USAID O‘zbekistonda navbatdagi loyihani yakunladi. Natija qanday?
3 oktyabr kuni Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistonda Huquqiy islohotlar dasturi yakuniga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Oliy Majlis, Adliya vazirligi, turli xalqaro va milliy tashkilotlar vakillari ishtirokidagi tadbirda loyiha natijalari baholandi.
“USAID ushbu yetakchi loyiha orqali O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashga hissa qo‘shayotganidan faxrlanadi. Dastur natijalari kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. O‘zbekiston hukumatiga va birgalikdagi sa’y-harakatlarimizda qilgan fidokorona mehnatlari uchun barcha milliy hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman”, – dedi USAID missiyasi direktori o‘rinbosari Edvard Mixalski.
Qayd etilishicha, 2018 yilda agentlik va Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganidan beri dastur doirasida adolat, shaffoflik, vakolatlarni kengaytirish, hisobdorlik va fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash orqali qonun ustuvorligini mustahkamlashga hizmat qiluvchi muhim yo‘nalishlar – gender tengligi, qonunchilikni takomillashtirish, huquqiy ta’lim va fuqarolik jamiyati uchun qulay muhitni shakllantirish kabi sohalarda yordam ko‘rsatildi.
Jumladan, O‘zbekistonning birinchi gender tengligi to‘g‘risidagi qonuni ishlab chiqilishi qo‘llab-quvvatlandi, 30 ga yaqin qonun va nizom loyihasi qayta ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, 50 ga yaqin o‘quv kursi yaratilgan bo‘lib, ular mamlakat bo‘ylab yuridik ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura dasturlariga kiritilgan.
Loyiha doirasida yuridik muassasalar, jumladan, Ombudsman va Biznes-ombudsmanga ularning fuqarolarga ko‘rsatadigan xizmatlarini kengaytirish imkonini beruvchi uskunalar taqdim etildi. Aholining zaif qatlamiga mansub bo‘lgan 900 mingdan ortiq shaxs bepul huquqiy yordam olib, o‘z huquqlarini tiklashga erishdi. Shuningdek, 7 milliondan ortiq shaxs advice.uz huquqiy maslahat portalidan foydalandi. Dastur doirasida gender tengligi va hotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 15 mingga yaqin mutaxassis tayyorlandi.
Ushbu tashabbus doirasida milliy hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda huquqiy ta’limni xalqaro ilg‘or amaliyotlarga moslashtirish, barcha fuqarolar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi turli sohalar qatori sud-huquq, mahalliy davlat hokimiyatini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda ham hamkorlik qilib kelmoqda.
Avval xabar berganimizdek, agentlik umumiy miqdori 10 mln dollarni tashkil etuvchi O‘zbekistonda sud-huquq islohoti bo‘yicha dasturni amalga oshirgan. 3 yillik dastur mamlakatimiz hukumatining qonun ustuvorligini ta’minlash, qonunchilik va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish hamda respublikada fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
2023 yil dekabr oyida esa O‘zbekiston Adliya vazirligi va USAID o‘rtasida mahalliy davlat hokimiyatini rivojlantirish loyihasiga doir memorandum imzolangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter