Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jonivor qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan og‘uni fosh etdi

Jonivor qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan og‘uni fosh etdi

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga qarshi tezkor chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining «Sariosiyo» chegara bojxona postiga joriy yilning 25-avgust kuni tungi soat 3:30 larda qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi «Mersedes-Benz» rusumli yuk avtotransport vositasi kirib keladi.

Bir qarashda qonunbuzarlik alomatlari ko‘zga tashlanmaydi. Haydovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidek, avtotransport vositasiga 20 tonna og‘irlikdagi ip kalava yuklanganini ma’lum qiladi.

Ammo bojxona xodimlarining hushyorligi sababli ushbu avtotransport vositasining tirkamasi belgilangan tartibda xizmat iti ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, tirkamaning old tomoni pastki qismiga xufyona tarzda jami 93 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani fosh qilindi.

Mazkur o‘ramlar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida esa yashil va qizil ranglardagi 82 ta o‘ramga 85 kg 505 g og‘irlikdagi «geroin» hamda 11 dona sariq rangli o‘ramga 11 kg 425 g og‘irlikdagi gashish giyohvandlik vositasi joylanganligi ma’lum bo‘ldi.

Shunday qilib, mazkur holatda jami 96 kg 930 g og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining respublikamiz hududiga yashirincha olib kirilishining oldi olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ta’kidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 300 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida og‘irligi 260 kilodan ziyod giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring