Toshkentdagi katta bozor rekonstruksiyaga tushdi. Ishchilar «Fud Siti» va «Toshkent indeks»ga ko‘chiriladi
Poytaxt hokimligi shahardagi oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtimizning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.
«Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor xududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda», deyiladi xabarda.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini «Fud Siti», «Toshkent indeks» va boshqa savdo majmualarida davom ettirishi taklif qilingan.
«Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan harajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida «Qo‘yliq» massividan bozor hududigacha yo‘l kira xaqqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi», qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar «Fud Siti» va «Toshkent indeks» savdo majmualarida ish bilan ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter