Aziz Toshpo‘latov Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlarini ishdan bo‘shatdi

Qashqadaryo viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari yuzasidan IIV rahbari Aziz Toshpo‘latov tomonidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda hududlardagi mavjud kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aholiga xizmat ko‘rsatish, murojaatlar bilan ishlash, jamoat tartibi hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilingan.
Unda xizmat faoliyatida yuqori natijalarni qo‘lga kiritganlar e’tirof etilib taqdirlangan bo‘lsa, xizmat faoliyatidagi jiddiy kamchiliklari uchun ayrim mutasaddilarning faoliyatiga huquqiy baho berildi.
Jumladan, IIV rahbari buyrug‘i bilan Shahrisabz tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhida 28 yil davomida benuqson xizmat ko‘rsatgan katta ekspert mayor Husniddin Rustamov «podpolkovnik» maxsus unvoni bilan, Dehqonobod tumani «Mustaqillik» mahallasida namunali xizmatni tashkil etgan profilaktika inspektori kapitan Lutfulla Hamidov muddatidan oldin «mayor» maxsus unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek o‘n ikki nafar rahbar xodimlar pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Shu bilan birga, IIV rahbari buyrug‘i bilan viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘ining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi boshlig‘i, Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlari, Koson va Kasbi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, Muborak tumani va Qarshi shahri IIB Jamoat xavfsizligi xizmati bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Viloyat IIB boshlig‘ining Jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Yo‘l harakati xavfsizligi Qidiruv-surishtiruv bo‘linmasi boshlig‘i, Kasbi tumani IIB boshlig‘i va uning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Qarshi shahar, Koson va Muborak tumani IIB boshliqlariga keskin intizomiy jazolar qo‘llanildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter