Sun’iy intellekt va raqamlashtirish: Germaniya huquqiy axborot tizimi misolida

Germaniya Federativ Respublikasi qonun ijodkorligi, qonunlar ijrosini ta’minlash va uni aholi keng qatlamiga yetkazish sohasida yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Ayni paytda, nemis qonunchiligi nisbatan murakkab tili va o‘ziga xos texnikasi bilan ham ajralib turadi.
Biroq, bu atayin aholiga tushunish qiyin bo‘lishi uchun joriy qilingan tizim emas.
Qonunlarning murakkabligi shunchaki ularni qabul qilishda juda ko‘plab organlar jalb qilinishi, ko‘pincha qiyin mavzularning bir necha marta tekshirilishi hamda bu haqda barcha fuqarolarga doimiy ma’lumot taqdim etib turilishi bilan izohlanadi.
Jarayonning murakkabligi aslida demokratiya va qonun ustuvorligi tamoyillarini aks ettiradi. Mazkur tamoyillar e’tiborga olinmaydigan joylarda — totalitar rejimlar va harbiy diktaturalarda qonunlarni qabul qilish tez va oson kechadi. Bunday davlatlarda qonunlarning ijrosi adolatsiz va samarasiz bo‘lishi ham tasodifiy hol emas.
Germaniyaning yangi qabul qilingan qonunlari Germaniya Federal qonun gazetasi (Bundesgesetzblatt) orqali e’lon qilinadi. Mazkur gazeta (I, II va III qismlardan iborat) mamlakatning rasmiy nashri hisoblanadi. U birinchi navbatda federal qonunlarni e’lon qilish manbasi bo‘lib, Bonn shahrida Federal Adliya va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (Bundesministerium der Justiz) tomonidan nashr etiladi.
Bundesgesetzblattda qonunning e’lon qilinishi qonunchilik jarayonining yakuniy bosqichidir. Bu har qanday qonunning kuchga kirishi uchun rasmiy talab sanaladi (Germaniya konstitutsiyasining 82-moddasi 1-qismi 1-bandi). Federal qonun gazetasi 1998 yildan internetda elektron shaklda ham e’lon qilinib kelmoqda.
Shuningdek, Germaniyada aholining keng qatlamiga 16 federal yer (Die Länder) rasmiy manbalari orqali ham huquqiy axborot berib boriladi.
Federal ma’muriy qoidalar va tartib-taomillarni, yangi qabul qilingan qonun hujjatlari bo‘yicha tavsiyalarni ijrochilarga yetkazishda qator manbalar mavjud bo‘lib, Bundesanzeiger jurnali va Federal ichki ishlar vazirligi nashri bo‘lgan Gemeinsames Ministrialblatt (Hukumat vazirliklarining qo‘shma gazetasi) ularning eng asosiylari hisoblanadi.
Bundan tashqari, qonunchilikning muayyan tor sohalari bo‘yicha nashrlar — Federal mehnat vazirligining Bundesarbeitsblatt (Federal mehnat qonuni gazetasi) yoki Federal moliya vazirligining Bundessteuerblatt (Federal soliq gazetasi) nashrlari ham ijrochilar uchun muhim axborot manbasi sanaladi.
XX asrning 70-yillarida Federal adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Juris» ma’lumotlar bazasi, shubhasiz, Germaniyaning eng asosiy huquqiy axborot tizimi hisoblanadi. Ushbu yuridik ma’lumotlar bazasi yillar davomida huquqiy hujjatlar va sud qarorlarini yagona platformada to‘plash orqali yuridik axborot bilan tanishish imkoniyatini demokratlashtirdi. Mazkur manba ko‘p jihatlari bilan milliy qonunchiligimizdagi «Lex.uz» portalini eslatadi. E’tiborli tomoni, Germaniyadagi «eng qadimgi» yuridik ma’lumotlar bazasi sanalgan «Juris» 1980-yillarda xususiylashtirilgan. Aksariyat ulush hali ham Germaniya federal hukumatiga tegishli, qolgan aksiyalarni bir necha yil oldin Niderlandiyada joylashgan «Sdu» nashriyoti sotib olgan.
Yaqinda Germaniya hukumati «Juris» bazasi bilan hamkorlikda federal ma’muriy qonun-qoidalar uchun maxsus raqamli portal — Vervaltungsvorschriften im Internetni ishga tushirdi. Ushbu portal keng jamoatchilikka turli federal hukumat vazirliklari tomonidan chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan bepul tanishish va foydalanish imkonini berdi. Vakolatli federal organlar tomonidan doimiy ravishda yangilanib turilgani bois ular «tirik hujjatlar» deb ataladi.
2020-yillardan boshlab «Juris» tizimiga sun’iy intellekt (SI) algoritmlari integratsiya qilinib, foydalanuvchilar uchun kontekstual qidiruv, hujjatlar tahlili, SI asosidagi yuridik maslahatlar va «smart search» funksiyalarini amalga oshirish imkonini berdi (Braegelmann, 2021; Schveighofer, 2022).
O‘zbekistonning «Lex.uz» milliy qonunchilik portali Germaniyaning «Juris» tizimiga ma’lum darajada o‘xshash, ammo hali sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan tahlil va kontekstual hujjat bog‘lanmalarini taqdim eta olmaydi. Shu sababli quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni dolzarb deb bilamiz:
- Ma’lumotlar bazalarining avtomatik tahlili — O‘zbekiston qonunlari o‘rtasidagi kolliziyalar, takrorlanishlar va mantiqiy uzilishlarni avtomatik va tez fursatda aniqlash:
- Blokcheynli notarial ro‘yxatlar — rasmiy e’lonlarning o‘zgarmasligini va haqiqiyligini kafolatlash;
- Chatbot-yordamchi huquqiy maslahatchilar — oddiy fuqarolar va tadbirkorlar uchun qonun bilan bog‘liq savollarga tezkor javob beruvchi sun’iy intellekt dasturlarini joriy etish;
- LegalTech startaplarni qo‘llab-quvvatlash — xususiy yuridik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati beruvchi dasturlar va texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash.
Xulosa qilib aytganda, Germaniyada huquqiy axborot tizimining raqamlashtirilishi va SI texnologiyalarining integratsiyasi huquqiy tizimning shaffofligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. O‘zbekiston huquqiy tizimida ham shu kabi yondashuvlar, xususan, «Lex.uz» portalida SI imkoniyatlaridan foydalanish, notarial amaliyotda blokcheyn texnologiyasini joriy qilish bizni zamonaviy huquqiy davlat sari yanada yaqinlashtiradi.
Nasim Nosirov,
Biznesda sun’iy intellekt regulatsiyasi
va strategiyasi bo‘yicha ekspert
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter