Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Termizda muz maydoniga ega ko‘ngilochar markaz ochildi

Termizda muz maydoniga ega ko‘ngilochar markaz ochildi

Foto: «Uza.uz»

Termiz shahrida sun’iy qoplamali muz maydoniga ega «ICEBERG» ko‘ngilochar markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida bunyod etilgan to‘rt qavatli majmuada oilaviy va do‘stlar bilan maroqli dam olish uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.

Zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatgan salobatli ko‘ngilochar markazda sun’iy qoplamali muz maydoni, supermarket, bank xizmati, 40 ga yaqin savdo do‘koni, bolalar o‘yingohi, restoran, Fast-fud taomlanish shahobchasi qurilib jihozlandi. Ko‘ngilochar markazi «Termiz tezkor qurilish» ixtisoslashgan ta’mirlash-qurilish tashkiloti bunyodkorlari tomonidan yuksak did bilan sifatli barpo etildi.

«Bu yerda 300 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Eng ahamiyatli jihati shahar hokimligi tavsiyasi bilan «Yoshlar va ayollar daftari» ga kiritilgan yigitlar hamda xotin-qizlar ishga qabul qilindi. Endilikda ular toza, ozoda va ko‘rkam markazda mehnat qilib, oilaviy budjetlariga yaxshigina daromad olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi», — deydi «ICEBERG» ko‘ngilochar markazi direktori X. Qodirov.

Shahar markazidagi 4 ming 500 kvadrat metr maydonda qad rostlagan markazning birinchi qavatida figurali uchish, xokkey va boshqa sport o‘yinlari uchun mo‘ljallangan sun’iy qoplamali muz maydoni barpo etilib, Ispaniyada ishlab chiqarilgan jihozlar o‘rnatilgan. 100 o‘ringa ega tomosha zali qurilgan. Shuningdek, to‘rt qavatda joylashgan attraksion, restoran, supermarket, savdo do‘konlari, Fast-fud taomlanish shoxobchasi va boshqa qo‘shimcha yordamchi binolar bir yilda o‘rtacha 60 ming aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring