Toshkentda miltiq bilan hayvonlarni otgan shaxs 15 sutkaga qamaldi
Joriy yilning 4-fevral kuni tasvirga olingan va internet tarmog‘ida tarqalayotgan videoda noma’lum shaxs uyidan chiqib, miltiq bilan noma’lum tomon yo‘l olgani aks etgan.
Keyinchalik, 12-fevral kuni «Mehr va Oqibat» NNT hayvonlarni himoya qilish jamiyati vakillari fuqaro M.N.ning arizasini Mirobod tumani IIO FMBga yetkazishgan. Unda ayol o‘z qo‘shnisi – Mirobod tumanida yashovchi 29 yoshli Inomjon A.ga nisbatan pnevmatika miltig‘idan mushuk va itlarni otgani uchun chora ko‘rishni so‘ragan.
Toshkent shahar IIBB xodimlari ushbu murojaatni o‘rganib chiqishgan.
Qayd etilishicha, Inomjon A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismi («Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Hujjatlar sudga yo‘naltirildi.
Mirobod tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi Inomjon A.ni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yuqorida qayd etilgan moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi va unga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq belgiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter