Aksiyadorlarning navbatdagi umumiy yig‘ilishida «O‘zmilliybank» AJning 2021 yildagi faoliyati yakunlari muhokama qilindi
28 may kuni «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJda Bankning 2021 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan aksiyadorlarning navbatdagi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida bank rahbariyatining 2021 yil uchun yillik hisoboti o‘qib eshittirildi.
«O‘zmilliybank» AJning 2022 yil 1 yanvar holatiga aktivlari 89,9 trln. so‘mni, kredit portfeli 74,0 trln. so‘mni, o‘z kapitali 14,8 trln. so‘mni, jalb qilingan depozitlari – 22,1 trln. so‘mni tashkil etdi. Bankning rejalardagi ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilgan.
Shuningdek, yig‘ilish davomida xalqaro auditorlik tashkiloti «Ernst & Young» MChJning 2021 yil yakunlari bo‘yicha Bank faoliyati haqidagi hisoboti o‘qib eshittirildi.
Yig‘ilishda bank Kuzatuv kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi. Kuzatuv kengashining yangi mustaqil a’zosi sifatida - «Ernst & Young»ning Rossiya va MDH bo‘yicha katta maslahatchisi Styuart Louson tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»dagi Qonuni talablariga asosan, «O‘zmilliybank» AJning Boshqaruv Raisi va Boshqaruv a’zolari bilan mehnat shartnomalarini uzaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bank aksiyadorlari Boshqaruv Raisi va Boshqaruv a’zolari bilan shartnomalarni uzaytirishni bir ovozdan ma’qulladilar.
Uchrashuv yakunida aksiyadorlar tomonidan Bankda transformatsiya jarayonini jadallashtirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar aniqlab olindi hamda Bankning moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha maqsadlar belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter