Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DSB: Toshkentda 311 million so‘mlik tibbiy niqoblar noqonuniy savdoga qo‘yilgani aniqlandi

DSB: Toshkentda 311 million so‘mlik tibbiy niqoblar noqonuniy savdoga qo‘yilgani aniqlandi

Foto: Toshkent shahar DSB matbuot xizmati

Joriy yilning 17-19-mart kunlari poytaxtimizda tezkor  tadbirlar o‘tkazildi.

Unda 123 ming 431 dona, umumiy qiymati 311 million 200 ming so‘mlik hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tibbiy niqoblar, 2 ming 616 dona, umumiy qiymati 104 million 640 ming so‘mlik paxta yog‘i hamda 7 ming 932 kilogram umumiy qiymati 29 million 400 ming so‘mlik kartoshka noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilganligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabar berdi. 

Shayxontohur tumanida Mardonbek Murodov (ism familiyalar o‘zgartirilgan) belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, hech qanday hujjatlarsiz 8 ming 750 dona, umumiy qiymati 17 million 500 ming so‘mlik tibbiy niqoblarni savdoga qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Yunusobod tumanida Zufar G‘ayratov (ism familiyalar o‘zgartirilgan) ham mo‘may daromad ilinjida hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 8 ming 400 dona, umumiy qiymati 16 million, 800 ming so‘mlik tibbiy niqoblarni 3 ming so‘mdan noqonuniy ravishda pullayotgani aniqlandi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxlarini sun’iy oshirilishining oldini olish maqsadida Uchtepa tumanida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida fuqaro Qahramon Hamroyev (ism familiyalar o‘zgartirilgan) 2 ming 616 dona, umumiy qiymati 104 million 640 ming so‘mlik paxta yog‘ini sotish maqsadida saqlayotganligi aniqlandi.

Qahramon Hamroyev mahsulotning sifat sertifikati hamda tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi va tovarlar vaqtincha olib qo‘yildi. Hozirda mazkur yog‘larning iste’molga yaroqliligi va fuqaroning qo‘liga qanday yo‘llar bilan yetib kelgani o‘rganilmoqda.

Profilaktik tadbirlar davom ettirilishi aytilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring