Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramzan Qodirov keskin e’tiroz bildirdi

Ramzan Qodirov keskin e’tiroz bildirdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya Federatsiyasi Stavropol o‘lkasi Andropov okrugi ma’muriyati jamoat joylarda namoz o‘qishga taqiq joriy etganiga keskin e’tiroz bildirdi.

Avvalroq Rossiya matbuoti Andropov okrugi ma’muriyati jamoat joylarda namoz o‘qishni man etgani, ushbu harakat uchun jarima jazosi joriy qilingani haqida xabar bergandi.

Ramzan Qodirov buni “huquqiy beboshlik” va “ochiq diskriminatsiya” deb tanqid qilgan.

Siyosatchi Stavropol o‘lkasi Dog‘iston, Checheniston, Kabardin-Bolqor kabi asosan musulmonlar yashovchi respublikalar bilan qo‘shni ekani, mintaqa Kavkaz bilan tarixan yaqin robitalarga ega ekaniga e’tibor qaratgan.

“Shunday sharoitda (mahalliy) hukumatdan bu kabi bayonotlar yangrashi shunchaki chalasavodlik emas, balki ma’nisiz va xatarli harakatdir. Amaldorlar tinchlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash o‘rniga nafratni kuchaytirish uchun sun’iy sabablar yaratmoqdalar. Agar (mahalliy) hukumat musulmonlar ko‘chada namoz o‘qishini istamasa, marhamat, masjidlar qurilishiga ko‘mak bersin”, – deb yozgan R.Qodirov.

Checheniston rahbariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “hamisha islomni ayricha hurmat qilishini ta’kidlaydi”, “Grozniyga tashrifi payti masjidga kirib muqaddas Qur’onni ham o‘pgan”. Shunga ko‘ra u boshqa amaldorlarni ham Putindan ibrat olishga undagan.

Qodirov “Islom tahdid emas, balki Rossiya tarixi va madaniyatining bir qismi” ekani, shuningdek, mamlakatdagi 30 mln musulmon mehmon emas, balki tub aholi ekanini qayd etgan.

Keyinroq Stavropol o‘lkasi hukumati Andropov okrugi ma’muriyatining bahsli hujjati bekor qilingani va jamoat joylarda namoz o‘qishga taqiq ham, jarima ham yo‘qligini bildirgan.

Prezident Putinning siyosati, jumladan, Ukraina bosqinini doimiy dastaklab kelayotgan Ramzan Qodirov gohida e’tirozli bayonotlar berib turadi. Jumladan, u avvalroq Rossiyada migratsiya siyosati qattiqlashayotganini qoralagandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring