Toshkent shahar IIBB tadbirkor Jahongir Umarov kaltaklanganini rad etdi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan yirik tadbirkor Jahongir Umarov (ma’lumotlarga ko‘ra, uning qo‘l ostida 1500 kishi mehnat qilgan) kaltaklangani haqidagi ma’lumotni rad etdi.
IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Asiaterra.info» saytida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining Jahongir Umarovga nisbatan amalga oshirilgan noqonuniy harakatlari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingan.
«Maqolada keltirilgan dalillar va xulosalar shoshilinch chiqarilgan deb hisoblaymiz. Xabar qilamizki, joriy yilning 22-yanvar kuni Umarov ishlaydigan ofisda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar chog‘ida, uning yonidan umumiy og‘irligi 10,22 gramm bo‘lgan «ko‘knor» giyohvandlik moddasi aniqlangan va musodara qilingan. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish ochildi. Dastlabki tergov davomida Umarovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi, 2-qismi, a-bandi bo‘yicha belgilandi. Qo‘lga olish vaqtida erkakning tanasida gematomalar va tirnalgan izlar aniqlangan, bu qo‘lga olingan shaxsning hujjatli tushuntirishi bilan tasdiqlangan», deyiladi xabarda.
J.Umarov ishi barcha dalillari sud organlari tomonidan belgilangan tartibda tekshiriladi. Sud surishtiruvlari tugamagunga qadar OAV va fuqarolardan shoshilinch xulosa chiqarmasliklarini so‘raymiz, deyilgan IIBB axborotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter