Suriya uch davlatdan mahsulot olib kirishni taqiqladi

Suriyaning yangi hukumati mamlakat hududiga Rossiya, Eron hamda Isroildan mahsulot olib kirishni taqiqladi. DW nashri Al Arabya’ga tayanib xabar berishicha, moliya vazirligi mazkur uch davlatdan mahsulot keltirish holati aniqlansa, ular musodara qilinishini bildirgan.
Yangi hukumat, shu bilan birga, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun amaliyotlarni dollarda olib borishga ruxsat bergan va bojxona to‘lovlarini 50-60 foizga kamaytirgan.
Boj yengilliklari xorijiy davlatlardan mahsulot importiga keng yo‘l ochishi kutilmoqda. Hozirdanoq poytaxt Damashqdagi do‘konlarda Turkiya, Saudiya Arabistonining oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib xalqaro brendlar tovarlariga qadar sotilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil mahsulotlarini Suriyaga olib kirishga taqiq ancha yillar avval joriy etilgan. Ya’ni yangi ma’muriyat eski taqiqni kuchda qoldirdi, xolos.
Muvaqqat hukumat Isroil va Eron fuqarolarining Suriya kirishini ham man etgan. Rossiya fuqarolariga bu taqiq qo‘llanmaydi.
O‘z navbatida, Rossiya «yangi hukumat bilan munosabatlardagi mavhumlik va to‘lovdagi kechikishlar sabab» Suriyaga bug‘doy sotishni to‘xtatib qo‘ygan.
Ayni paytda Rossiyaning Suriya hududidagi Xmeymim va Tartus harbiy bazalari taqdiri ham noma’lumligicha qolmoqda.
2024-yil 8-dekabr kuni «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar Damashqni egallab, Bashar Asadning 24 yillik hukmronligiga chek qo‘ygan edi. Ayni paytda mazkur guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi rahbari bo‘lib qolmoqda.
Hozirga qadar Turkiya, AQSh, Germaniya, Fransiya va arab davlatlari rasmiy delegatsiyalari Damashqqa tashrif buyurib, muzokaralar o‘tkazdi. Ammo Rossiyadan birorta delegatsiya kelganicha yo‘q. Xabarlarga ko‘ra, yaqin muddatda Rossiya prezidentining Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakili Mixail Bogdanov Damashqqa tashrif buyurib, yangi ma’muriyat bilan uchrashadi.
Suriyaning yangi hukumati davlat xizmatini shakllantirish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashlagan.
Suriyada saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish to‘rt yilga qadar muddatni olishi mumkinligi aytilgan.
Ahmad ash-Shar’a AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Damashqqa nisbatan avval joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishiga umid bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter