Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshkentda erkak 6 yoshli qizchaga tegajog‘lik qildi» videosiga rasmiy munosabat bildirildi

«Toshkentda erkak 6 yoshli qizchaga tegajog‘lik qildi» videosiga rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkentda erkak 6 yoshli qizchaga tegajog‘lik qildi» sarlavhali videoxabarlar tarqaldi. Poytaxt sudlari matbuot xizmati holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

2022 yil 11 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismi bilan R. Sh. ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi sudya O. Hayitovning ish yurituviga kelib tushgan.

Sud muhokamasi 17 oktyabrdagi tayinlash ajrimi bilan 26 oktyabr kuniga yopiq sud majlisida ko‘rish uchun tayinlanib, yopiq sud majlisida ishni ko‘rish boshlangan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga binoan «gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi», shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida «...sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini ko‘rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi mumkin, bundan yopiq sud majlislarida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlari mustasno», deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning ruxsatisiz oshkor qilish Jinoyat kodeksining 239-moddasi (surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini oshkor qilish) da ko‘rsatilgan jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan R. Sh. ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rilayotganligi, sud hali o‘zining yakuniy qarorini e’lon qilmasdan turib, tergov harakatlari jarayoni videotasvirlari oshkor qilinganligi, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi va sudning ishni xolisona ko‘rib chiqishiga to‘sqinlik qilish uchun o‘tkazilayotgan bosim sifatida baholanishi ma’lum qilinadi.

Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi, deyiladi munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring