Yurak amri bilan yozilgan kitob: «Istisno» haqida mulohaza

«Oltin meros» press nashriyotida iste’dodli yozuvchi Mastura Abduraimning «Qanot» loyihasi doirasida «Istisno» kitobi nashrdan chiqdi va respublika milliy matbuot markazida taqdimoti o‘tkazildi.
Xatirchi tumanida tug‘ilgan, yigirma yillik umri sog‘liqni saqlash sohasida o‘tkazgan Mastura Abduraim adabiy chiqishlarini 40 yoshdan keyin boshlaganiga qaramay, bu bebaho bo‘stonga juda katta samimiyat, kuchli ijodiy ishtiyoq va boy intellektual tafakkur va albatta ichki tabiiy ehtiyoj bilan kirib keldi. Bu olamda mudom o‘zini izlayapti, tiniq tuyg‘ularini va ichki qalb dunyosini chuqur tadqiq etyapti.
Asardan o‘rin olgan 35 ta esse, hikoya va drabllar bir nafasda o‘qiladi. Ular shaxsning ruhiyat chiziqlari falsafiy-ilmiy badiiy in’ikosi bo‘lib, muallif turfa hislarni, o‘z qarashlarini yuksak intellektual mahorat bilan yangicha talqinda tasvirlashga harakat qiladi. U inson deb atalmish xilqatning ruhiy-emotsional holatlarining asl sabablarini, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash falsafasini o‘rganishga harakat qiladi.
Tibbiyot, jahon adabiyoti, kino va rassomchilik san’ati, falsafa fanlari orqali har bir bermoqchi bo‘lgan umumbashariyatga daxldor g‘oyasini tasniflab-tasvirlab boradiki, oddiy o‘quvchi to‘plamdan badiiy qoniqish bilan birga, zaruriy ilmiy bilimlarni ham olishi mumkin.
«Quyosh bolalari» essesida taqdir taqozosi bilan ushbu murakkab holatga duchor bo‘lgan zurriyotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini tibbiy asoslab, mehr-muhabbat bilan chiroyli tarzda ta’riflaydi: «Uyga qaytar ekanmiz, asta-sekin bostirib kelayotgan tun zulmatiga tikilganimcha amin bo‘lamanki, yer yuzidagi milliardlab quyoshchalar hayotimiz, ko‘ngillarimizga nur bag‘ishlash uchun atay kelganlar. Ular butun yer sayyorasidagi insoniyatga yaxshilik, go‘zallik, mehr-muhabbat bor ekan, har qanday yomonlik, qirg‘inbarotlar va qabohatni yo‘qqa chiqara olish mumkinligini ta’kidlab, barchani nurli yo‘llar tomon chorlab turibdi».
Mastura Abduraim o‘ziga qismat deb qabul qilgan oq qog‘oz qarshisida sof qalbi bilan so‘zlashayotgan yozuvchi o‘laroq har yerda va har doim inson qalbini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Faqat botiniy go‘zallik va tafakkur kamoloti uyg‘unligi mukammal shaxsning asl qiymati va tafakkurini belgilashini, aynan shu orqali yashamoqning boqiy mazmuni oydinlashishi haqida taassurot uyg‘otadi. Bu teran xulosa uning har bir ijod namunasi mazmunida bilvosita singdirilgan bo‘lib, qahramonlari tilidan hikoya qilib boriladi. Aynan shu haqiqatni mavzularning umumiy tayanch nuqtasi, deyish mumkin.
Mastura Abduraimning ijodi bilan tanishar ekansiz, uning o‘z o‘ylari va o‘z anglashlarini so‘z halqasiga qanchalar mohirlik, sof muhabbat va nafosat bilan dur kabi terganiga guvoh bo‘lasiz.
U qahramonlari idrok-sezishlarining juda chuqur qatlamlarigacha, kichik hujayralarigacha sho‘ng‘ib, tabiati tobora o‘zgarayotgan insonning (bir qarashda barcha obraz va voqealar G‘arb olamida sodir bo‘layotganday taassurot uyg‘otadi, lekin barcha xalqlar va ellardagi har bir kishiga xos) ko‘ngil kechinmalari, evrilayotgan qiyofalarining tiniq ranglarini rassom kabi ohorli shaklda ochib berishga harakat qiladi. E’tirof etish kerak bo‘lgan yana bir jihati shundaki, muallif yozar ekan, o‘quvchining mudroq fikrlarini chertib, uyg‘otadi, bir ramzdan ikkinchi ramzga balet raqqosalari kabi nihoyatda oson va yengil sakrab o‘tadi.
Barchamiz uchun eng yaqin va mo‘’tabar inson bo‘lmish Ona haqida bir essesida yurakni to‘lqinlantirib ta’rif beradi:
«Qayerda bo‘lmay, Onamning g‘amgin, mehrga yo‘g‘rilgan allasi quloqlarim ostida musiqa kabi jaranglab turaverardi. Xuddi shu ohang, shu musiqa mening qalbimni zabt etgan ilk musiqa bo‘lib qoldi va musiqaga bo‘lgan ulkan muhabbatimning debochasi bo‘ldi... Qalbimga musiqa va adabiyotga bo‘lgan ilk muhabbat urug‘ini qadagan ham Onam bo‘ldilar. Onam meni hech qanday izohlarsiz va gap-so‘zlarsiz tushuna olgan yagona dardkashim bo‘lgan. Yo‘q, biz hech mahal bir-birimizga dardlarimizni aytib yig‘lashmaganmiz. Onam va menga nigohlar kifoya bo‘lgan».
Bir qarashda g‘ayrioddiy holatlar, favqulodda holatlar, notabiiy va barchadan ajralib turadigan kishilar obrazlari orqali o‘zgacha fikrlar paralleli to‘qmog‘i bilan oliyjanoblik, ezgu fazilatlar ulug‘lanadi.
Asardan o‘rin olgan ijodiy ishlarining ayrimlari, shuningdek, tarjimalari, turli davrlarda «Bekajon», «Intellekt», «Ma’naviyat sarchashmalari», «Samarqand yoshlari», «Ulug‘ yo‘l», «Tibbiyot va hayot» gazetalari, «Sharq yulduzi», «Mushtum», «Jahon adabiyoti», Turkiyaning «Gunchel Sanat», Ozarbayjonning «Yazarlar» jurnallarida, «Ziyo.uz», «Nodirabegim.uz», «Muzaffar.uz», Bangladeshning «Humayuns Editorial» elektron adabiy nashrlarida chop etilgan.
Albatta, katta salohiyatga ega, mehnatkash, jahon adabiyotini ko‘p o‘qiydigan, muntazam tarjimalar mashq qilib kelayotgan, lekin imkoniyatlarini hali to‘liq ishga solib ulgurmagan Mastura Abduraimning ushbu ilk nashri – «Istisno» keng jamoatchilikda o‘zining munosib aks-sadosini berishiga, kelgusida uning yuksak badiiylikka yo‘g‘rilgan ijodiy ishlari xalqimizga qayta-qayta tuhfa etilishiga ishonchim komil.
Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter