Togg elektromobilining ilk egalari qur’a orqali aniqlanadi
Turkiya joriy yil oxiriga qadar Togg T10X rusumli milliy avtomobildan 28 ming dona ishlab chiqaradi. Bu haqda sanoat va texnologiya vaziri Mehmet Fatih Kajir ma’lum qilgan.
Milliy avtomobil xaridi uchun 175,5 ming ariza kelib tushgan bo‘lib, mahsulotning ilk egalari qur’a orqali aniqlanadi. Talabgorlar ortgani sababli zavod yil yakuniga qadar 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejasini 28 mingga oshirgan.
Avgust oyining birinchi yarmida 909 kishi elektromobil kalitini qo‘lga kiritgan. Mamlakat ko‘chalarida harakatlanayotgan milliy ulovlar soni esa 2000 dan oshgan.
Turkiya moliya va g‘aznachilik vaziri Mehmet Shimshek ham funksiyalari 90 foiz avtomatlashgan mashina ishlab chiqarilishini ulkan yutuq deb atagan.
Turkiya 2018 yildan milliy avtosanoatni yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy qadam tashladi. O‘sha yili mamlakat prezidenti farmoni bilan Turk avtomobili tashabbus guruhi (TOGG) tuzildi. Besh sanoat giganti – Anadolu Group, BMC, Kök Group, Turkcell hamda Zorlu Holding milliy avtomobil sanoatini yo‘lga qo‘yish uchun chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi.
2020 yil 18 iyulda Bursa viloyatining Gemlik tumanida zavod tamal toshi qo‘yildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on avtozavod bunyod etilishini 60 yillik orzuning ro‘yobga chiqishi deb baholagan.
1,2 million kvadrat metr maydonni egallagan zavodda 5 turdagi yengil mashina ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. 2023 yilning birinchi choragida ilk mahsulot sotuvga chiqarildi. Keyinroq Sedan, Hatchback, B-SUV, C-MPV kabi avtoulovlar xaridorlarga yetkaziladi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni bir million donaga yetkazish maqsad qilingan.
Turkiya prezidenti R.T.Erdo‘g‘on Kojaeli viloyatidagi poligonga tashrif buyurib, mamlakatning ilk elektromobilini shaxsan sinovdan o‘tkazgan.
Avval xabar berganimizdek, Erdo‘g‘on Togg rusumli avtomobillarning ilk namunasini Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tuhfa qilgan. Sh.Mirziyoyev turk elektromobili ruliga o‘tirib, uni haydab ko‘rgan.
Turkiya milliy mahsulotining dastlabki namunalari, shuningdek, BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudga ham taqdim etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter