Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tafakkur qatlarida dilbar olam ochgan ijodkor

Tafakkur qatlarida dilbar olam ochgan ijodkor

«Oltin meros press» nashriyotida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Shahrisabz tumanlararo bo‘limi raisi, Turon Fanlar akademiyasi akademigi, salkam 70 yoshni qarshilayotgan Samad Vohidning «Nurposh tonglar» kitobi nashrdan chiqdi.

Nihoyatda kamtar, qalbi mudom uyg‘oq, samimiy va sermahsul ijodkor 1978 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlab, to 2016 yilga qadar Shahrisabz shahridagi maorif sohasida samarali faoliyat yuritdi, o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri va direktor bo‘lib ko‘p xayrli ishlarga bosh bo‘ldi.

Uzoq yillar davomida ta’lim dargohida o‘zbek tili va adabiyoti fanidan saboqlar berishi uning adabiyot bo‘yicha bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamlab, boyitdi. Bu yillar mobaynida 4 ta ilmiy-uslubiy kitoblari chop etilib, yangi texnologik va amaliy ish tajribasi viloyat miqyosida ommalashtirilgan. 1992 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Hozirgacha Samad Vohidning «Qalbim marvaridlari» (2013), «Alifbe armug‘oni»(2016), «Saboqlar sarchashmasi» (2017), «Toqkuylar» (2018),»Mahallam – mo‘’tabar mash’alam» (2020)kitoblari chop etilgan edi. Ushbu kitobni qalamkashning avvalgi barcha ijodining o‘ziga xos yaxlit jamlanmasi desa bo‘ladi.

«O‘zim haqimda» deb boshlangan bobda muallifning tug‘ilgan chog‘idan boshlab hozirgacha bo‘lgan davri ko‘ngil sarhisobidan o‘tkaziladi.

U kitoblarga cheksiz mehr qo‘ygan donishmand inson. U hayotdagi barcha yaxshiliklar uchun, tafakkuriga ozuqa bergani uchun kitoblarga cheksiz minnatdorlik bildiradi, «najot – ilmda» deb biladi: «Turli odamlarning xobbisi turlicha bo‘lganidek, mening bir xobbiyim badiiy kitoblar o‘qish va to‘plash bo‘lgan. Umrim davomida o‘qib, sotib olib to‘plagan kitoblarimning soni hozir BESh MINGDAN oshgan. Hamon yildan yilga kitoblarim soni ortib bormoqda. Ha, ijodxonamda shaxsiy kutubxonam bor va men bu kutubxonam bilan faxrlanib, o‘zimni milliarder boylardek his qilaman!

mening ongimni o‘zgartirgan, fazilatlarimni ko‘paytirgan bu badiiy kitoblarimning ba’zilari sarg‘ayib, eskirib qolgan bo‘lsa ham ularni ko‘zlarimga to‘tiyo qilaman! Ongi o‘zgargan odamning esa olami ham o‘zgarar ekan. Demak, ongni o‘zgartirish orqali olamni o‘zgartirish mumkin va bu juda-juda zarur

«Oqsaroy ohanglari». Muallifning she’rlarida so‘z va fikrning nozik uyg‘unligi ta’minlanibgina qolmay, balki har satrida kuchli ma’no yuki singdirilgan. Ayniqsa, Navoiy dahosiga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatadi:

Olti asr o‘tmoqda, ul hazratni o‘qiymiz,

Ijodi gulshanidan halvoi hikmat yeymiz.

Tilimiz zargariga bosh egib tahsin deymiz,

Ustoz bo‘lmoq istagan Navoiyni o‘qisin,

Mumtoz bo‘lmoq istagan Navoiyni o‘qisin.

Samad Vohid she’riyati ham nozik jiloli, tafakkur qatlarida yangi dilbar olamlar ochadi. «Oqsaroy ohanglari» umumiy sarlavhasi ostida berilgan turkum she’rlar baxtning chizgilari, muhabbat ranglari rassom mo‘yqalami kabi qog‘ozga ko‘chadi.

Shoir ko‘ngli qachon rozi bo‘ladi? U qay tomon intiladi? Yashamoqdan ma’no nedir, degan abadiy savollarga yuksak adabiy mezonlar tarafida turib javob izlaydi u. Ijodkorning yashamoqdan maqsadi buyuk va rost so‘z aytish, insoniyatni har nafasini so‘z hikmati bilan to‘yintirishga intilish, shu orqali o‘z nomini tarixga muhrlashdir, deya e’tirof etadi.

«Hayot gulxanining ibratli uchqunlari» bobi Ibratli fikrlar, Birliklar, Ikkiliklar, Uchliklar, To‘rtliklar va Tuyuqlardan iborat. Yuzlab o‘tkir fikrlardan iborat bu mo‘’jaz satrlarda ulkan naqllar mujassam:

«O‘zini tergab turgan odam boshqalarning tergashiga ehtiyoj sezmaydi».

«Mard kishilargina g‘ayratli va himmatli bo‘la oladilar. Undaylarning ishida unum ham mo‘l bo‘ladi».

«Befoyda ishga urinayotganlar yorug‘likka intilib o‘zini deraza oynasiga urayotgan parvonaga o‘xshaydilar».

«Aql bilan ish ko‘ruvchi insongina boshqalarga to‘g‘anoq emas – suyanchiq, raqib emas – muallim, befarq emas – hamdard. Uning asosiy fazilati – farqlanish».

Samad Vohidov bu mushohadali so‘zlari bilan inson fitratidagi oqillik bulog‘ining, botiningizdagi mushohada tomirlarining ko‘zini yorishga, ko‘ngilga xizmat nurlarini yog‘dirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda umrning bebaqo va bebaholigi, qalbdagi asl mohiyatni inkishof etmoq asosiy missiya ekanini, yaxshi kishilarni e’zozlab, qadrlash va so‘ziga quloq solish, dunyodan hikmat izlab yashash va amal qilish bu ijodkorning hayoti konsepsiyasidan iborat deyish mumkin.

«Alifbe armug‘oni» qismida barcha harflarimizga alliteratsiya va assonans uslubida she’riy satrlar bitib, milliy poeziyamizda yangi izlanishlarni amalga oshirgan. O‘quvchilarni yengil-yelpi misralar bilan emas, balki mag‘zi to‘q fikrlar orqali keng mushohada qilishga undaydi.

Muallif bu armug‘on orqali boshlang‘ich sinf bolalariga saboq bermaydi, aksincha har bir kishiga oyna tutadi. Masalan «K» harfi uchun kitob asosiy mezon etib olinadi va uning ahamiyati qanchalar salohiyat va mahorat bilan ochiladi:

«Kitob ko‘ngil ko‘zlarini kuchaytiruvchi, ko‘klarga ko‘taruvchi katta kuchdir. Kitob ko‘rganlarning ko‘pi komil, kamtar, kurashchan, kuyunchak kayvoniyu ko‘ngli kavsar kishilardir. Kamolotning keng ko‘lamli koinotlarini ko‘rsatadigan ko‘zgu – kitoblardir.Kitob – kekkaygan, kibrli kalondimog‘larni kamtarlikka ko‘niktiradi, ko‘ndiradi, ko‘ngil ko‘zi ko‘rlar ko‘ziga kiroyi ko‘nikmalarning keng ko‘chalarini ko‘rsatadi».

«Toqkuylar» deb nom olgan uning she’rlar turkumi, umuman muallifning juda katta kuch va shahd ko‘rsatib, bu borada erishgan yutuqlarini albatta sinchi nazariyotchi adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan alohida o‘rganishga va munosib baholashga loyiq hodisadir. Muallif bu haqda o‘z dili tubidagi fikrlarni bildiradi:

«Shuning uchun ham, avvalo, bizga eng aziz inson – onamiz o‘rgatgan til, har qanday tildan-da suyukli, ardoqlidir. U bebaho zotning ko‘krak sutiyu qoni bilan jismimizga jo aylangan tildan-da ulug‘roq va zabarjad til bu dunyoda yo‘q. Men tilimizni aziz va mehribon Ona timsolida aniq ko‘ra olaman. Ammo bizga onajonimiz o‘rgatgan bu tilning boyligiyu ulug‘ligini turkiy tilimiz ummonidan topib-topib, xuddi benazir so‘z sinchisi Alisher Navoiy va Mahmud Koshg‘ariydek bobolarimiz kabi amalda badiiy hamda ilmiy asarlarimiz bilan isbotlab bermoq – har bir avlodning ulug‘ missiyasidir. Ha, xalqimiz tarixiga tomirdosh bo‘lgan, turkiy tillar oilasida xazinasi, jozibasi, rangu harorati, qo‘yingki, sharafi baland ona tilimizga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz tufayli uni asrab, boyitib olamga ko‘z-ko‘z qilmoq qutlug‘ vazifamizdir».

To‘plamda «S» harfi bilan boshlanuvchi so‘zlar vositasida «Sof sevgi sururi» nomli alohida roman-badiadan katta parcha keltiriladi. Buyuk Alloh taologa adoqsiz hamd, insoniylik sharafi, ruhiy quvvatning bebaho kuchi juda katta iqtidor ila «S»lik so‘zlar bilan kuylanadi, desam mubolag‘a emas. Bir harf bilan boshlanuvchi so‘zlardan tizilgan ma’naviy arg‘umoqni musaffo niyati bilan boyitib, qadimiy va go‘zal ona tilimizning naqadar jarangdorligini, jahon zabonlari ichida beqiyos bir ummonga tengligini, so‘z zahirasi naqadar boyligini, bir harf bilan boshlanuvchi so‘zlar vositasida hatto butun boshli roman yozish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Kitobning «Mahallam – mo‘’tabar mash’alam» qismida muallif o‘z mahallasi va mahalladoshlari haqida yodnoma, esse va hikoyalar yozadi. Mahallasi hududidagi sakkizta qadimiy qishloqning etimologiyasi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Bir qarashda barcha qishloqdoshlar uchun ham begona bo‘lmagan, lekin o‘zgalar diqqatini tortmagan hayot haqiqatlarini tarixiy-ilmiy misollar bilan chiroyli talqin etadi. Asrlar osha bezavol saqlanib kelayotgan mahallani har bir inson diliga yaqin o‘ziga xos ijtimoiy tuzilma, ezguliklar oshyoni ekanligi haqidagi o‘rnini ko‘rsatib beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu saylanmani komil inson bo‘lishga, vujud va ruh uyg‘unligiga intilgan, soxtakorlikdan yiroq, salohiyatli, ma’rifatli ijodkorning o‘ziga xos tuhfasi deyish mumkin.

Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring