Umid Ahmadjonov: «O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerak»
Bugun, 19-fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida viloyat futbol federatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi, deb xabar berdi O‘FA matbuot xizmati.
Yig‘ilish davomida mutasaddilar o‘z viloyatlarida futbolni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Umid Ahmadjonov futbol akademiyalarini rivojlantirish haqida gapirar ekan, iqtidorlarni tarbiyalash orqali mamlakatimizni o‘ziga xos futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerakligini aytdi.
«Iqtidorlarni tarbiyalash orqali O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim. Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar o‘zini qoplashi va daromad ko‘rishi kerak. Ishlab topilgan mablag‘ orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin bo‘ladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi», – dedi Umid Ahmadjonov.
MOQ rahbari futbol akademiyalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda akademiyalar infratuzilmasini rivojlantirish, ish tizimini tashkil etish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.
Yig‘ilishda Superliga uchrashuvlari davomida muxlislarni stadionga jalb qilish, ommaviylikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Mutasaddilar bu borada o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter