O‘yinchoq shkafda turmasligi kerak – Maktabgacha ta’lim agentligi va Jahon banki katta loyiha amalga oshirmoqda
Maktabgacha ta’lim agentligi va Jahon banki hamkorligida bog‘chalarimizda «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Umumiy 69 million dollar budjetga ega loyiha so‘nggi bosqichiga yaqinlashgan bo‘lib, 2019-2024 yillar oralig‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan Samarqand shahrida loyiha bilan bog‘liq matbuot anjumani o‘tkazilib, mahalliy va xalqaro OAV vakillariga atroflicha ma’lumot berildi.
Maqsad
«Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi 3 ta bosqichdan iborat bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, baholash va sifatli ta’lim muhitidan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash maqsad qilingan.
Loyiha doirasida 14 ming nafar tarbiyachining malakasi oshirildi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari infratuzilmalarini yaxshilandi. Agentlik qoshida o‘quv-didaktik materiallar tayyorlash uchun bosmaxona tashkil etilib, davlatga tegishli MTTlar mebel, noutbuk, printer va boshqa tegishli jihozlar bilan ta’minlandi.
Ta’lim sifati
Ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida 100 ta bog‘cha tasodifiy tanlov asosida tanlab olindi va tarbiyalanuvchilar bilimi baholandi. Jarayon davomida tizimdagi kamchiliklar aniqlanib, takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
E’tiborli tomoni, loyiha asosida bolalar bilimini baholashda ilg‘or tajribalardan foydalanilyapti. Bola huquqini himoya qilish konvensiyasiga ko‘ra bolalar bilan savol-javob qilish, ularni so‘roqqa tutish mumkin emas. Ular bilan faqat o‘yin orqali savol-javob qilish mumkin. «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi asosida ilg‘or metodika usullari oprobatsiya qilinmoqda va bog‘chalarda qo‘llanilyapti.
Aniqlangan kamchiliklar
Loyiha doirasidagi o‘rganishlarga ko‘ra bir qator kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida badiiy adabiyotlardan yetarlicha foydalanilmayapti. Shuningdek, bola tarbiyasida ota-onalar ishtiroki kamligi ham ma’lum bo‘ldi. Ushbu aniqlangan holatlar Maktabgacha ta’lim agentligi mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqilib, yangi o‘quv-didaktik qo‘llanmalarda inobatga olinyapti.
Muammolar
Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan loyiha davomida bir qator muammolarga ham duch kelindi. Xususan, bir qator pedagoglar hamon eskicha uslubdan voz kecha olmayapti. Bog‘chalarda ta’lim sifati va pedagoglar salohiyati o‘rganilish asnosida tarbiyachilar o‘yin mashg‘ulotlaridan kam foydalanishi aniqlandi. Yangicha usuldagi o‘yin markazlari kerakli darajada qo‘llanilmagan, tarqatma materiallar va o‘yinchoqlardan foydalanishda esa absurd darajada loqaydlikka yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, ba’zi bog‘chalarga berilgan o‘quv-didaktik materiallar va o‘yinchoqlar hamon yangi holatda turgani aniqlandi. Tarbiyachilar uni ishlatmasdan, shunchaki tekshiruvchilarga ko‘rsatish uchun saqlab qo‘ygan. Aslida bu materiallar va o‘yinchoqlar bolalar ta’limi va tarbiyasi uchun foydalanish asnosida buzilib, yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, ammo bir qator MTTlarda ushbu jihozlar yangi holatda shkaflarda saqlanayotgani aniqlandi.
Shunday holatga yo‘l qo‘yilgan muassasalarda o‘yinchoqlar va rivojlantiruvchi materiallar har yili berib borilishi hamda ulardan foydalanish shartligi borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Pedagoglar
Respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 162 ming pedagog ish olib bormoqda va shundan 56 ming nafari nodavlat tashkilotlarda faoliyat yuritadi. Pedagog kadrlarning 34 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, qolgani o‘rta maxsus ma’lumot olgan. Shulardan 14 ming nafari, ya’ni 10 foizi malaka oshirishdan o‘tgan va bu juda kichik raqam. Ayni vaqtda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ish olib borilmoqda va asosan olis hududlarga e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi doirasida 700 nafar trener tayyorlandi. Sohada anchadan buyon ishlayotgan pedagoglar tajribasidan foydalanilib, malaka oshirish uchun kuchli mutaxassislar bazasi tayyorlandi.
Malaka oshirishda asosiy modul kompetent yondoshuvga asoslanadi. Ya’ni, pedagogdagi bilim va ko‘nikma jamlanmasini shakllantirish uchun qisqa muddatli kurslar tashkil etilyapti. Pedagog uchun har doim bolaning fikrlashi, qobiliyati va o‘sha qobiliyatidan foydalana olishi asosiy omil bo‘lishi lozim.
Loyihadan nima qoladi?
Loyiha joriy yil so‘ngida yakuniga yetadi. Unga ko‘ra o‘tgan 4 yil davomida davlatga tegishli har bir maktabgacha ta’lim tashkilotlariga kompyuter va printer berildi, guruhlar to‘liq jihozlandi, o‘yingohlar qurildi hamda o‘quv-didaktik materiallar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Maktabgacha ta’lim agentligi qoshida bosmaxona qurilib, MTTlar uchun o‘quv-didaktik materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, ushbu loyiha doirasida 30dan ortiq «Aqlvoy» avtobuslar olinishi rejalashtirilmoqda. Garchi ushbu tashabbus manbalari boshqa bo‘lishiga qaramay, «Aqlvoy» avtobuslari muvaffaqiyatli chiqqani uchun uni yanada kengaytirish maqsad qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter