Tojikistondan giyohvand moddalar olib kelgan shaxs 15 yilga qamaldi

Tojikiston Respublikasidan 16 kg. giyohvandlik vositasi olib kelgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
2024-yilning 12-noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Pop tumani hududida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi, 1984- y.t. fuqaroga tegishli yuk sumkasida 3 kg. 887 gr. "opiy" va 9 kg. 839 gr. "gashish" moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, u Tojikiston Respublikasi fuqarosi bilan o‘zaro til biriktirib, qo‘shni davlatdan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish hamda sotib, mo‘may daromad topishni reja qilganligi va ushbu zahri qotilni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida qabul qilib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilib, 2024-yilning avgust-sentyabr oylarida tojikistonlik narkosavdogar tomonidan Bo‘ka tumani hududiga yetkazib berilgan va mazkur shaxs qabul qilib olib, Dang‘ara tumanida joylashgan o‘ziga tegishli yer uchastkasiga yashirib qo‘ygan 1 kg. 902 gr. "opiy" va 857 gr. "gashish" moddalari hamda 1 dona "Makarov" pistoleti, 2 dona o‘qdon va 18 dona patron ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi tomonidan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasning 1- va 2-qismlarida hamda 25,273-moddasining 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter