Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha MDH forumi o‘tkaziladi
Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tadi. 29-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Gibrid formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha muloqot Hamdo‘stlik mamlakatlarining 50 dan ziyod yetakchi ekspertlarini jamlashi kutilmoqda. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi. MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, MDHning aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bosh direktori Nurudin Muhiddinov, O‘zbekiston Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov tadbirda tabrik nutqini so‘zlaydi.
Ushbu Forumni o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdo‘stlik davlat rahbarlarining 2019 va 2020-yillardagi sammitlarida ilgari surilgan edi.
Forumning asosiy maqsad va vazifalari MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq belgilangan. Tadbir kun tartibi raqamli iqtisodiyot rivojlanishi sharoitida axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyatlarga qarshi kurashish, axborot infratuzilmasi ob’yektlarini texnik himoya qilish va kiberjinoyatlarni tergov qilish, axborot makonida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim masalalarni muhokama qilishni o‘z ichiga olgan.
Munozaralar yakunlari bo‘yicha Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumining yakuniy hujjati qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat Hamdo‘stlik doirasida axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter