanishuvi natijasida dunyoqarashi o‘zgarishi, Miryoqubning o‘ris xotin Mariyaga uylanishi ham aks ettirilgan.
Miryoqub-ku, Cho‘lpon tasvirlagan badiy qahramon. Biroq XX asrning boshlarida, xususan, 1920–1930 yillarda ham ko‘plab o‘zbek yigitlarining rus xotin-qizlariga uylanishi uchrab turardi. Jumladan, Cho‘lpon chiroyli rus ayoli bilan turmush qurib, hayotining ma’lum onlarini zavqli o‘tkazgan. Rafiqasi Katya ilhom malikasi sifatida unda ijodiy ishtiyoq uyg‘otgan.
Xo‘sh, Cho‘lponning o‘ris xotini Katya kim va uning adib qamoqqa olinganidan keyingi hayoti qanday kechgan?
Asli andijonlik bo‘lgan Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li o‘ziga to‘q oila farzandi bo‘lsa-da, otasining ta’sirida ijodga havas ruhida tarbiyalandi. Qolaversa, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida o‘lkada kechgan vaziyat tufayli goh Andijonda, goh Toshkentda, Buxoro va Samarqandda hayot kechirdi, ijod, turmush tashvishlari bilan band bo‘ldi. U taqdir rishtalarini ma’lum muddat Soliha ismli qiz bilan bog‘ladi. Dastlab shirin turmush kechira boshladilar. Soliha ham Abdulhamidning eldoshi bo‘lib, Andijonning Chorguzaridan edi.
Abdulhamid ijodkor inson, qolaversa, taraqqiyparvar, zamonaviy jadid ziyolisi sifatida Solihani o‘z davrining yetuk ayoli qiyofasida ko‘rishni istardi. Shu sababli yaxshigina dutor chertadigan xotiniga musiqa maktabining yosh muallimini yollab, pianino chalishni ham o‘rgatishni hohlab qoldi. Bu voqealar Cho‘lpon oilasi bilan Samarqandda yashayotgan, shahar respublika poytaxti bo‘lib turgan davrda, Fayzulla Xo‘jayevlar bilan davradosh sifatida bordi-keldi qilayotgan paytlarda yuz bergan.
1928–1930 yillarda Cho‘lpon turli joylarga qatnab turardi. Ana shunday safarlardan biridan qaytgach, turfa gap-so‘zlarga uchib, Soliha bilan orani ochiq qildi.
Shundan so‘ng Soliha Cho‘lpon va uning otasi Sulaymonqul bazzoz bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan toshkentlik nufuzli savdogar Olimxon akaning huzuriga kelib, yig‘laganicha vaziyatni tushuntirdi. Bu paytda Cho‘lpon ham Samarqanddan Toshkentga tashrif buyurib, otasining do‘sti Olimxon bilan uchrashdi. Olimxon unga nasihat qildi, ammo shoir ajrashishga ahd etganini aytdi. Ajrashishga, turli gap-so‘zlarga esa Solihaning pianino chalishni o‘rgatgan musiqa muallimi bilan birga tushgan surati sabab bo‘lgandi. Cho‘lpon o‘sha rasmni Olimxon akaga ko‘rsatar ekan, endi oilani tiklab bo‘lmasligini uqtirdi.
– Unda yo o‘zingiz oborib egalariga topshirib kelasiz, yo kechiraman, desangiz, boshqa nikoh o‘qiymiz, – dedi Olimxon.
Ana shundan keyin ham oilaning tiklanmasligi aniq bo‘lgach, Olimxon Solihani izvoshga o‘tqazib, vokzalga olib bordi. Cho‘lpon va Sodir qori ismli andijonlik kishi u yerga boshqa izvoshda ravona bo‘ldilar. Shu taxlit ular poyezdda, boshqa-boshqa kupeda Andijonga jo‘nashgandi...
Oilasi barbod bo‘lgach, Cho‘lpon avval Soliha bilan birga istiqomat qilgan Samarqand shahri, Qo‘shhovuz mahallasidagi 94-uydan Moskvaga ko‘chib ketdi. Samarqandda yurgan paytida yonma-yon qo‘shni bo‘lib yashagan Abduaziz Xolmuhammedovning xotiralariga ko‘ra, Cho‘lpon unga quyidagicha xat yozib yuborgan: «Abduaziz aka! Biz Soliha bilan ajrashdik. Yuraklar boshqa, tilaklar boshqa, butun-butun yotlik va begonalik. Men ertaga Moskvaga ketayotirman».
Cho‘lponning Moskvaga jo‘nashiga birgina Soliha bilan ajrashgani sabab emas edi. Negaki 1927–1930 yillarda unga millatchi shoir tamg‘asi urilib, ta’qiblar uyushtirilgani va vaqtincha hasadgo‘ylar ko‘zidan chetda yurishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Shuningdek, biz ham yostiqdoshi Solihadan ajralishiga faqatgina musiqachi yigit bilan tushgan surati sabab bo‘lmagan, degan fikrdamiz. Chunki Cho‘lpon ijodiga hasad bilan qaraganlar uning hayotiga ham yovqarash qilganlari aniq. Go‘zal Soliha bilan shirin turmushini buzish orqali ijodini yo‘qqa chiqarish, tushkunlik holatiga solish, turli yolg‘on gap-so‘zlar, mish-mishlarni atayin tarqatish hasadgo‘ylarning dushmanlarcha zarbasi edi. Ijodkorga xos injiqlik, gap-so‘zga ishonish va dastlabki fikrida qat’iy qolishdek fe’l-atvor Cho‘lpondek ulug‘ adibda ham mujassam edi. Xullas, u Soliha bilan ajrashib, Moskvaga yo‘l oldi.
Garchi Cho‘lpon Soliha bilan ajrashsa-da, uni unutolmadi va oilasini hasadgo‘y g‘animlar buzganini anglab yetdi.
1931 yilda Yunus Maqsudiy Cho‘lponning Moskvadagi uyiga tashrif buyurganida, u yerda uylangan rafiqasi Katya shoirning she’r daftarini o‘qib o‘tirishni taklif qiladi. O‘sha daftarda quyidagi she’r ham bo‘lgan:
Bildim endi, shuncha bergan
va’dalar yolg‘on ekan,
Ko‘nglimizni o‘zgalar o‘z
ko‘nglig‘a olg‘on ekan.
Men ko‘ngil berdim, u ham
menga ko‘ngil berdi, desam,
Ayriliq o‘z xanjarin
ko‘ksimg‘a o‘qtolg‘on ekan.
Yosh ekanman, bilmaganman
va’dalari oxirin,
Bevafolikka kishilar
o‘rganib qolg‘on ekan.
Oqibat, mehru muhabbat
zarra ta’sir etmadi,
Shum raqiblar yorni beshak
yo‘ldan ozdirg‘on ekan.
Ushbu she’rni o‘qigan Yunus Maqsudiy arzi holdan iborat satrlarni kimga bag‘ishlab yozganini so‘raydi.
– Rafiqam Soliha bilan Samarqandda yashar edik. U musiqa bilim yurtida o‘qidi. G‘animlarimning so‘ziga kirib, men bilan ajrashdi. O‘shanga yozgan edim, – deya Cho‘lpon xo‘rsinib qo‘yadi.
Shoirning «g‘animlarimiz gapiga kirib, men bilan ajrashdi», deb o‘zini aybli his qilganidan ham bilsa bo‘ladiki, Soliha Cho‘lponning yodidan o‘chmagan. Xullas, taqdiri azal sabab ular ajrashdilar.
Cho‘lpon Moskvada boshqa bir go‘zal ayol bilan tanishib, unga uylandi. Ma’lumki, u Moskvaga 1931 yilda ketgan. Fayzulla Xo‘jayevning yordami bilan sobiq ittifoq xalq komissarlari kengashida tarjimon bo‘lib ishlagan. Vatanidagi hasadgo‘ylar qutqusi, ta’qibi va oilasi barbod bo‘lganidan iztirob chekib yurgan shoir Abdullajon Toshmuhammedov degan tanishi orqali 27 yoshli Yekaterina bilan do‘stlashib qoladi. Bu do‘stlik esa ularning oila qurishiga olib keldi.
Ayolning asl ism-sharifi Yekaterina Ivanovna Tokareva bo‘lib, 1904 yilning 23 noyabrida Peterburgda tug‘ilgandi. Biroq bolaligi Kiyevda o‘tgan edi. Otasi chilangar bo‘lib, o‘z ustaxonasiga ega edi. Katya o‘n yetti yoshga to‘lgach, mustaqil hayotga qadam qo‘yib, turli joylarda ishlagan. 1928 yili esa harbiy uchuvchi Aleksandr Anisimovga turmushga chiqqandi. Ammo bir yarim yillik shirin turmushdan so‘ng, 1930 yilda eri avtomobil halokatidan vafot etadi. Cho‘lpon bilan tanishgan 1931 yili esa Katya Moskvadagi to‘qimachilik fabrikasida ishlardi. Ular turmush qurishgach, Moskvadagi Meshchanlar ko‘chasi 115-uyda istiqomat qila boshlashdi...
Katya Cho‘lponni ham inson, ham shoir sifatida hurmat qilar, unga barcha shart-sharoitni yaratib berishga intilardi. Bu haqda taniqli yozuvchi V.Yan ularnikiga borganini shunday tasvirlagan edi: «Oqshom chog‘ida o‘zbek shoiri Cho‘lponning uyida bo‘ldim. U palov pishirib keldi, palovni pirmusda tayyorlash oson emas. Cho‘lponning yoshgina rus xotini (uni Katenka deb chaqirarkan) eski, yomon jihozlangan uydagi kichik bir xonada Sharq ruhini yaratishga urinmoqda...»
Ular yashayotgan Meshchanlar ko‘chasidagi uyning katta xonasi ikkiga bo‘lingan bo‘lib, yarmida buyuk o‘zbek adibi, ikkinchisida bir turk oilasi bilan yashar edi. 1931–1935 yillarda Cho‘lpon ana shu torgina xonada yashab, ijod qilgan. O‘sha davrdagi vaziyatga ko‘ra, xona faqirona tusda edi. Ammo Katyaning ozodaligi, eriga shu joyda ham yaxshi sharoit yaratib bergani, uni ardoqlagani bois adib samarali ijod qildi. Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romanini, lirik, ijtiomiy mavzudagi she’rlarini aynan Katya bilan kechgan zavqli onlardan ta’sirlanib yozdi.
1935 yilda Fayzulla Xo‘jayev Cho‘lponni Toshkentga taklif qilgach, vatanini sog‘ingan shoir yurtiga qaytdi. Respublika hukumati rahbari unga qulay shart-sharoit yaratib berishga intildi. Ammo bu paytga kelib, Fayzulla Xo‘jayev boshi ustida ham qora bulutlar aylana boshlagandi. Shu bilan birga Cho‘lponning ahvoli og‘ir edi. U rus tilidan qilgan tarjimalari evaziga yashar, hatto ertalablari olgan sutning pulini haftalab qaytarolmay yurardi. Boz ustiga, Cho‘lponni qand kasali qiynar edi. Shunday og‘ir vaziyatda ham u bilan birga Toshkentga kelgan Katya qiyinchiliklarga chidadi. Ammo hasadgo‘y, ig‘vogarlar qutqusi avj olib, Cho‘lponni yana millatchilikda ayblay boshlashdi. 1937 yilda sho‘ro qatag‘on mashinasi erkin fikrli insonlarni o‘z domiga tortdi. Xususan, Cho‘lponni ham.
Cho‘lpon bilan ancha yaqin bo‘lgan Yunus Maqsudiy o‘sha og‘ir kunlardagi bir voqeani o‘z xotiralarida shunday keltirgan:
«1937 yil edi. Qarindoshlarni ko‘rgani Moskvadan Toshkentga keldim. O‘sha kuniyoq vokzalga yayov ketayotganimda Gorkiy nomidagi istirohat bog‘i oldida Cho‘lponning ayolini uchratib qoldim. Katyaning ko‘zi menga tushgach, xoliroq joydagi o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Men borib so‘rashdim. U mendan:
– Akangning qamalganidan xabaring bormi? – deb so‘radi.
– Xabarim bor. Biroq uyingga borib, holingni so‘rashga botinaolmadim, – dedim men.
– Yaxshi qilgansan. Uyimizga borganlarning hammasini ta’qibga olishyapti. Hatto, bizga sut keltirib beradigan oddiy ayolni ham olib ketib so‘roq qilishibdi. Xullas, akang tuhmat-bo‘htonlar balosiga giriftor bo‘ldi. Meniyam necha bor so‘roqqa chaqirishdi. Men erimga qo‘yilgan ayblarning barchasi yolg‘on, uydirma, uning zarracha aybi yo‘q, deb qayta-qayta takrorlasam-da, ishonishmadi. Cho‘lpon kechasi soat o‘n ikkilarda uyga qaytdi, kayfiyati juda tushkun edi. Men ovqatini oldiga qo‘yib, dam olgani narigi xonaga kirib ketdim. Bir uxlab, taxminan kechasi soat uch-to‘rtlarda uyg‘ondim. Cho‘lpon men qo‘ygan ovqatimni haligacha yemay, xayol surib o‘tirgan ekan. «Tinchlikmi?» deb so‘radim. U: «Meni bir necha yozuvchiyu shoirlar to‘g‘risida uyushtirilgan uydirma, ayblarga guvoh tariqasida NKVDga chaqirishgan ekan. «Falonchi-falonchilar haqidagi fikrlarimizni quvvatlab, guvohlik bersangiz, sizni himoya qilamiz, hamma vaqt ozodlikda bo‘lasiz! Aks holda ustingizdan jinoiy ish boshlashga to‘g‘ri keladi. Sizni osmonga ko‘tarish ham, yerga kirgizib yuborish ham qo‘limizdan keladi», deyishdi. Men, hatto, dushmanimni ham qoralash uchun soxta guvohlik berishdan hazar qilaman. Gunohsizlarni gunohkor etish mening qo‘limdan kelmaydi. Chunki menda imon bor, menda vijdon bor, dedim». «Mayli, ixtiyor o‘zingizda, bizdan xafa bo‘lmang» deb meni bo‘shatib yubordilar», dedi. Oradan uch kun o‘tgach, Cho‘lponni qamab qo‘yishdi.
Haqiqatan, Abdulhamid Cho‘lpon 1937 yilning 17 iyul kuni O‘zSSJ JKning 66-1, 67-moddalari bo‘yicha ayblanib, qamoqqa olinadi. Yekaterina Ivanovna Tokareva (Sulaymonova) erining aybdor emasligini bilar, buni tergovchilarga ham baralla aytardi. Ayniqsa, Cho‘lpon qamalgach, uni «xalq dushmani»ning xotini sifatida Dzerjinskiy ko‘chasidagi uyidan haydab, mol-mulkini musodara etishadi. Natijada Katya Toshkentda uy-joysiz, tanishlarinikida yashashga majbur bo‘ladi. Biroq uning ozodlikdagi hayoti uzoqqa cho‘zilmadi. 1937 yil 22 sentyabrda Katya ham hibsga olinadi. Yekaterinani NKVD leytenanti Trig‘ulov tergov qilib, undan eri to‘g‘risida ma’lumotlar olishga intiladi.
E’tiborlisi shundaki, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa 1937 yilda qamalgan millatimiz fidoyilarini ham aynan Trig‘ulov so‘roq qilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Nurlin Is’hoqovich Trig‘ulov 1907 yili Penza guberniyasi Kuzisko rayonidagi Delino qishlog‘ida tug‘ilgan. Ishchi oilasidan. O‘rta ma’lumotli. 1925 yildan 1939 yilgacha NKVDda shoshilinch vazifalar bo‘yicha vakil yordamchisi, Buxoro viloyati tumanlaridan birida sud raisi, O‘zSSR IIXKda bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlab, «qatag‘on mashinasi»ning rulini boshqargan kaslardan edi. Trig‘ulov 1939 yil sentyabr oyida, «KZOT» (Mehnat haqidagi qonun majmuasi)ning 47-moddasi, «v» bandiga muvofiq, NKVDdagi ishidan haydalgan. Millat gullarini qiyratgan Trig‘ulov ishdan chetlatilsa-da, 1956 yillargacha Chkalov nomidagi 84-son zavodning 38-sexida boshliq muvoini bo‘lib ishlab yuravergan).
Tabiiyki, Trig‘ulov Yekaterina Ivanovnadan eri, uning tanishlari to‘g‘risida so‘rab-surishtiradi. ammo Katya erini nafaqat ijodkor, balki qat’iyatli inson sifatida sevgani uchun Trig‘ulovning savollariga Cho‘lponning «aksilinqilobiy ishlari haqida menga hech narsa ma’lum emas», deya javob beradi. Aytish mumkinki, 1930 yillardagi o‘sha vaziyatda nafaqat tanishlari, balki o‘zining eri to‘g‘risida ham ma’lumot berganlarni eslasak, Yekaterina eri Cho‘lponga nisbatan sadoqatli bo‘lgan. Ana shu sadoqati bois, 1937 yil 31 oktyabrda u «xalq dushmanining aksilinqilobiy ishlarini yashirgani va ularda ishtirok etgani» uchun ayblanib, 1939 yil 4 fevralgacha qamoqxona azoblarini boshdan kechirgan.
Bu paytda «xalq dushmani»ning xotini bo‘lgani, qolaversa, o‘zi ham qamalib chiqqani bois Toshkentda unga xayrixohlar topilmasdi. Cho‘lponning qarindoshlarinikiga borish ham xavfli edi. Buning ustiga O‘zbekistonda biror qarindosh-urug‘i yo‘q. Shu sababli u Kiyevga jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi.
Stalin vafot etib, Qodiriy, Cho‘lponlar oqlangach, 1956 yillardan so‘ng Yekaterina Ivanovna Toshkentga keladi. U Cho‘lponning qo‘lyozmalari, musodara etilgan buyumlarga qiziqib ko‘radi.Ammo xuddi 1937–1939 yillardagi kabi bu safar ham Katyaga hech kim xayrixohlik bilan qaramadi.
Ana shundan so‘ng Cho‘lponning sevimli va sadoqatli yori Katya bu yerlarga umuman qaytib kelmadi. Biroq Cho‘lpon bilan kechgan olti yillik hayotini bir umr yodidan chiqarmadi.
Xullas, Soliha Sulaymonova va Yekaterina Tokarevalar Cho‘lpon hayotida ijodiy ishtiyoq uyg‘otgan «ilhom malika»lari sifatida tarixda qolishdi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter