Vodiy viloyatlarida 2 ta quyosh elektr stansiyasi va 100 ta kichik GES quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Andijon viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari faollar yig‘ilishida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va energiya resurslarini iqtisod qilish masalasini ko‘tardi.
– Hozir Yangi Andijon massivida uchrashib turibmiz. Qisqa muddatdan keyin bu yerda hamma sharoitlarga ega xonadonlarga odamlarimiz ko‘chib kiradi. Albatta bu uylar har-xil zamonaviy maishiy texnikalar bilan jihozlanadi. Demak, shuning o‘ziga qo‘shimcha 25 Megavatt elektr quvvatlari kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish davomida ta’kidlanishicha, yurtimizda so‘nggi besh yilda xonadonlar soni 6,1 milliondan 7,3 millionga, korxonalar soni esa 265 mingdan 527 mingga oshgan. Natijada elektr energiyasiga bo‘lgan talab 35 foizga oshgan.
Shu sababli energetikada uzoq yillar davomida amalga oshirilmagan islohotlar va loyihalar boshlandi. Oxirgi besh yilda 14 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi va yillik elektr ishlab chiqarish qo‘shimcha 16 milliard kilovatt soatga ko‘paydi.
Shunga qaramay, bu yil juda sovuq kelgan qish kunlarida respublikada 3,1 milliard kilovatt soat (vodiy viloyatlarida 1,1 mlrd kVt soat) elektr yetishmovchiligi yuzaga keldi.
Davlat rahbari ushbu holatda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli ikkita quyosh stansiyasi quriladi.
Shuningdek, Yangi Andijondagi 192 ta ko‘p qavatli uylar va 6 ta ijtimoiy ob’yektlarni kafolatli issiqlik bilan ta’minlash uchun 20 Megavatt quvvatli ko‘mirda ishlaydigan kogeneratsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu stansiya issiqlik bilan birga yiliga 80 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Uning 1-bosqichi joriy yil dekabrda ishga tushadi.
Vodiy viloyatlarida 160 Megavattli quyosh panellari va 100 ta mikro GES quriladi. Sohaga 1 iyulga qadar tadbirkorlar jalb etilib, Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro GES qurilishi boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter