Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha qaror yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Turizm qo‘mitasi tomonidan ushbu qaror atrofida yuzaga kelayotgan turli talqinlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib o‘tildi.
«Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida mazkur qarordagi ayrim jihatlar bo‘yicha shaxsiy qarashlarga asoslangan noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda.
Mazkur qaror bilan ziyoratlarni tashkillashtirish huquqi mahalliy turoperatorlarga taqdim etilmoqda. «Umra» tadbirlarini tashkil etish huquqi mahalliy turoperatorlarga berilmoqda!
Shu yo‘l bilan «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda raqobat muhiti yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Turizm qo‘mitasining veb-saytida turoperatorlar xizmatidan foydalangan ziyoratchilarning ovoz berish natijalariga ko‘ra «Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar reytingi shakllantiriladi. Natijada, eng sifatli xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar yuqori pog‘onalarni egallashi va bo‘lg‘usi ziyoratchilar uchun tanlov imkoniyatlari oshirilishi ko‘zda tutilgan.
2023 yil 1 oktyabrdan «Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida e’lon qilib boriladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi», – deyiladi Turizm qo‘mitasi tomonidan berilgan rasmiy munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq «Umra» xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish ta’qiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter