Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya fazoviy poygaga qo‘shilmoqda...

Turkiya fazoviy poygaga qo‘shilmoqda...

Ilk turk fazogiri 2023 yilda parvoz qilishi rejalashtirilgan.

Foto: TUA

Turkiyada milliy fazoviy dastur doirasida ilk fazogirni tanlash jarayoni boshlandi. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’lum qildi. Birinchi turk fazogiri 2023 yili Xalqaro kosmik stansiyaga parvoz qilishi rejalashtirilgan.

Fazoga parvoz qilish uchun yoshi 45 dan oshmagan, texnik, tabiiy va fundamental fanlar bo‘yicha bakalavr darajasiga ega, ingliz tilini mukammal bilgan nomzodlar hujjat topshirishi mumkin. Nomzodlarga bir qator jismoniy talablar ham qo‘yilgan.

Turkiya fazoviy tadqiqotlar agentligi (TUA) rahbari Sardor Husayn Yildirim kosmonavtni saralash jarayoni 4-6 oy davom etishini ma’lum qilgan. Mamlakat rahbariyati avvalroq ilk turk fazogiri ayol bo‘lishini ham istisno etmagandi.

Xalqaro kosmik stansiyaga ilk fazogirni uchirish Turkiya fazoviy dasturining bir qismi sanaladi. 2021 yili prezident R.T.Erdo‘g‘on tomonidan taqdim etilgan dasturga ko‘ra, mamlakatda kosmonavtlar tayyorlash markazi, ilmiy tadqiqot laboratoriyalari hamda boshqa tuzimalarni o‘z ichiga olgan fazoviy shaharchaga asos solinadi. Shuningdek, 2023 yil, Turkiya respublikasining 100 yilligiga Oyga ilk tadqiqot qurilmasi (gibrid raketa) uchiriladi. Yerning yo‘ldoshiga qo‘ndirilishi ko‘zda tutilgan oykezar ayni paytda turk muhandislari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Erdo‘g‘on Farg‘oniy, Beruniy, Ali Qushchi kabi vatandoshlarimizning tarixiy xizmatini alohida e’tirof etgan. Foto: «www.tccb.gov.tr»

Turkiya rahbari mamlakatning fazoviy poygaga qo‘shilayotganini milliy tarixning burilish nuqtasi deb atagan.

«Biz kuchli va mustaqil Turkiyaning maqomini nafaqat Yerda, balki fazoda ham mustahkamlashimiz kerak», – degan Erdo‘g‘on.

Qayd etish joizki, Turkiya prezidenti milliy fazoviy dastur taqdimotida yurtimizdan yetishib chiqqan Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ali Qushchi kabi zotlarni koinot izlanishlari poydevorini qo‘ygan buyuk allomalar deya yodga olgan edi.

Turkiya fazoviy tadqiqotlar sohasida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirmoqchi, ya’ni bu borada xorijiy davlatlarga tobelikni kamaytirmoqchi. Milliy fazoviy dastur doirasida mintaqaviy sun’iy yo‘ldosh tizimi ham shakllantiriladi. Keyingi yillarda Turkiyada sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqarish bo‘yicha 50 dan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda. Endilikda sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqarish yagona tizimga birlashtiriladi. Dastur doirasida ob-havo sharoitidan qat’i nazar, yuqori aniqlikda ishlovchi GÖKTÜRK-3 tizimini takomillashtirish ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Turkiyaning Grizu-263A deb atalgan birinchi mini sun’iy yo‘ldoshi SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketa tashuvchisida fazoviy tadqiqotlar uchun muvaffaqiyatli tarzda koinotga uchirilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring