Chegaradan mol olib o‘tuvchilar narkokurerning tuzog‘iga ilindi

Andijon viloyati «Do‘stlik» chegara bojxona postida yirik miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.
Gap shundaki, bojxona posti orqali muntazam ravishda tijorat maqsadidagi tovarlarini go‘yoki shaxsiy ehtiyoj uchun olib o‘tishni o‘ziga kasb qilib olgan 3 nafar fuqaro bu gal narkokurerlarning «tuzog‘i»ga ilingan.
Moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu shaxslar 9 kg og‘irlikdagi 3 dona «Ariel» kir yuvish kukunini chegara bojxona postidan olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatilib, mazkur tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Natijada, kir yuvish kukuni qadog‘i muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi joylangani fosh bo‘ldi.
Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, pregabalinni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yo‘lovchi ham Ohangaron tumanida qo‘lga olindi. Uning yonida 27 kg og‘irlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga ham kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, «yuk»ning borish manzili – Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi xonadonlardan biri ham ko‘zdan kechirildi. Xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida esa bu yerda yashirin narkolabaratoriya tashkil etishga hozirlik ko‘rilayotgani fosh bo‘ldi.
Xususan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xom ashyo va bo‘sh kapsulalar borligi aniqlandi.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlaridan so‘ng ertasiga «Do‘stlik» chegara bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan, 20 kg og‘irlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qo‘lga olindi.
Shunday qilib ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar yakunida qonunbuzar shaxslardan jami og‘irligi 56 kg. ni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib qo‘yildi.
Shundan 45 kilogramini Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi tashkil etishi aniqlandi.
Eslatib o‘tamiz, 1 kg. pregabalin moddasini 33 ming kapsulaga taqsimlash mumkin. Demak, yuqoridagi holatda salkam 1,5 mln dona kapsulaga yetarli kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tarqab ketilishining oldi olindi. Bu esa qanchadan qancha yoshlarning salomatligiga ziyon yetkazishi va turli jinoyatlarga yetaklashi muqarrar edi.
Dastlabki hisob-kitoblarga mazkur kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qora bozordagi narxi 40 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Hozirda jami og‘irligi 45 kg. «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, bojxona organlari tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari yil boshidan buyon 86 ta holatda salkam 90 kg. kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter