«ToshMI»da sport sohasi uchun kadr tayyorlovchi magistratura yo‘nalishi ochiladi
2024/2025-o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasida «Sport shifokori» va «Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)» bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi.
Bu borada joriy yil 28-iyul kuni Prezidentning tegishli qarori imzolandi.
Qaror bilan, shuningdek Toshkent farmatsevtika institutida «Eksperimental va sport farmakologiyasi» magistratura mutaxassisligi bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakulteti («Davolash ishi» ta’lim yo‘nalishi) Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialiga aylantiriladi.
Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari («Davolash ishi», «Farmatsevtika», «Pediatriya») bo‘yicha kadrlar tayyorlanib, Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalari unga klinik-o‘quv baza sifatida biriktiriladi.
Sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash bo‘yicha «Chirchiq sport klasteri» namunasi yaratiladi.
Davlat sport-ta’lim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.
2024/2025-o‘quv yiligacha «70910233-Sport tibbiyoti» hamda «70910401-Gigiyena: nutritsiologiya» mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan sport tibbiyoti sohasidagi o‘quv dasturlari va uslubiy qo‘llanmalar bevosita Markaz ishtirokida ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter